23 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,3 °C

Mamlakatimizda
17 Sentyabr  2019 785

Toshkent va Anqara o‘rtasida “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandum imzolandi

Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev Anqara shahri hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. O‘zaro muloqot davomida ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi, deya xabar beradi Toshkent shahar hokimligi rasmiy-veb sayti.

Toshkent shahar hokimi oxirgi 3 yilda O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarida yangi davr kuzatilayotganligini qayd etdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turkiyaga tashrifi davomida 30dan ortiq loyihalarni amalga oshirish borasida 3,5 milliard dollar hajmidagi bitimlar imzolanganligi hamda hozirda qator sohalardagi aloqalarimiz rivojlanib borayotgani tilga olindi.

Anqara shahri hokimi Toshkent shahar hokimi hamda hokimlik vakillariga samimiy va do‘stona mehmonnavozlik uchun minnatdorlik bildirib, ikki davlat va ikki shahar o‘rtasidagi munosabatlarning taraqqiy etishi o‘zaro manfaatli ekanini aytib o‘tdi. Savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalari kengayib borayotganliga e’tibor qaratib, hozirda O‘zbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritayotgani, o‘zaro savdo aylanmasi 2 mlrd. AQSh dollariga yetganini ta’kidladi.

16 sentyabr Toshkent va Anqara munosabatlari tarixida unutilmas kun sifatida muhrlandi. Ikki shahar hokimlari qardoshlik, o‘zaro hamjihatlik va hamkorlikni yanada yangi pog‘onaga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim hujjat “Birodarlashuv aloqalarini o‘rnatganlik haqida”gi memorandumni imzolashdi.

Toshkent shahar hokimi bu hujjat azaldan do‘st va hamfikr bo‘lgan ikki davlat, ikki shahar o‘rtasidagi aloqalar istiqbolida nihoyatda ahamiyatli ekanini, iqtisodiyot, sanoat, shaharsozlik, san'at, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga xizmat qilishini ta'kidladi.

Mansur Yavash ayni paytda Anqarada O‘zbekiston nomli 3 ta, Toshkent deb yuritiluvchi 12 ta, Samarqand nomli 8 ta va Buxoro deb ataluvchi 11 ta ko‘cha borligini aytib, o‘zaro do‘stlik va birodarlik timsoli sifatida Toshkentdagi ko‘chalarning birini Anqara deb nomlashni taklif etdi. Shuningdek, hamkorlikka oid boshqa takliflarni bildirdi.

Anqara shahar hokimi Mansur Yavash boshchiligidagi delegatsiya a'zolari shahrimizning diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, poytaxtimiz tarixi, taraqqiyoti va bugungi kuni bilan tanishishdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech