18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Salomatlik
27 Fevral  2019 1567

Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlarining buzilgan huquqlarini tikladi

Bugungi kunda xodimlar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratib berish faoliyat unumdorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiyot xodimlari uchun munosib mehnat sharoitlarini tashkil etishga, jumladan, ularning haq-huquqlarini himoyalash, moddiy manfaatdorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

 

Jumladan, xodimlarning mehnat huquqlari qo‘pol ravishda buzilgan holatlar vazirlik tomonidan aniqlanib, bartaraf etilmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 237-moddasiga muvofiq homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlangan bo‘lsada, I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokorining 2019-yil 26-yanvardagi 25-sonli buyrug‘iga asosan ushbu shifoxonaning bolalar reanimatsiya bo‘limi o‘rindosh shifokori S.O. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusi bilan Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga ko‘ra bekor qilingan. Xodimning vazirlikka murojaatini o‘rganish jarayonida Toshkent viloyati Zangiota tuman tibbiyot birlashmasi 16-son qishloq oilaviy poliklinikasining bergan ma’lumotnomasi bilan S.O.ning homilador ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Shunga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘iga asosan I.Irgashev nomli Toshkent shahar 4-son klinik shifoxonasi bosh shifokorining amaldagi qonun hujjatlariga zid ravishda chiqarilgan buyrug‘i bekor qilinib, vrach S.O. avvalgi ishiga tiklandi hamda majburiy progul vaqti uchun haq to‘lab berilishi belgilandi.

Bundan tashqari, xodimning mehnat huquqlarini qo‘pol ravishda buzgan bosh shifokorga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llash masalasini qonunda belgilangan tartibda hal etish Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i zimmasiga yuklatildi.

Shuningdek, yana bir holat. Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining 2019-yil 24-yanvardagi 7t-sonli buyrug‘iga asosan tug‘ruqxona bo‘limi mudiri Bahrom Kucharov ish beruvchining tashabbusi bilan vaqtincha shoshilinch tez yordam bo‘limiga shifokor vazifasiga o‘tkazilgan. Bunda ish beruvchi tomonidan xodimdan rozilik olinmagan. Vaholanki, Mehnat kodeksining 93-moddasiga ko‘ra, vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuv bo‘lgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Mazkur holatda ham Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan Bahrom Kucharov avvalgi ishiga tiklanishi ta’minlanib, xodimning huquqlari to‘liq tiklandi.

Shahrisabz tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘iga nisbatan esa vazir buyrug‘i bilan Mehnat kodeksiga muvofiq o‘rtacha oylik ish haqining o‘ttiz foizi miqdorida jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan nafaqat aholiga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish, balki o‘z xodimlarining huquqlarini har qanday buzilishlardan himoya qilish, ularni turli tajovuzlardan asrash uchun bundan keyin ham barcha qonun yo‘l qo‘yadigan usullardan foydalaniladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech