22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Salomatlik
27 Dekabr  2018 1442

Siz chekasiz, jabrini boshqalar tortadi

Bugungi kunda “Chekish salomatligingiz uchun juda xavfli”, “Chekish insonni o‘ldiradi”, “Chekish o‘pka rakiga olib keladi” kabi iboralar yod bo‘lib ketdi. Hatto har bir sigareta qutisida katta-katta qilib yozilmoqda. Shior qilib olganmiz. Tadbirlarda shu gaplarni aytamiz, yoshlarga bu xavfli ekanini uqtiramiz. Ammo so‘zimiz va amalimiz turlicha. Nasihatda hammadan oldin yurganlar, o‘rnak bo‘lishga kelganda o‘zini chetga oladi.

Bu beparvolik o‘zi va yaqinlari joniga qasd qilish emasmi?

Tamakini muntazam iste’mol qilish, avvalo, unga o‘rganib, bog‘lanib qolishga olib keladi. Salomatlikka jiddiy ziyon keltiradi. Yurak ishemik kasalligi, insult va periferik tomirlar kasalliklari rivojlanishining xavfli omillarini keltirib chiqaradi. Dunyo bo‘yicha yurak-qon tomir tizimi kasalliklari tufayli vafot etayotgan odamlar soni yildan-yilga oshmoqda. Har yili global tamaki epidemiyasi deyarli 7 million inson umriga zomin bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, ulardan 900 mingdan ortig‘i chekmaydi, lekin tamaki tutuni ta’siri ostida zaharlanganlardir.

Tadqiqotlar natijasi, tamaki mahsulotlariga ruju qo‘yayotgan yoshlarning aksariyati ota-onasidan o‘rnak olib, kashandaga aylanayotganini ko‘rsatmoqda. Bir kunda yer yuzidagi o‘rtacha yuz ming nafar o‘smir kattalarga – ota-onasi, qo‘ni-qo‘shni yoki yaqinlariga taqlid oqibatida shu illat domiga tushmoqda. Ayni vaqtda 13-15 yoshli har 5 nafar o‘smirning biri  chekadi.

Shifokorlarning ta’kidlashicha, sigaret tarkibidagi zararli moddalarning 14 tasi giyohvand modda hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan tamaki passiv narkotik, deb e’lon qilingan. Kashandalar turli xastaliklarni tamaki orqali o‘zlariga chaqirayotganini hatto o‘ylab ko‘rmaydi.

Yurtimizda tamakining aholi salomatligi va mamlakat iqtisodiyotiga yetkazadigan zarari hisobga olinib, uning iste’molini tartibga solish maqsadida 2011-yil 5-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasining “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishi hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilingan edi. Ammo bu boradagi ko‘plab sa’y-harakatlar ham odamlarning fikrlarini o‘zgartirish uchun yetarli bo‘lmayapti. Ayniqsa, o‘smir yoshida bunga ruju qo‘yayotgan o‘g‘il-qizlar bu odatni keyinchalik xohlab ham tark etolmayapti.

Mazkur huquqiy hujjatlar doirasida bugun aholi orasida tamaki iste’molini kamaytirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Xususan, tamaki mahsulotlariga soliqlar stavkasi oshirilib, uning tutunidan xoli muhit yaratish uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shu bilan birga, nazorat qilish usullari kuchaytirilib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

Aslida atrof-muhitga zarar keltirayotgan, ifloslantirayotgan fuqarolarga nisbatan ko‘pam qarshi fikr bildiravermaymiz. “Menga nima” degan loqaydlik ongimizga singib ketgan. Ammo o‘ylab ko‘rilsa bitta insonning chekishi o‘zidan ko‘ra ko‘proq atrofdagilarga yomon ta’sir qiladi. Shu yurtda yashaydigan har bir inson sodir bo‘layotgan voqyea-hodisaga befarq bo‘lmasligi, ogohlantirishni o‘zining vazifasi, fuqarolik burchi, deb hisoblashi davlat rivoji, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Sigaret chekayotgan hamkasblarimiz ham qilgan ishlaridan, e’tiborsizligidan xijolat bo‘ladi. Ehtimol, shu kabi amaliy chora-tadbirlarga ko‘proq ahamiyat berish kerakdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yevropadagi byurosi tomonidan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan. Kashandalikka qarshi kurashish maqsadida tashkil etilgan mazkur yo‘l xaritasining asosiy maqsadi tamaki bilan bog‘liq kasallanishlarning oldini olish va buning uchun tamakidan xoli hududni tashkil etishdir.

Shu asosda yurtimizda ham tamaki sanoati monitoringini qilish, uning tutunidan butunlay xoli jamoat xonalari, ish joylari va transportini yaratish va bu bilan odamlarni tamaki tutuni ta’siridan himoyalash, barcha tamaki o‘ramlariga, uning salomatlikka zarari xususidagi ma’lumotlar joylashtirish va salbiy xususiyatlari haqida targ‘ibot-tashviqotlar olib borilmoqda.

Muttasil chekish oqibatida tomirlar torayadi, arteriyalar cho‘ziluvchanligi yo‘qoladi. Natijada yurak ishemik kasalligi paydo bo‘ladi. Nikotin ta’siri oqibatida yurak urishining tezlashishi stenokardiya xurujini keltirib chiqaradi. Chekuvchilar boshqalarga nisbatan ko‘proq o‘pka, bronxlar va halqumning surunkali kasalligini boshdan o‘tkazadi. Ularda surunkali bronxit 5-6 marta ko‘p uchraydi. Tamaki tarkibidagi qurum nafas yo‘llarida o‘tirib qoladi. Natijada loringit kelib chiqadi. Ovoz bo‘g‘ilib, xirillash paydo bo‘lishi mumkin. Respirator kasalliklar xavfi ortadi. Chekish o‘pka rakining 71, nafas yo‘llari surunkali kasalliklarining 42, yurak-qon tomir kasalliklarining 10 foizi sababchisidir.

Turli illatlardan yiroq, o‘zi va atrofdagilar uchun mas’uliyatni his qiladigan yoshlarni tarbiyalashda, avvalo, ularning irodasini tarbiyalash, bo‘sh vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish muhimdir. Shunda millat kelajagi, avlodlar salomatligi himoyalangan bo‘ladi.

Mehrangiz Usmonova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech