22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +18,4 °C

Salomatlik
1 Iyun  2019 867

“Sog‘lom bola – yurt kelajagi” shiori ostida salomatlik tadbirlari o‘tkazildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan “Sog‘lom bola – yurt kelajagi” shiori ostida navbatdagi ommaviy salomatlik tadbirlari tashkil etildi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Bu safargi tadbirlar bolalar salomatligiga bag‘ishlandi. Unda maktabgacha va maktab yoshidagi o‘quvchilari o‘rtasida salomatlik startlari o‘tkazildi. Shuningdek, tibbiyot xodimlari va aholi ishtirokida qator tibbiyot muassasalarida 5 kilometrga faol yurish va gimnastika mashg‘ulotlari ham  tashkil etildi.

Bolalarga yengil gimnastika mashqlarini ertalab qilish tavsiya etiladi. Oilada bunday mashg‘ulotlar odatiy bo‘lsa, bolalar jon deb shug‘ullanishadi. Ammo ular taqlid qilishni yaxshi ko‘rganliklari bois kattalarga ergashib, tanasini zo‘riqtirib qo‘yishlari mumkin. Bolalar uchun jismoniy tarbiya mashqlari o‘yin shaklida bo‘lishi maqsadga muvofiq. Badiiy gimnastika bolalar uchun juda foydali hisoblanadi, jumladan, egiluvchanlik va muvozanatni, harakat a'zolarini rivojlanadi.

Bolalar uchun eng yaxshi jismoniy tarbiya – bu muntazam yurishdir. Bolalar ko‘chaga chiqqanda faqatgina qumda o‘ynab yoki arg‘amchida uchib o‘tirmasdan faol yurishga ham o‘rganishi kerak. To‘rt yoshli bolalar uchun yurish taxminan 15-20 daqiqadan oshmasligi kerak. 5 yoshga to‘lganda esa yurish 30-40 daqiqa davom etsa maqsadga muvofiq.

Mutaxassislarning fikricha, yurish yugurish va boshqa jismoniy mashqlardan ko‘ra anchayin foydaliroqdir. Salomatlik maqsadida yurish uchta tamoyilga asoslangan. Birinchisi, “Zarar qilmang”, ya'ni intensivlik va davomiylik tananing holatiga mos kelishi kerak. Ikkinchisi, bosqichma-bosqich,  ya'ni sur'at, vaqt va muddat tana uchun ortiqcha bosimlarsiz o‘sib borishi lozim. Uchinchi tamoyil esa muntazamlik, ya'ni yurishning kunlik miqdoriga amal qilish. Tavsiyaga ko‘ra, yurish haftasiga 3-4 marta, kamida 30 daqiqa davom etishi talab etiladi.

Eslatib o‘tamiz, Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarni tizimli ravishda davom ettiradi. Xususan, iyun oyining har shanba kuni “Tanlov sizdan: tamaki yoki sog‘lom o‘pkalar”, “Sog‘lom ovqatlanish – sog‘lom hayot demakdir”, “Zararli odatlar – umr kushandasi”, “Jismoniy faollik – uzoq umr ko‘rish garovi” shiorlari ostida ommaviy salomatlik tadbirlari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech