24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,7 °C

Bilasizmi?
4 Iyul  2019 504

Antarktidada lavali ko‘l bor

Britaniyalik olimlar harakatdagi Maunt Maykl vulqoni ichida joylashgan barqaror lavali ko‘l haqida ma'lum qilishdi.

Undan tashqari, sayyoramizda yana yettita ana shunday ko‘l mavjud, deya yozadi «Journal of Volcanology and Geothermal Research» jurnali.

Vulqonning aholi hududlaridan juda uzoqdaligi va uning murakkab geologik muhiti tadqiqotlar olib borishni qiyinlashtirgan. Maunt Maykl Atlantikaning subantarktik Janubiy Sendvich orollaridagi ko‘zdan ancha pana Sonders orolining eng yuqori qismida joylashgan.

Oroldagi vulqonning faolligi ikki yuz yildan beri davom etmoqda.

Sondersga ilmiy ekspeditsiyalar vaqti-vaqti bilan uyushtirilib turilgan, albatta. Lekin hech qachon biror kishi uning tepasiga ko‘tarilmagan - u muntazam bug‘ ta'siridagi qalin va o‘ta yumshoq qor qatlami bilan qoplangan. Bunday sharoitda yuqoriga ko‘tarilish amalda hech bir ilojsiz bo‘lib qoladi.

1990-yillarda sun'iy yo‘ldoshlar Maunt Mayklda termal anomaliyalarni qayd etdi va olimlar birinchi marta kraterda lavali ko‘l bo‘lishi mumkinligi borasidagi taxminga kelishdi.

Vulqon otilishi paytida kuzatiladigan qisqa muddatli lavalardan farqli o‘laroq, bunday ko‘llar yuz yillar davomida mavjud bo‘lishi mumkin.

Ma'lum bo‘lishicha, uning ichida 110 metr kenglikdagi va Selsiy bo‘yicha 1279 daraja haroratli doimiy lavali qatlam borligi aniqlandi.

Mualliflar orolda vulqon faoliyati haqida yangi ma'lumotlar olingani va kosmosdan turib ularni kuzatish usullari takomillashtirganini qayd etdilar.

Eslatib o‘tamiz, lavali ko‘llarga ega boshqa mashhur vulqonlar Kongo Demokratik Respublikasi (Niragongo), Efiopiya (Erta Ale), Antarktida (Erebus), Vanuatu (Yasur va Ambrim), Gavayi (Kilauea) va Nikaragua (Masaya)da mavjud.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech