16 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -2,2 °C

Hukumat
30 Mart  2019 3035
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Shavkat Mirziyoev: Buxoro viloyatini xotin-qizlar masalalari bo‘yicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Kogon tumanidagi “Taraqqiyot” mahalla fuqarolar yig‘ini markazida bo‘ldi.

Yig‘in binosi yangi loyiha asosida barpo etilgan bo‘lib, unda fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Kogon tumani kengashi faoliyat yuritmoqda. Bu yerda joriy etilgan Ayollar ijtimoiy moslashuv markazi og‘ir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlar va bolalarga ma'naviy-psixologik, tibbiy va huquqiy ko‘mak ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Keng va shinam xonada joylashgan, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi elektron bazasiga ulangan zamonaviy kutubxona aholi, ayniqsa yoshlar uchun ma'rifat maskanidir. Markaz yaqinida joylashgan ikkita sun'iy qoplamali maydon hamda trenajerlar zali mahalla bolalari va o‘smirlarining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiladi.

Shuningdek, fuqarolar yig‘inida yaqinda mamlakatimizda eng namunali deb topilgan hamda “Nexia 3” rusumli avtomobil bilan taqdirlangan zamonaviy ichki ishlar tayanch punkti ham faoliyat yuritmoqda. Mahalla markazi hududida barpo etilgan kunduzgi statsionar va tantanalar zali ham aholi xizmatida.

Tashrif chog‘ida bugungi kunda Buxoro viloyatida 35 mingdan ziyod ayollar ish bilan ta'minlanmagani, xotin-qizlar jinoyatchiligi saqlanib qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz bu holat milliy mentalitetimizga yotligi, buyuk tarix va yuksak salohiyatga ega bo‘lgan Buxoroga mutlaqo yarashmasligini ta'kidladi.

- Joriy yil oxirigacha ayollarning ijtimoiy muammolarini hal qilish, ish bilan ta'minlash, jinoyatchilik sodir etmasligi uchun zarur choralarni ko‘rib, Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha eng namunali hududga aylantirishimiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoev.

Buning uchun Xotin-qizlar qo‘mitasi, «Oila» ilmiy-amaliy markazi, mahalla va ichki ishlar organlari birgalikda ishlashi, har bir ayol bilan suhbatlashib, muammolari bo‘lsa, kerakli yordam berishi zarurligini ta'kidladi.

Ko‘plab muammolarga, ayolning jinoyatga qo‘l urishiga ajrimlar sabab bo‘layotgani, uning oldini olish uchun yoshlarning, ota-onalarning mas'uliyatini oshirish, bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish kerakligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoev mahalla markazi xodimlari, shu yerdagi intellektual klub a'zolari bo‘lgan yoshlar bilan muloqot qildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech