15 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +21,9 °C

Bo‘sh vaqtda
13 Aprel  2019 1375

Quyoshdagi portlashlar yoxud gravitatsiya «ip»i

Har bir kuchli portlashdan so‘ng yer aylanishi tezligi bilinar-bilinmas sekinlasharkan.

Ma’lum bo‘lishicha, Quyoshda yuzaga kelgan bo‘ronlar yer sayyorasida turli o‘zgarish va tabiiy ofatlarni ketirib chiqarar ekan. Bu haqda rossiyalik jurnalist V.Psalmovshikovning fikrlarini keltiramiz quyida, uning tilidan.

2004-yilda chop etilgan «Ehtimollar chegarasi ortida» kitobini varaqlay turib, V.Burleshinning «Mojarolar darakchilari» nomli maqolasiga ko‘zim tushib qoldi. Unda biologiya fanlari nomzodi Stanislav Ribsovning turli mojarolarning milliy, iqtisodiy va shaxsiy jabhalarga tabiiy ta’siri haqida fikr yuritilgandi.

Hayotda turli ommaviy mojaro va to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi. Ribsovning fikricha, ko‘pchilik buning qanday yuz berganiga va tajovuzkorliklarning nima sababdan bunchalik oshib ketganiga tuzuk-quruq javob bera olmaydi. Keyin esa buni o‘zlari to‘qib chiqargan turli cho‘pchaklar bilan xaspo‘shlashga intiladilar. Olim bunday holatlarni hayvonlarning oldindan yer silkinishini sezishlariga taqqoslaydi. Jonivorlar dastlab nima qiladi? Xavfli hududni tezroq tashlab chiqib ketishga urinadi, albatta. Mon-Peledagi vulqon otilishidan sal avval xuddi shunday holat kuzatilgan. Shahar atrofi hududlarini dastlab ilon va kaltakesaklar tark etdi. So‘ng qushlar uchib ketib, xonaki mushuklar ham g‘oyib bo‘lgan. Ularning egalari ham tezroq xavfli hududni tark etishni istashgandi. Biroq saylovlar yaqinlashib qolgani uchun mer bunga ruxsat bermagan. Natijada qonunga itoat etuvchi saylovchilarning o‘n minglab jasadi va bitta xonaki mushuk o‘ligi topildi.

Bunday holat 1948-yili Ashxobodda ro‘y bergan yer silkinishi oldidan ham kuzatilgan ekan. Zilzila natijasida 100 mingdan ziyod kishi halok bo‘lgan. Sal avvalroq shahar rahbariyati qabuliga yoshi ulug‘ oqsoqollar kelib, qandaydir tabiiy ofat kutilayotganini ma’lum qilishgandi. Ularning kuzatuviga qaraganda, o‘shanda ham ilon va kaltakesaklar o‘z inini tashlab ketgan ekan.

Kuchli yer silkinishlari sodir bo‘lgan shahar va hudud aholisi jonivorlarning zilzilagacha o‘zini o‘ta tajovuzkor va bezovta tutganini ta’kidlashadi. Qafasdagilari zo‘r berib chiqib ketishgan urinarkan. Biologlarning kuzatishicha, o‘z inini tashlab ketish imkoniyati bo‘lmagan kalamushlar o‘zaro to‘qnashuvlar sodir etib, bir-birini g‘ajiy boshlarkan.

Inson ham shunday holatga tushib qoladi. Ammo yashash joyini tashlab keta olmaydi. Insonlarni mulk, boshpana, oila va ish «to‘xtatib qoladi». Ular zudlikda xavfli hududni tark etishni talab qilayotgan chuqur ong va yuqorida keltirilgan omillarga «bog‘lanib» qolishni keltirib chiqargan oddiy ong o‘rtasida qolishadi.

Ribsovning fikricha, mazkur holatda insoniyatning ikkita yo‘li bor. U karaxtlikka tushib qolsa, darhol tabiiy «o‘lim dasturi» faollashadi. Organizm qismatdan qochmaslikka rozi bo‘ladi, hatto, bu jarayonning sodir bo‘lishini tezlashtiradi ham. Kuchli yer silkinishidan oldin giyohvand moddalar qabul qilish va o‘z joniga qasd qilish holatlari ko‘payib ketadi. Agar biror insonda o‘z-o‘zini saqlash tuyg‘usi kuchli bo‘lsa, yaqinlashib kelayotgan falokatga qarshi kurasha boshlaydi.

Afsuski, jamiyatshunoslik sohasiga kiradigan iqtisod, siyosat va boshqa fanlar odam hamda inson jamiyatlarini tabiatdan ayro holda o‘rganadi. Aslida inson hayoti ko‘proq tabiatga bog‘liq.

1905―1906, 1917, 1928, 1937―1938-yillarda Rossiyada yuz bergan turli to‘qnashuv, inqilobu dehqonlar qo‘zg‘olonlari, qatag‘onlarni olib ko‘raylik. Bu yillarda quyosh sayyorasining nihoyatda faol bo‘lgani qayd etilgan. 1928-yilda Qrimda yuz bergan hodisani hisobga olmasa, o‘sha davrda birortayam yer silkinishi yoki tabiiy ofat kuzatilmagan. Beninda yuz bergan voqyea-hodisa ham e’tiborga molik. Bularning bari quyosh faol bo‘lgan yillarga to‘g‘ri kelganini ta’kidlash joiz. Ular o‘rtacha har 11 yilda takrorlanib turgan. Bu — siklning o‘rtacha vaqti. Odatda mazkur sikllar har 9―13-yil orasida yuz beradi. Quyosh faol bo‘lgan yillarda esa yer silkinishlari ham kuzatilarkan.

Olimlarning kuzatishicha, Quyoshdagi har bir kuchli portlashdan so‘ng yer aylanishi tezligi bilinar-bilinmas sekinlashadi. Fizika nuqtai nazaridan hayratlanadigan joyi yo‘q. yer gravitatsion «ipga bog‘langan holda» Quyosh atrofida aylanadi. Oftob qa’ridan sirtiga qarab otilgan kuchli va ulkan protuberanslar harakati natijasida o‘sha «ip» ham yaxshigina silkinadi. Avtobus yoki trolleybusda ketayotganingizni tasavvur qiling. Kutilmaganda keskin tormoz berildi... To‘g‘ri, yer aylanishi tezligi juda kam ko‘rsatkichga sekinlashadi. Biroq trillion-trillion tonnalab og‘irlikka ega litosfera plitalari uchun bu sezilarli kechadi. Negaki, sekinlashish natijasida litosfera plitalari siqiladi va zilzilalarni keltirib chiqaradi.

Xullas, kaminaning fikricha, yer silkinishlari va jamoatchilik orasidagi turli to‘qnashuvlar sabab va oqibat emas, balki Quyosh bo‘ronlari keltirib chiqargan yondosh va sinxron jarayonlardir.

O‘tgan asrning 20-yillarida olim Chijevskiy mazkur holatni o‘rganib chiqqan. Shu o‘rinda uning «Quyosh va biz» deb nomlangan kitobidagi gapini keltirish o‘rinli. «Faktlarni bo‘rttirib ko‘rsatish yoki noto‘g‘ri izohlash kerak emas. Quyosh na ijtimoiy, na siyosiy muammolarni hal qiladi. Biroq biologik hayotga faol aralashadi», deya yozgandi u kitobida.

Nurbek G‘AFFOROV tayyorladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech