17 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,7 °C

Sport
11 Iyun  2019 690

Xokkeyni chinakam... bolakaylar o‘ynaydi

Poytaxtimizdagi «Humo Arena» majmuasida ilk marotaba tashkil etilgan o‘smirlar terma jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan «Tashkent Cup» Xalqaro xokkey musobaqasida «Binokor» klubi rahbari Alisher Azimov shogirdlari g‘oliblikni qo‘lga kiritganini «Pravda Vostoka» xabar qilgandi.

– Bu yog‘iga an'anaviyga aylanadigan ilk turnirida besh jamoa ishtirok etdi, – deydi u suhbatimiz boshida. – Bular Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Latviyadan kelgan mehmonlar, shuningdek, rezerv maktabimiz yosh xokkeychilari - «Binokor» va «Toshkent Siti».

– Bunday musobaqalarni o‘tkazish g‘oyasi qanday paydo bo‘ldi? Nima uchun aynan, ana shu mamlakatlar vakillari «Humo Arena» muziga chiqishdi?

– Gap shundaki, xokkey klublari rahbarlarining ko‘pchiligi menga yaxshi tanish. Bir paytlar latishlar bilan Birlashgan Arab Amirliklari professional ligasida o‘ynaganmiz. BAA chempionatida ishtirok etgan klublarning ko‘pchiligi asosini tashkil etadigan kanadalik legionerlar bilan besh yil birgalikda muzga chiqqanmiz. Qozog‘istonlik hamkasblar bilan do‘stona munosabatlar rivojlandi. Bolalarimiz ushbu mamlakat bolalar va o‘smirlar birinchiligida to‘rtinchi yil ishtirok etmoqda. To‘g‘ri, ular hali g‘olib bo‘lishmadi, lekin shohsupaga juda yaqin borishgan. Ushbu mavsumda to‘qqizta o‘smirlar jamoalari orasida to‘rtinchi o‘rinni egalladilar.

– Nihoyat, joriy yilning aprel oyida Bishkekda o‘tkazilgan nufuzli xalqaro turnirdan so‘ng Qirg‘iziston bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatildi, – deya davom etdi Azimov. – Bishkekda «Riga» klubi vakillarini mag‘lubiyatga uchratdik (2:1). «Binokor» bullitlar seriyasidan so‘ng Chexiya vakillaridan ustun keldi, keyin Sankt-Peterburgning SKA klubi mag‘lub (5:2) etildi. Yarim finalda AQSh chempionati g‘oliblari ustidan (2:1) g‘alaba qozonildi. Va faqat finalda musobaqa mezbonlariga mag‘lub bo‘lib, ikkinchi o‘rinni egalladik.

O‘shanda shu kabi turnirni Toshkentda ham tashkil etish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Ob’ektiv sabablarga ko‘ra Rossiya, Chexiya va AQShdan jamoalarning kelmagani afsuslanarli, albatta. Shu bilan birga, kelgusida bizda xokkeyni rivojlantirish uchun qanday sharoitlar yaratilganini bilgach, xalqaro standartlarga javob beradigan va Markaziy Osiyoda o‘ziga xos yagona bo‘lgan «Humo Arena» majmuasiga albatta, tashrif buyurishlariga ishonchim komil.

– Bu mavsumda ilk bor to‘rtta professional jamoa o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tdi. Nima uchun «Tashkent Cup»da faqat «Binokor»gina o‘smirlar jamoasini taqdim etdi? Nahotki, faqat klubingizgina faxriylarga o‘rinbosarlar tayyorlasa? Buni tan olish kerak negaki, aynan ular  medallar uchun kurashishdi, yoshlar emas.

– Albatta, o‘z yoshlar tarkibiga ega boshqa jamoalarimizni ham taklif etdik. Biroq ular ayni damda musobaqalarga tayyor emaslar. Savalashlari uchungina muzga chiqishni istashmagan, shekilli. Agar «Binokor» tarkibida asosan o‘n bir yoshli o‘smirlar bo‘lsa, «Toshkent Siti»da hatto, to‘qqiz yashar bolalar ham bor edi. Darvoqe, ular uchinchi o‘rinni egallashdi.

– 2014-yilda sizdan intervyu olayotganimda bolalar seksiyasini ochmoqchi ekaningizni aytgansiz. Tan olib aytaman, bunga o‘shanda ishonmagandim. Bir necha xokkeychilarni topasiz-da, ular bilan oddiy turnir o‘tkazib, shu tariqa O‘zbekistonda ushbu mardonavor sport turi haliyam tirik ekanini ko‘rsatasiz, deb o‘ylagandim…

– «Binokor» tarqab ketgach, respublikamizda chindan ham, xokkey rivoji to‘xtab qoldi. O‘zim esa 1988-yil endigina zaxiralarni tayyorlash guruhidagi mashg‘ulotlarni yakuniga yetkazgandim. Armiyada xizmat qildim, Dubayda ishladim. Birlashgan Arab Amirliklarida chempionat o‘tkazilayotganini tasodifan eshitib qoldim. Test sinovlaridan o‘tganimdan so‘ng professional klubga qabul qilishdi va olti mavsumni u bilan o‘tkazdim. Lekin baribir uyga qaytishni istardim. 2013-yilda Toshkentga qaytib, bir nechta muz maydonlari ochilganini eshitdim. Konkida uchish maydoni bor Furqat parki rahbarlari bilan kelishgan holda bir vaqtlar «Binokor»da birga shug‘ullangan erkaklar jamoasini to‘pladim. Ular bir necha marta namoyish o‘yinlarini o‘tkazdik. Shundan so‘nggina hammuassis Abdumajid Nosirov va boshqa o‘rtoqlarim «Binokor»ni qayta tiklash loyihasini qo‘llab-quvvatladilar. Biroq bir majburiy shart qo‘yildi - bolalar jamoasini shakllantirish. Bu o‘tgan vaqtlarni qo‘msash emas, balki xokkeyni ommalashtirish borasidagi strategik vazifa edi. Shunday qilib, orasida hamkasblarimning farzandlari ham bo‘lgan shogirdlar yig‘ildi, keyin ular xokkeyga televizor orqali emas, balki chinakamiga qiziqib ketishdi. Hozirda yuzdan ortiq bolalar bilan mashg‘ulotlar o‘tkazyapmiz.

– Mashg‘ulotlar, muz maydonini ijaraga olish, xokkey kiyimlari, musobaqalarga borish - bularning bari katta moliyaviy xarajatlarni talab etadi. Bunda kim yordam berdi?

– Dastlab, chiqimlar klubning ota-onalar kengashi tomonidan qoplandi. Furqat nomidagi istirohat bog‘i ma'muriyati imtiyozli shartlarda muz maydonini taqdim etdi, keyin - «Next» savdo majmuasi ta'minladi. O‘zbekiston xokkey Federatsiyasi tashkil etilgach, ushbu jamoat tashkiloti raisi o‘rinbosari Iskandar Shodiyev ko‘magida imkoniyatlarimiz yanada oshdi. Lekin asosiysi, hozir zamonaviy bazamiz bor - «Humo Arena» muz saroyi.

– Aytishlaricha, o‘z yosh toifalarida «Binokor» maktabi o‘quvchilarini xorijiy klublarga ham taklif qilishmoqda ekan. Agar sir bo‘lmasa, qaysi klublarga va kimlarni?

– Xalqaro turnirlarga borish, Rossiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish bir nechta tarbiyalanuvchilarimizning ko‘zga tashlanishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Jasur Rustamxonovni nufuzli yoshlar divizionida ishtirok etadigan «Avtomobilist» (Yekaterinburg) farm klubiga taklif qilishdi. Shuni ta’kidlashni istardimki, Jasur nafaqat iste’dodli xokkeychi, balki Butunjahon matematika olimpiadasi g‘olibi ham. Chet ellik hamkasblar o‘g‘lim - Salohiddin bilan qiziqmoqda. Uni «Neshvill» klubi xokkey akademiyasiga (Tennessi shtati, AQSh) taklif qilishdi. Lekin u hozir o‘n bir yoshda va qabul qilish o‘n uch yoshdan. Ikki yil kutishga tayyormiz. Bir qator yosh iste’dodli bolakaylarimizga ham Qozog‘iston va Belorusiyadan takliflar tushgan.

– Nihoyasiga yetgan bolalar xokkey mavsumi juda mazmunli o‘tdi. Keyingi rejalar qanday?

– Yozgi ta'tildan so‘ng avgust oyida Toshkent viloyatidagi «Rakinur» sanatoriyasida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari rejalashtirilgan. Va keyin to‘rt turdan iborat Qozog‘iston ochiq birinchiligida ishtirok etamiz. Nafaqat Qirg‘izistondagi turnirda, balki uzoq xorijda ham ishtirok etish ko‘rib chiqilmoqda. Umid qilamanki, «Tashkent Cup» ishtirokchilari soni, jumladan, yurtimiz klublari hisobiga ham, kengayadi.

Timur Nizayev.

«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech