14 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,2 °C

Agrosеktor
17 Dekabr  2018 2105

Тalablar - yangicha, mutaxassislar esa... o‘sha-o‘sha

Bunday davom etishi mumkin emasdi. Yo‘qsa, iqtisodiy nochor fermer xo‘jaliklari boshqa korxonalarni ham jarlikka tortib ketardi. Har yili mamlakatimiz aholisi yarim million kishiga o‘smoqda. Oziq-ovqat xavfsizligi masalasi qishloq xo‘jaligi tarmog‘iga bozor tamoyillari va boshqaruvning zamonaviy usullarini kechiktirmay tatbiq qilishni talab etadi. So‘nggi ikki yil mobaynida ushbu yo‘nalishda ishlarning yaxshilanayotgani ko‘zga tashlanyapti, albatta. Ammo ba'zi hollarda bir muammo o‘rniga ikkinchisi paydo bo‘lmoqda.

Mustaqillikning ilk yillarida ishlab chiqilgan markazlashgan tartibda fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar tuzish mexanizmi haliyam mavjud va deyarli hyech bir o‘zgarishsiz amal qilmoqda. Shartnomalarda ko‘rsatib o‘tilgan mahsulot turlarini ishlab chiqarish va davlatga topshirish majburiyatlari aks etadi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘rtacha hosildorlikni rejalaydi va davlat buyurtmasini bajaruvchining moliyaviy va moddiy-texnik ta’minoti shunga bog‘liq bo‘ladi.

Bunda barcha fermer xo‘jaliklari teppa-teng, ya'ni markazlashtirib yaratiladigan me’yorlar asosida urug‘, yonilg‘i-moylash materiallari, mineral o‘g‘itlar va ekinlarni himoyalash uchun kimyoviy vositalar bilan ta’minlanadi. Qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash ham bir xil.  Hozirga qadar bajaruvchilarga maxsus hosil qilingan Davlat fondi hisobidan davlat buyurtmasi summasining 60 foizi miqdorida imtiyozli kredit taqdim etilar, uning miqdori har yili Moliya vazirligi belgilaydigan xarid narxiga bog‘liq bo‘lardi.

Bir qarashda fermerlarga moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish uchun ideal sharoitlar yaratilganday tuyuladi. Amalda esa, garchi olingan majburiyatlarni uddalagan bo‘lishsa-da, har yili ularning uchdan bir qismi, ob-havo noqulay kelgan yillarda xo‘jaliklarning kattagina qismi mavsumni zarar bilan yakunlaydi.

Ushbu vaziyatdan chiqish uchun davlat 2007-yilda fermer xo‘jaliklarini yiriklashtirib, optimizatsiyalashni boshladi. Bunda olinadigan daromad massasi oshib, qimmat turuvchi texnikalarni sotib olish yengilroq bo‘lishi nazarda tutilgandi. Lekin bu amaliyot kutilgan natijani bermagach, ularni mayda-mayda xo‘jaliklarga bo‘lishga qaror qilindi. Bu qancha ko‘p xo‘jalik bo‘lsa, aholi bandligi shuncha ko‘p ta’minlanadi, degan mantiqqa asoslangandi. So‘nggi olti-yetti yil davomida esa, agar fermer xo‘jaliklari ko‘ptarmoqliga aylantirilsa, muammolarni yechish osonlashishi ma’lum bo‘lib qoldi.

Bunda g‘oya shunday edi: g‘alla va paxta yetishtirilishidan ko‘rilgan zarar, parallel ravishda yetishtirilayotgan, deylik, sabzavotlardan keladigan daromad bilan qoplanishi kerak. Ammo bunday ishni faqat yuqori malakali mutaxassisgina eplay olishi yana e’tiborga olinmadi. Xullas, ko‘rilgan chora-tadbirlar ham paxta va g‘alla yetishtiruvchi xo‘jaliklarning samarali faoliyat olib borishi masalasini hal etishga yordam bermadi. Bunga respublika bo‘yicha iqtisodiy nochor xo‘jaliklarning soni ko‘payganini misol keltirish mumkin. Bugun na bankrot, deya tugatilmagan va na qarzlari kattaligi sababli risoladagiday faoliyat olib bora olmayotgan bunday xo‘jaliklar soni bir necha mingtani tashkil etadi.

Ushbu muammoning o‘sib borishi 2017 yilga qadar, ya'ni valyuta bozorining liberalizatsiya qilingunicha davom etdi. Shundan so‘ng vaziyat yaxshi tomonga o‘nglana boshladi. Bunda savol tug‘ilishi tabiiy: g‘alla yetishtirishning milliy valyuta kursini belgilashga qanday aloqasi bor? Ma'lum bo‘lishicha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi bor ekan. Gap shundaki, paxta va g‘allaga baho belgilanishi boshdanoq dunyo narxlariga bog‘liq etib qo‘yilgan. Biroq global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz natijasida bozor kon’yunkturasi yomonlashib, paxta narxi tushib ketdi. Boshqa muammo paydo bo‘ldi: Markaziy bank belgilaydigan dollar kursi va birja kursi o‘rtasidagi farq kattalasha boshladi. Valyuta bozori liberalizatsiya qilingunga qadar  u ikki baravarga oshib ketgani sir emas. 2016 yilda paxta xomashyosining o‘rtacha xarid narxi 1,2 million so‘mni tashkil etardi. Markaziy bank kursi bo‘yicha bu salkam 300, bozor narxida 150 dollarga teng edi. Davlat fermerlarga bir tonna tola uchun 450 dollar to‘lardi va 1600 dollarga eksport qilardi.

Ortiq bunday davom etishi mumkin emasdi va baholashdagi nuqsonni to‘g‘rilash talab etilardi. Negaki, iqtisodiy nochor fermer xo‘jaliklari qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatadigan sanoat, suv xo‘jaligi va boshqa korxonalarni jarlik tomon torta boshlagandi.  2017-yilda davlatimiz rahbari tomonidan vaziyatni tubdan o‘zgartirish to‘g‘risidagi uzoq kutilgan qaror qabul qilindi. Paxta va g‘allaning xarid narxi mos ravishda 50 va 20 foizga oshirildi. 2018-yilda paxta xomashyosi jahon darajasiga ko‘tarildi, g‘allaning qiymati yana 35 foizga oshdi. Endilikda imtiyozli kreditlar davlat buyurtmasi summasi miqdorida to‘liq hajmda berilmoqda. Moliyaviy muammolar hal etilgan, davlat buyurtmasini bajarish bilan bog‘liq chigal holatlarning paydo bo‘lishiga asos yo‘qday edi go‘yo.

Biroq OAVning guvohlik berishicha, ayrim viloyat va tumanlar hokimlari tarmoq rivojiga hissa qo‘shuvchi fermer xo‘jaliklari va boshqa shaxslarga nisbatan haliyam eski ma’muriy ta’sir ko‘rsatish usullarini qo‘llashda davom etmoqda. Buning sabablarini o‘rgangan hukumat tomonidan 2018 yil 27 noyabrda kelgusida yetishtiruvchilarni moddiy rag‘batlantirib borishga yo‘naltirilgan «Boshoqli don yetishtirishni yanada rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror qabul qilindi.

2019 yildagi g‘alla hosili uchun 1 tonnasining xarid narxi 1,2 million so‘m bo‘lishi davlat tomonidan belgilab qo‘yildi. Bu joriy yildagidan 60 foizga yuqori. Endi sug‘oriladigan maydonlarda yetishtirilgan boshoqli don hosildorligiga qarab, davlat xaridi uchun yetkazib berilgan don xarid narxiga ustama yoki chegirma qo‘llaniladi: 30 sentner va undan kam bo‘lganda – 25 foizlik chegirma, 31 dan 40 sentnergacha – 15 foiz, 41 dan 50 sentnergacha bo‘lganda 10 foizlik ustama va hokazo.

Agar fermer xo‘jaligi don yetishtirish bo‘yicha hosildorlikni 30 sentnerga yetkaza olmasa, yer solig‘i stavkasi ikki baravarga, bordi-yu, 30 dan yuqori va 40 sentnerdan past bo‘lsa, soliq stavkasi bir yarim baravarga oshadi. Hosildorlik oshib borishiga qarab, dastlabki narxga tabaqalashtirilgan ustama qo‘llaniladi. Sug‘oriladigan yerda gektaridan 40 sentnerdan kam hosil ko‘tarish «erga xiyonat», deya qabul qilinadi.

Bu bozor usullari asosida ishlab chiqarish munosabatlaridagi muammolarni hal etishga qaratilgan sa'y-harakatdir. Ammo ularsiz kutilgan natijaga erishish qiyin bo‘lgan ba'zi omillar inobatga olinmagan.

Soliqqa tortish va baholash ball-bonitetda belgilanadigan yerlarning sifatiy parametrlariga bog‘lanmagan. Xo‘jaliklarning texnik ta’minlanganlik darajasidagi prinsipial farqlarning mavjudligi e'tibordan chetda qolgan. yer solig‘i stavkalarini 1,5 va 2 baravarga ko‘paytiruvchi koeffitsientlarning qo‘llanilishi fermer xo‘jaliklari faoliyatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi va zararni yerni ijaraga berib bemalol qoplasa bo‘ladi. Bundan tashqari, shartnoma shartlarini buzgani uchun suv xo‘jaliklari tashkilotlarining ham moddiy javobgarligi qonunchilik bilan mustahkamlanmagan.

Sir emas, fermer xo‘jaliklarining deyarli yarmisida agronom, hisobchi, muhandis shtatlari mavjud emas. Biroq shunga qaramay, erta bahorda amaliyotchi-rahbar bug‘doy yetishtiradi, chigit bilan baravar sabzavot ekadi, asalarilar, baliqlarni parvarishlaydi va o‘ziga biriktirilgan dehqon xo‘jaligiga yordam beradi. Bu nafaqat menejment tamoyillariga, balki oddiy insoniy mantiqqa ham ziddir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlariga yo‘llagan Tabrik xatida o‘ta muhim vazifa – qishloq xo‘jaligi uchun yuksak bilim va malakaga ega bo‘lgan oliy va o‘rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish lozimligini, bundan tashqari, kelgusi yili qishloq xo‘jaligida 1 milliard 870 million AQSh dollari hajmidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish mo‘ljallanayotganini ta’kidladi. Bu tarmoqdagi o‘zaro munosabatlar takomillashishda davom etayotganidan dalolat berib, uzoqqa mo‘ljallangan istiqbolda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorligi hamda aholining farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.

Ilhom Vafoyev.

Iqtisodiy sharhlovchi.

Samarqand viloyati.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech