24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,3 °C

Hukumat
28 Iyun  2019 1099
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Toshkent mexanika zavodi hududida yana 16 ta korxona ishga tushiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-iyun kuni Yashnobod tumanidagi Toshkent mexanika zavodiga tashrif buyurdi.

Bugungi kunda zavod hududida o‘ndan ziyod korxona faoliyat yuritib, ularda ikki yarim mingdan ortiq kishi mehnat qilmoqda. Lekin bu 141 gektar maydonga ega ulkan kompleks uchun yetarli emas. Bundan samarali foydalanish maqsadida zavod hududida texnopark tashkil etildi. 

Davlatimiz rahbari mazkur texnoparkda amalga oshiriladigan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Unga ko‘ra, bu yerda 2019-2020-yillarda umumiy qiymati 385 million dollardan ziyod bo‘lgan 16 ta korxonani ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu korxonalarda yiliga 1 million donadan ziyod kir yuvish mashinasi, 1 millionta oshxona plitasi, yana shuncha maishiy sovutkich, 75 ming dona savdo sovutkichlari va muzlatkichlar, 700 mingta elektr suv isitgich, 550 mingta suv nasosi, 80 ming dona sanoat konditsioneri, 2 mingta lift va eskalatorlar, shuningdek, alyumin va bimetall radiatorlar, eshik-rom furnituralari, sendvich-panellar, linoleum va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish mo‘ljallangan. To‘qqiz mingga yaqin ish o‘rni yaratish, yiliga qariyb 185 million dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan. 

Prezident korxonalar barqaror ishlashi uchun doimiy xaridor kerakligini, chet ellardagi zavodlar bilan kelishib, ularga zarur mahsulot va ehtiyot qismlarni tayyorlab berish mumkinligini ta’kidladi. Yana yangi loyihalar ishlab chiqish, ularni aholining ishga talabi va mavjud resurslardan kelib chiqib, oqilona joylashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu yerda Toshkent shahri tumanlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va hududiy eksport hajmini oshirishga qaratilgan loyihalar haqida ham ma’lumot berildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech