18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Ijtimoiy hayot
30 Mart  2019 1040

Qizlarning qadri tushib ketyaptimi?

"Bor tovog‘im, kel tovog‘im" yoxud haliyam davom etayotgan kim o‘zar to‘ylar haqida mulohaza.

Feysbuk ijtimoiy tarmog‘ida quyidagicha xabarni qoldirishgan. Bu xabar yurtimizda haliyam qudalarning  sut puli, ota oshi, uyni to‘ldir, sarpo ol kabi kelin tomonga bo‘layotgan qat'iy talablari barham topmaganini ko‘rsatyapti.

"Bir qizimizni fotihasini qildik. Fotihadan oldin qudalar boshqacha gapirishgan, hamma narsani kamaytiramiz hyech narsa kerak emas, deb... Sut  haqi  deb ataladigan pulni ochib qarasak ichidan 500 dollar chiqdi. Quda taraf telefon qilib 500 dollarni ichida ko‘ylakni ham, oshni ham puli, mebelga o‘zingiz yetkazasiz deb shart qo‘ydi. Osh qilmaymiz deb kelishganmiz-ku deb aytsak, orzu-havasi yo‘qmi  otasini, osh qiladi, deb turvolishdi. Mayli, oraga sovuqchilik tushmasin deb indamayapmiz... Yigitning yoshi o‘ttizda. Shunga qaramasdan onasining gapiga kiradi..."(xatolari tahrir qilindi)

Haliyam yurtimizda bu illat bolalayotgani achinarli. Hatto kuyov bo‘lmish yoshini olib, katta bo‘lgan bo‘lsa ham "aqlini olmagan"i, o‘z mustaqil fikri yo‘qligi ham kishini o‘ylantiradi.

Tarmoq foydalanuvchilarining besh yuzga yaqini bu borada o‘z fikrini bildirgan. Ular asosan zudlik bilan to‘yni to‘xtatish kerakligini, bugun aldab, mol-dunyo uchun hyech narsadan qaytmaydigan odamlardan kelgusida qanday qaynona-qaynota, qanday er chiqishi mumkinligi qattiq tanqid qilinmoqda.

Shulardan ba'zilarini keltiramiz.

Temur Malikov: Bu kuyov qaysi g‘urur bilan kelin tarafdan kelgan krovatda yotadi?  Kechmi kechmasmi, to‘yni to‘xtatish kerak.

Barno Sattorova: Qiz  bola shuncha ham arzon bo‘ladimi, agar qizni qadri  bo‘lmasa umrini oxirigacha bo‘lmaydi.

Saida Sultonova: Orzu-havas molu-dunyo deb  yashaydigan oilada qiz  tinch yashamaydi. Kamiga hech  kim kafolat bermaydi, ertaga molparast qaynona ajratmaydi deb.

Bu kabi fikrlarni ko‘plab keltirish mumkin. Ammo qaynona ham onaligini, qaynota esa otaligini, kuyov esa erkak, eng muhimi kelajakda ota bo‘lishini anglamas ekan bu muammo yechim topmaydi.

Qizlarimizning qadri qayerda qoldi? Qanday zamonda yashayapmiz o‘zi?

"Daraxtni tepsang, qiz yog‘iladi", deb ayollar qadrini yerga urayotgan yigitlarga bir gap, statistik ma'lumotlarni bir qayta ko‘zdan kechirishsin, shunda bu o‘zini aldash ekani ma'lum bo‘ladi.

Kimligimizni unutib, kelajagimizni barbod qilish bilan nimaga erishamiz?

Xulosa chiqarish yana o‘zingizdan.

 

Barno Meliqulova.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech