17 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +30,4 °C

Sport
16 Mart  2019 2364

Bugun yurtimizda yurish marafoni o‘tkazildi

Avval xabar qilganimizdek, bugun, 16-mart kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan mamlakatimiz bo‘ylab Respublika yurish marafoni tashkil etildi.

Jumladan, erta tongdan Toshkent shahridagi muhtasham va ko‘rkam Milliy stadionida Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligida vazirlik markaziy apparati xodimlari, tizimdagi muassasalar rahbarlari, tibbiyot oliy o‘quv yurtlari rektorlari ishtirokida yurish marafoni o‘tkazildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

 Yurtimizning taniqli san'atkorlari, madaniyat namoyondalari o‘zlarining chiqishlari bilan tadbirga fayz kiritgan bo‘lsa, tibbiyot xodimlari tomonidan sog‘lom turmush tarzining ahamiyati, jumladan, yurishning sog‘lik uchun foydali jihatlari haqida suhbatlar o‘tkazildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma'lumotiga ko‘ra, inson salomatligi 55 foiz holatda sog‘lom turmush tarziga, 20 foizi yashayotgan ekologik muhitiga, 15 foizi irsiy omillarga, bor yo‘g‘i 10 foizi tibbiyotga bog‘liq ekan. Demak, sog‘lom turmush tarziga muntazam ravishda amal qilish turli xastaliklardan holi, chiroyli va baxtli yashash omilidir. Eng muhimi, millat genofondiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

— Hozirgi urbanizatsiya davrida kamharakatlilik butun dunyoning o‘tkir muammosiga aylanmoqda. Holsizlik, uyquchanlik, uyquning buzilishi, diqqat-e'tiborni jamlashning sekinlashishi, xotiraning pasayishi, sababsiz charchash hissi, semizlik — bu kabi belgilar har bir kishida uchraydi, lekin kamdan-kam odamlar bu holatlarni kamharakatlilik bilan bog‘laydi, — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jismoniy faolligini oshirish markazi direktori Barno Odilova. — Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, yiliga chekishdan 5 milliondan ziyod, kamharakatlilikdan esa qariyb 5,3 million odam hayotdan ko‘z yumadi. Ushbu globallashib borayotgan muammoni hal qilishga har birimiz mas'ulmiz. O‘z o‘rnida Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolarni faol harakatga chaqirib, yurish marafonini tashkil qildi. Asosiysi, bu kabi tadbirlar bir martalik emas, balki doimiy tarzda o‘tkaziladi.

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, haftada atigi 2,5 soatlik jismoniy faollik erta o‘lim holatlarini 28 foizga, yurak kasalliklarini ehtimolini esa 20 foizga kamaytirar ekan. Ya'ni, haftada kamida 150 daqiqa jismoniy faol bo‘lgan insonlar kamroq harakatlanadiganlarga qaraganda sog‘lomroq ekan. Bundan tashqari, jismoniy faollik natijasida organizmda biosintez jarayoni faollashadi, qon aylanish jarayoni 4-5 marta kuchayadi, yurak qisqarishlari soni tezlashadi, bu esa organizmda yangi energiya hosil bo‘lishiga va energiya bilan ta'minlanish yaxshilanishiga olib keladi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech