24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,7 °C

Hukumat
28 Iyun  2019 808
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Keng va ravon yoʻllar yurt taraqqiyotiga xizmat qiladi

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Qibray va Yuqori Chirchiq tumanlari hududida qurilgan yangi avtomobil yoʻlini borib koʻrdi. Chirchiq daryosi ustiga qurilgan koʻprik bilan tanishdi.
19,2 kilometr uzunlikdagi yangi qurilayotgan avtomobil yoʻli “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” davlat unitar korxonasi buyurtmasi asosida Toshkent koʻpriklardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan barpo etilmoqda. 
 
Qurilish ishlari uch bosqichda amalga oshirilishi belgilangan mazkur loyiha davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtirilmoqda. 1-2 bosqichga 306 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilgan.
 
Birinchi bosqichda avtomobil yoʻlining 12,1 kilometr masofasida yer ishlari, qum-shagʻal aralashmasidan va M-75 markali betondan asos qurish, sunʼiy inshootlar qurish va 2 ta joyda koʻprik qurish ishlari yakunlangan. Avtomobil yoʻli ustiga 9 santimetr qalinlikda yirik donali asfaltbeton va 6 santimetr qalinlikda mayda donali asfaltbeton qorishmasini yotqizish, avtomobil yoʻlining yoritish tizimini hamda piyodalar yoʻlagini qurish ishlari davom etayotir.
 
Yoʻl 6 palosali boʻlib, koʻprik zamonaviy andozalar asosida qurilgan. Ikki chetida piyodalar uchun maxsus yoʻlaklar barpo etilgan.
 
Loyihaning ikkinchi bosqichida 6,5 kilometr uzunlikdagi avtomobil yoʻlini qurish belgilangan boʻlib hozirgi kunda yer ishlari, qum-shagʻal aralashmasidan asos va sunʼiy inshootlarni qurish ishlari bajarilmoqda.
 
Birinchi va ikkinchi bosqichda belgilangan ishlar joriy yilning toʻrtinchi choragida yakunlanib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 
 
Prezident yoʻllar qurilishini izchil davom ettirish, bu sohada sifatni taʼminlash uchun malakali kadrlar tayyorlash zarurligini taʼkidladi. Toshkent avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish va foydalanish institutida Germaniyaning oʻqitish tizimini joriy qilish, shu sohada oʻrta mutaxassislar tayyorlaydigan mintaqaviy kollejlar tashkil etish boʻyicha tavsiyalar berdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech