19 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +12,4 °C

Hukumat
24 Iyul  2019 2144

Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega 10 ta eng muhim tashabbuslari aniqlandi

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini keng jamoatchilikka yetkazish hamda jamiyat hayotini ijobiy tomonga o‘zgartira olgan tashabbuslar haqidagi fikrlarni o‘rganish maqsadida «Yuksalish» umummilliy harakati tomonidan ekspertlik so‘rovi o‘tkazildi. 

Buning uchun tajribali iqtisodchilar, siyosiy sharhlovchilar, yetuk olimlar, madaniyat arboblari, nufuzli jurnalistlar, huquq himoyachilari hamda mustaqil tadqiqotchilardan iborat 100 nafar mahalliy va xorijiy ekspertlar bazasi shakllantirildi. 
Turli soha mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan muhim tashabbuslar ro‘yxati taqdim etilib, ulardan fuqarolarning olqishiga sazovor bo‘lgan va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lganlarini belgilash so‘raldi. 

So‘rov natijasiga ko‘ra, mustaqil ekspertlar tomonidan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan TOP-10 ta eng muhim tashabbuslari ro‘yxati tuzildi.

Unga ko‘ra, eng muhim tashabbus deya, Yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari, chegaralarning ochilishi va nazorat-kiritish punktlarining tashkil etilishi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar bo‘yicha konstruktiv muloqot o‘rnatilgani e'tirof etildi — 96 ta ovoz;

Ro‘yxatning keyingi o‘rinlaridan quyidagi tashabbuslar joy oldi: 
2.    Valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi — 90 ta ovoz;
3.    Majburiy mehnat, shu jumladan bolalar mehnatiga barham berilishi — 79 ta ovoz;
4.    Oliy ta'lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi, milliy va xorijiy universitetlar filiallarining ochilishi — 78 ta ovoz;
5.    Ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlari qabul qilinishidagi rolining oshirilishi — 69 ta ovoz;
6.    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalarining joriy etilishi — 63 ta ovoz;
7.    Huquqni muhofaza qilish organlari va qurolli kuchlar tizimini isloh qilinishi — 61 ta ovoz;
8.    Soliq islohotlari, tadbirkorlik sub'ektlari uchun soliq yukining kamaytirilishi, tadbirkorlar uchun soliq ta'tilining e'lon qilinishi — 59 ta ovoz;
9.    Davlat xizmatlari tizimini rivojlantirish, ularning sifati va samaradorligini bosqichma-bosqich oshirish — 58 ta ovoz;
10.    Mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlanishi bo‘yicha chora-tadbirlar, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha xalqaro muloqotning kuchaytirilishi — 57 ta ovoz.
So‘rov davomida, shuningdek ekspertlar O‘zbekistondagi tub o‘zgarishlarga munosabatlari va islohotlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha takliflarini ham yozib qoldirdilar. 
Jumladan, ularning fikricha, bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslari hamda O‘zbekistondagi transformatsiya jarayonlari nafaqat o‘zbek xalqi, balki Markaziy Osiyo davlatlariga ham ijobiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech