16 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Madaniyat
30 May  2019 797

Milliy kinosanoatimizning Kanndagi yutuqlari

Qatorasiga mana, ikki yil davomida Kannda O‘zbekiston paviloni rasman tashkil etilgan va 1959-yildan buyon xalqaro kinofestivalga parallel ravishda o‘tkaziladigan «Marche du Film» kinobozorida joylashgan. Xo‘sh, safar yakunlari bo‘yicha mutaxassislarimiz ushbu sanoat mutaxassislari bilan aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirish, kelajakdagi istiqbollar qanday bo‘lishi kabi asosiy maqsadlarga erisha oldimi?

San'at, urf-odatlar, hayotni qabul qilishning o‘zi - bu xalqning o‘ziga xosligini, boshqalardan ajralib turishini ko‘rsatadi. Milliy madaniyat dunyosi shunchalik kengki, u mamlakatga sayyohlar va biznes-sheriklarni jalb qilishi, butun dunyoning o‘zi haqida so‘zlashiga majbur etishi mumkin. O‘zbekiston ham ana shunday ajoyib merosga boy davlatlardan biri hisoblanadi. Bu yog‘iga endi o‘zini namoyon qilishi lozim. Yurtimiz tabiatining xilma-xilligi va mintaqaning o‘ziga xosligini namoyish qilishda kino buni qanday amalga oshirish lozimligi borasidagi savolga aniq-taniq javoblardan biriga aylanadi.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2018-yil 24-iyuldagi «Milliy kinoindustriyani rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida «...har yili eng yaxshi mahalliy kino mahsulotlarini Kann, Berlin, Venetsiya, Rotterdam, Pusan, Moskva va boshqa mashhur xalqaro kinofestivallarda namoyish etish ta'minlansin» topshirig‘i berildi. Negaki, ularning har biri atrofida taniqli san'at namoyandalarini to‘playdi va bu maydonlarda yuz berayotgan voqealar deyarli barcha davlatlarning ommaviy axborot vositalari tomonidan yoritiladi. Unda qatnashish - salohiyatimizni eng yuqori minbarlardan turib namoyish etish demakdir.

Blokbasterlar uchun kolorit va joy

O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Kinematografiyani rivojlantirish markazi, Milliy kinokomissiya va O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan delegatsiyamizga boshidanoq keng ko‘lamli vazifalar yuklatildi. Shunday qilib, avvalo, filmni suratga olish uchun qulay mahalliy joylarni topish lozim bo‘ladi. Keng koloritli manzaralarga ega mamlakatimizga mashhur kino ijodkorlarini taklif qilish, filmlarni birgalikda ishlab chiqarish uchun xorijiy kompaniyalarni jalb qilish g‘oyasini amalga oshirsa bo‘ladiganday ko‘rindi. Ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlandi ham.

– Kinobozor geografiyasi yildan-yilga kengaymoqda va unda O‘zbekistonning qatorasiga ikkinchi yili ishtirok etayotgani quvonarli, – deydi tadbirni shaxsan o‘zi ochgan va keyin respublikamiz pavilonini borib ko‘rgan «Marche du Film»ning bosh tashkilotchisi Arnaud Menindes. – Tasvirga olish uchun qulay diqqatga sazavor joylar boshqalarni yurtingizga jalb qiladi. Umid qilamizki, yaqin kelajakda mamlakatingizda suratga olingan filmlarni ham tomosha qilamiz. Yorqin ranglar, Sharqning o‘ziga xos sirliligi, jonli, har qanday sun'iylikdan holi go‘zalligi - bu hozirda juda qadrlanmoqda va unga favqulodda talab mavjud. Sizlarda ana shular va yana boshqa ko‘plab xazinalar bor.

Shuningdek, O‘zbekistonda ham katta maydon mavjud – joriy yilning 26-30-noyabr kunlari yurtimizda o‘tkaziladigan «PROlogue» xalqaro kinofestivali hisob bo‘yicha beshinchisi bo‘ladi. Shunday qilib, delegatsiya zimmasiga yana bir muhim vazifa topshirildi: tadbirda ishtirok etish uchun jahon darajasidagi hakamlar hay'atini jalb qilish. Masalan, pavilonimizga tashrif buyurgan Kann kinofestivali sovrindorlari - rejissyor va «Ayka» dramasi ssenariysi muallifi Sergey Dvorsevoy va uning filmida bosh rolni ijro etgan qozog‘istonlik aktrisa Samal Yeslyamovalar taklifnoma oldilar. Samal Yeslyamova 2018-yilda eng yaxshi ayol roli uchun mukofotga loyiq topilgan.

– Mamlakatingizga tashrif buyurish, kinofilmlarni tomosha qilishdan xursand bo‘laman, va albatta, festivalda ishtirok etishga harakat qilaman, – deydi S. Dvorsevoy. – Bilaman, O‘zbekistonda kinosanoat yanada rivojlana boshlagan, tomoshabinni yana jalb etish va dovrug‘ qozonish imkoniyatiga ega. Endi soha bilan shug‘ullanishning ajoyib vaqti keldi: hozirgi zamonaviy texnikalar biz ilgari tasavvur ham qila olmagan orzularimizni ro‘yobga chiqarish imkonini beradi, ijod uchun barcha sharoitlar mavjud. Tomoshabin esa shu choqqacha misli ko‘rilmagan, asl, haqqoniy, betakror va etni jimirlatadigan asarlarni kutmoqda.

– Afsuski, sizga qo‘shni davlatda yashasam-da, hozircha O‘zbekistonda bo‘lish nasib etmagan, – deya qo‘shimcha qiladi S. Yeslyamova. – Lekin Samarqand, Buxoro, Toshkent haqida ko‘p eshitganman. O‘zim asrlardan ham ko‘proq tarixga ega shaharlarni yaxshi ko‘raman. Va hozir katalogdagi suratlarni ko‘rayotib, ushbu mamlakatning qanchalik qiziqarli ekanini, u yerda diqqatga sazavor joylarning naqadar ko‘pligini tasavvur qilyapman. Rosti, endi yurtingizda bo‘lishni avvalgidan ham ko‘proq istab qoldim. «PROlogue»da ishtirok etishimdan mamnunman. Bundan tashqari, bu o‘zbekistonlik kino arboblari haqida yaxshiroq bilib olish imkoniyatidir, boz ustiga, u yerdagi jarayonlar o‘zingiz band bo‘ladiganga o‘xshashmi yoki farq qiladimi, hamisha bilgingiz keladi.

Shu bilan birga «PROlogue-2019» retrospektiv namoyishi doirasida fransuz kinoijodkorlarining o‘ndan ortiq asarlari namoyish etilishi ma'lum bo‘ldi.

Sermahsul uchrashuvlar

«Marche du Film»da O‘zbekiston paviloni shuningdek, boshqa mamlakatlardan kelgan ko‘plab yo‘nalishlar vakillarni ham o‘ziga jalb qildi. Mutaxassislarimiz ular bilan sohaning asosiy yo‘nalishlari va qo‘shma loyihalarni muhokama qilishdi.

Masalan, Tokio kinokomissiyasi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqib qoldi va O‘zbekiston salohiyatidan hayratga tushdi. Buyuk Britaniya va Rossiya qo‘shma kinoloyihalarni ko‘rib chiqmoqda. Kinoasarni yaratishda, agar hammasi rejaga muvofiq ketsa, respublikamiz nafaqat joylarni taqdim etishi, balki uni yaratishda ham hamkor bo‘lishi mumkin. Loyiha yakunida asar Kann festivalida namoyish etish uchun taklif etiladi, keyin jahon bo‘ylab katta ekranlarda qo‘yiladi.

Prodyuserlardan germaniyalik Viet Xelmer va ukrainalik Vladimir Filippinovlar ham qo‘shma kino ishlab chiqarishni taklif etishdi. Suhbat chog‘ida tomonlar mamlakatimizning madaniyati va tilini yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan film yaratish g‘oyasini muhokama qildilar.

Nufuzli «American Film Market» kinobozori tashkilotchilari bilan u yerda davlatimizning ishtirok etishi imkoniyati muhokama qilindi. Hozircha bu borada faqat rejalargina mavjud, ammo bu ham chakki boshlash emas. «European Film Market» kinobozori (u uch yirik xalqaro kinomaydonlar sirasiga kiradi) direktori bilan «Berlinale-2020»ning yetmish yillik yubiley kinobozoriga mamlakatimizni jalb etish muhokama qilindi.

O‘zbekistonning Kinokomissiyalar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Film Commissioners International - AFCI)ga a’zo bo‘lgan Markaziy Osiyoda birinchi davlatga aylangani haqidagi xushxabar Kann safari yakunlarining yana bir muhim natijasi bo‘ldi. Milliy kinokomissiyasining tegishli sertifikatini esa tashkilot prezidenti Jess Konoplia taqdim etdi. A’zolik mashhur ishlab chiqaruvchilar va kinokompaniyalarning O‘zbekistonni kashf etishi uchun ma'lumotlar bazasiga kirish imkonini beradi. Shuningdek, endilikda soha vakillari xorijiy konferensiya va seminarlarga yanada faol jalb etila boshlaydi. Xullas, oldinda hali ish ko‘p.

Sabina Alimova.

«Pravda Vostoka».

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech