09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3 °C

Madaniyat
19 Noyabr  2019 802

Toshkent shahridan 100 kilometr masofada Turk xoqonligi davri ko‘chmanchilarining qabristoni topildi

Toshkent shahridan 100 km. shimoli-sharqda, G‘arbiy Tyanshan tog‘larining dengiz sathidan 1000 metr balandlikdagi etaklaridan o‘zbek arxeologlari tomonidan miloddan keyingi VI-VII​ asrlarga oid Turk xoqonligi davri ko‘chmanchilarining qabristoni topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi matbuot xizmati xabar qiladi.

Ushbu qadimiy qabriston sel, qor va yomg‘irlar yuzidan yemirilishi natijasida ochilib qolgan bo‘lib, bu haqda arxeologlarga Toshkent xalqaro maktabi o‘qituvchisi Skot Beker xabar bergan edi. 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi xodimlari bu yerga bir kunlik tezkor dala izlanishi safari uyushtirib, qabristonning geografik o‘rni, umumiy maydoni, qabrlarning shaklini o‘rgandilar, ayrim yuzaga chiqib qolgan topilmalarni, shu jumladan, bir necha bosh chanoq suyagi, sopol idishlar, temirdan yasalgan xanjar, pichoq, uzangi, so‘liq, bir necha to‘qa, yorg‘uchoq tosh va temir eritilgan o‘choqning devor parchasini qo‘lga kiritdilar.

Qadimiy yozma manbalardan ma'lumki, VI​ asrda Qora dengizdan Tinch okeaniga qadar bo‘lgan keng maydonda Turk xoqonligi deb atalgan ulkan imperiya tashkil etilgan bo‘lib, bu davlat Markaziy Osiyodagi barcha turkiy xalqlarni markazlashgan bir siyosiy uyushmaga biriktirgan edi. 

Toshkent viloyati esa u davrda Choch deb atalib, bu ulkan siyosiy uyushmaning ma'muriy markazlaridan biri bo‘lgan. Sharqni G‘arb bilan ulab turgan tijoriy karvon yo‘llari yoqasidan o‘rin olgan qadimiy Choch, o‘zining qulay yumshoq iqlimi, yuzlab chuchuk suvli soylari, unumdor tuproqlari, keng dasht va tog‘ yaylovlari hamda yerosti boyliklari bilan ko‘plab xalqlarni o‘ziga jalb qilgan edi.

O‘zbek xalqining kelib chiqishida asosiy o‘rin tutgan Turk xoqonligi qoldiqlarining topilishi arxeologlar o‘rtasida doim hayajon bilan qarshi olinadi. 

Toshkent viloyati hududida bunday topilmalarning oz uchrashi esa ushbu yangi arxeologik yodgorlikning ahamiyatini yanada orttiradi. Shuning uchun ham yildan-yilga yemirilib borayotgan bu qabristondagi ochilib qolgan qabrlar tezlik bilan qazib o‘rganilishi kerak. 

Shu maqsadda Milliy arxeologiya markazida G‘arbiy Tyanshan hududidagi ko‘chmanchi madaniyatni o‘rganish guruhi tuzilgan bo‘lib, ushbu hududda keng arxeologik izlanishlar olib borish rejalashtirilmoqda​.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech