21 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +15,6 °C

Xalqaro munosabatlar
2 Oktyabr  2019 731

Hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning to‘rtinchi majlisi

Bugun, 2-oktabr kuni Toshkent shahridagi Anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Hamkorlik bo‘yicha  parlamentlararo komissiyasining to‘rtinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda Komissiya a'zolari, O‘zbekiston va Rossiya parlamentlari a'zolari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar qiladi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Raisi Valentina Matvienko tabrik nutqi bilan ochib berdi.

Tasdiqlangan kun tartibiga ko‘ra oliy va yuksak darajadagi uchrashuvlarda tuzilgan kelishuvlar ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Shu munosabat bilan Komissiya a'zolari oxirgi yillarda O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.V.Putin o‘rtasidagi o‘ta ishonchli siyosiy muloqot tufayli tez sur'atda rivojlanayotganini qayd etdi. Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Prezidentining o‘tgan yil oktabr oyida O‘zbekistonga tashrifi va unda savdo-iqtisodiyot, energetika, ilm-fan, madaniy-gumanitar, ta'lim, ijtimoiy-mehnat sohalarida ikki mamlakat hamkorligi to‘g‘risida qator hujjatlar imzolanishi barcha yo‘nalishlarda kuchli turtki berdi. Shu munosabat bilan ikki tomonlama hamkorlikning barcha masalalarini yanada rivojlantirishda Komissiya sa'y-harakatlarini muvofiqlashtirish muhimligi qayd etildi.

Ta'lim sohasida hamkorlik qilish masalasi Komissiya majlisida qiziqish uyg‘otgan mavzu bo‘ldi. Komissiya bu masalani batafsil ko‘rib chiqib, ta'lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga, shuningdek, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida hamkorlikni mustahkamlashda O‘zbekiston va Rossiya parlamentlarining yuqori palatalariga ko‘maklashishga qaror qildi.

Turizm sohasida hamkorlik istiqbollari, shu jumladan “ziyorat turizmi” tashkil etilishi majlis ishtirokchilari e'tibor qaratgan kun tartibidagi yana bir masala bo‘ldi. Muhokama yakunlari bo‘yicha Komissiya turizm, shu jumladan ziyorat turizmi masalalari bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari haqida O‘zbekiston va Rossiya tomonidan taqdim etilgan axborotni ma'lumot uchun qabul qilishga qaror qildi. Bundan tashqari, Oliy Majlis Senatining va Federatsiya Kengashining ixtisoslashgan qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasiga ziyorat turizmini tashkil etish bo‘yicha axborot almashishda va aniq tur-marshrutlarni ishlab chiqishda ko‘maklashish topshirildi.

Shuningdek, majlis doirasida 2019-yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi o‘rtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi va 2019-2020-yilgi tadbirlar rejasi ijrosining borishi ko‘rib chiqildi. Muhokama chog‘ida Komissiya a'zolari turli darajada tashriflar almashish orqali parlamentlararo hamkorlikni faollashtirish yuzasidan aniq takliflar bildirdi. 2020-yilgi amaliy tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) tasdiqlandi. Unda yuksak darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan bitimlar va erishilgan kelishuvlar o‘z vaqtida amalga oshirilishini birgalikda monitoring qilishga ko‘maklashish, savdo-sotiq, investitsiyalar va turizm sohasida hamda boshqa yo‘nalishlarda mintaqalararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Majlisda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Parlamentlararo komissiyasining roli ko‘rib chiqildi. Bunda O‘zbekiston va Rossiya hududlari forumlarini o‘tkazish amaliyotini davom ettirish, shuningdek, Rossiyada bo‘lib o‘tadigan ikkinchi Hududlararo forumda ishtirok etishni faollashtirishga ko‘maklashish muhimligi ta'kidlandi.

Komissiya ishi reglamentiga muvofiq Komissiyaning navbatdagi majlisini 2020-yilning ikkinchi yarim yilligida Rossiya Federatsiyasida o‘tkazishga qaror qilindi.

Tadbir yakunlangach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi Parlamentlararo komissiyasi qarorini hamda 2019-2020-yillarda Rossiya Federatsiyasi Federal Majlisi Federatsiya Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘rtasida ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirishga doir amaliy tadbirlar rejasini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech