20 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,6 °C

IT-xabarlar
2 Avgust  2019 1094

MTV bolalarni davlat MTMlariga qabul qilish mexanizmidagi nosozliklar to‘g‘risidagi rasmiy bayonoti

Hurmatli ota-onalar,  

O‘zbekiston Maktabgacha ta’lim vazirligi bolalarni davlat MTMlariga qabul qilish mexanizmidagi nosozliklar uchun uzr so‘raydi.

Hozirda Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin boshchiligidagi ishchi guruh vaziyatni to‘g‘rilash ustida ishlamoqda. Ishlar UZINFOCOM va Davlat xizmatlari markazlari bilan hamkorlikda olib borilyapti.  

2019-yil 30-iyul kuni tizim test sinovidan o‘tkazildi, bu esa keng ko‘lamli takomillashtirish ishlari zarurligini ko‘rsatdi. Nima sababdan bunday bo‘lgani va vaziyatni qanday hal etayotganimiz haqidagi ma’lumot bilan o‘rtoqlashamiz.

Birinchi muammo. Ota-onalar tomonidan noto‘g‘ri to‘ldirilgan arizalar

Arizalarni noto‘g‘ri to‘ldirish natijasida ma’lumotlar bazasi o‘z aniqligini yo‘qotdi. 1,5 million shakldan 100 mingga yaqini jiddiy xatolar bilan to‘ldirilgan.  

Misol

Ota-ona to‘lovlarni qabul qilish punkti yoki internet-kafe xodimiga elektron ariza berishda yordam so‘raydi. Jarayonni tezlashtirish uchun xodim tug‘ilganlik to‘grisidagi guvohnoma raqami o‘rniga nollarni, bo‘shliqlar yoki ixtiyoriy raqamlarni kiritadi. Shunday qilib, EMIS tizimida turli nomlar bilan ko‘plab bolalar paydo bo‘ldi, biroq tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalarning raqamlari bir xil (ixtiyoriy raqamlar, nollar yoki bo‘shliqlar), bu esa bolalardan biriga yo‘llanma olishda tizimda nosozlikni yuzaga keltirdi. 

MTV harakati 

2018-yil 1-apreldan boshlab berilgan barcha arizalar qayta yuklandi va noto‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lgan bola navbatda o‘z o‘rnini yo‘qotmasligi uchun tuzatishlar qo‘lda kiritilmoqda. Yangi algoritmlar tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma raqamini kiritishni va unga muvofiq bolaning ismi va boshqa ma’lumotlarini avtomatik tarzda to‘ldirishni talab qiladi.

Ikkinchi muammo. Ma’lumotlar bazasini to‘liq yuklab olish sun’iy ravishda navbatni uzaytirdi

Tizimda eski, allaqachon to‘ldirilgan arizalarning mavjudligi yangi berilgan arizalarning joylari surilib ketishiga olib keldi. Mazkur muammo vaqtinchalik.

Misol 

Siz navbatda 10-o‘rinda edingiz, lekin ayni paytda tizim 16-o‘rindaligingizni ko‘rsatadi. Sizdan oldin navbatda paydo bo‘lgan beshta ariza aslida dolzarb emas: yo‘llanmalar vaqtida olingan va bolalar allaqachon MTM qatnamoqda.    

MTV harakati

MTV mutaxassislari jadvalga muvofiq MTMlarga borib, bajarilgan arizalarni navbatdan o‘chirib tashlashadi. Shunday qilib, siz o‘z vaqtida yo‘llanmani olasiz. 

Uchinchi muammo. Ma’lumotlar bazasida eski arizalarning yo‘qligi

Misol

2016-yilda ota-ona tuman XTBning qog‘ozdagi ro‘yxatiga kiritilgan arizani topshirgan. Qog‘oz esa kerakli ma’lumotlarni (masalan, guvohnoma raqamlarini) o‘z ichiga olmasligi sababli, bunday arizalarni EMIS tizimiga avtomatik tarzda kiritib bo‘lmaydi. 

MTV harakati

MTV xodimlari qog‘oz reestrlar bo‘yicha bajarilmagan arizalardan ma’lumotlar bazasini qo‘lda yaratadi va bunday bolalarni o‘z vaqtida MTMlarga qabul qilinishiga imkon beruvchi yangi algoritmni ishlab chiqadi. Bu qonunchilikdagi o‘zgarishlarni talab qiladi, chunki joriy tartib elektron navbat tartibini o‘zgartirishni taqiqlaydi va qog‘oz registrlarini inobatga olmaydi. Ishchi guruh qisqa muddatlarda qonun hujjatlariga kiritilishi zarur bo‘lgan qo‘shimchalarni ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etadi.

To‘rtinchi muammo. Fuqarolarning imtiyozli toifalari bo‘yicha ma’lumotlar bazasining yo‘qligi 

Misol

MTMdan tezroq joy olish uchun imtiyozli navbatga ariza topshirdingiz. Tekshirish esa, siz imtiyoz huquqiga ega emasligingizni aniqladi. 

MTV harakati 

Ariza imtiyozli navbatdan asosiy navbatga yo‘naltiriladi. Bunda sizning joyingiz shaklni to‘ldirish vaqti bilan belgilanadi. Agar siz 5 mayda ariza bergan bo‘lsangiz, u 4 maygacha topshirilgan arizalardan keyin, lekin 6 mayga topshirilgan arizalardan oldin paydo bo‘ladi. Shuningdek, ota-onalarning murojaatlariga muvofiq imtiyozli toifadagi shaxslar qayta ko‘rib chiqiladi, tegishli qonun o‘zgartishlari esa Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etilgan.

Hurmatli ota-onalar, Maktabgacha ta’lim vazirligi vaziyatni to‘g‘rilash ustida ishlamoqda. Ayni paytda Davlat xizmatlari markazlarida va @MtmNavbatBot telegram-bot orqali arizaning holatini vaqti-vaqti bilan tekshirib turishni qat’iy so‘raymiz. Biz avtomat tarzda yo‘llanmalar berishni o‘rnatdik va dolzarb bo‘lmagan arizalardan tozalangandan so‘ng, navbatda birinchi turgan talabnomalar yopila boshlaydi. 15 kundan so‘ng foydalanilmagan yo‘llanma bekor qilinadi va joy keyingi navbatdagiga beriladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech