17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,3 °C

Mamlakatimizda
16 Mart  2019 1589

Prokuratura organlari tizimida bir qator lavozim, boshqarma va bo‘limlar tugatildi

Tadbirkorlik faoliyatini himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish va prokuratura organlari faoliyatini optimallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi Prezident Farmoni (PF-5690, 15.03.2019 y.) qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra 2019-yil 1-apreldan:

  • tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarni muvofiqlashtirish va qonuniyligi ustidan nazorat qilish Prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan amalga oshiriladi;
  • Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tadbirkorlik sub'ektlari faoliyatida o‘tkaziladigan tekshiruvlarga oid qarorlari nazorat qiluvchi organlar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.

Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimi Bosh prokuratura tasarrufidan Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tasarrufiga o‘tkazildi.

O‘zbekiston prokuratura organlari tizimida quyidagilar tugatildi:

  • Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarining ikkita shtat birligi;
  • Bosh prokuraturaning Tadbirkorlik va investitsiyalarni huquqiy himoya qilish boshqarmasi;
  • Bosh prokuraturaning Prezident qarorlari ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;
  • Bosh prokuraturaning Soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat boshqarmasi hamda uning hududiy bo‘limlari;
  • soliq va bojxona islohotlarini amalga oshirish sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilishga mas'ul Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokurorining o‘rinbosarlari, tumanlar (shaharlar) prokurorlarining o‘rinbosarlari va yordamchilari lavozimlari;
  • tumanlar (shaharlar) prokurorlarining tadbirkorlik sub'ektlari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas'ul o‘rinbosarlari hamda katta yordamchilari lavozimlari;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining tadbirkorlikni himoya qilish va tashqi iqtisodiy faoliyatdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish bo‘limi.

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta'minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta tashkil etildi.

Prokuratura organlarining qisqartirilayotgan 1 198 ta shtat birliklaridan:

  • 87 tasi – Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoniga;
  • 470 tasi – O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bo‘linmalariga yo‘naltiriladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech