21 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,8 °C

Ijtimoiy hayot
27 Mart  2019 1705

Muammolar joyida hal etilmoqda

Samarqand viloyatining Urgut tumanida fuqarolar bilan ochiq sayyor qabul o‘tkazildi. Tadbir davomida 330 kishining murojaati ro‘yxatga olindi.

 

Davlat va jamiyat o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydigan mazkur xalq bilan muloqot tobora o‘ziga xos an’anaga aylanib bormoqda. Bunday amaliyot ilgari juda olis bo‘lgan masofani qisqartirishga yordam beradi. Ko‘pchilikning esida bo‘lsa kerak, ilgari amaldorlarni kabinetlarida «tutish» juda qiyin bo‘lardi va oddiy fuqaroning sabr bilan kutishdan o‘zga chorasi qolmasdi. Endi hammasi boshqacha.

Odamlar kelib muammosiga yechim topishi uchun butun mamlakat bo‘ylab tashkil etilgan Prezident Xalq qabulxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular esa o‘z navbatida davlat organlari va aholi o‘rtasida o‘ziga xos bog‘lovchi bo‘g‘in, g‘oyat samarali mexanizmga aylandi. Qabulxonalarda dolzarb muammolar aniqlanadi va  murojaatlarni davlat tuzilmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilishi ta’minlanadi. Xuddi shuni xalq uzoq vaqt kutgandi.

Bundan tashqari, davlat organlari vakillarining joylarga chiqib sayyor qabul o‘tkazishlari odatiy amaliyotga aylanmoqda. Aslida hamma bilan bir joyda va bir vaqtning o‘zida ko‘rishish juda o‘ng‘ay. Endi fuqarolarning aholi punktlarida turli nuqtalarda joylashgan zarur instansiyalarni o‘tish uchun ketadigan  qimmatli vaqti hamda mablag‘i tejaladi. Boshqa tomondan davlat organlari xodimlari uchun ular rahbarlik qilayotgan hudud aholisini nimalar tashvishga solayotganini yaxshiroq bilib olish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bunaqa qabullarda odam juda ko‘payib ketishi tushunarli, albatta. Ko‘pchilik o‘zini qiynayotgan muammo hal bo‘lishini, ko‘ngli taskin topishini istaydi.

Joriy yilning 26-mart kuni viloyat hokimi ishtirokidagi Urgut iqtisodiyot kasb-hunar kolleji binosida o‘tkazilgan sayyor qabulda ham odam gavjum bo‘ldi. Har bir murojaat e’tibor bilan tinglandi, ularni hal etishga mas’ullar tayinlandi. Murojaatlar asosan, suv va elektr ta'minoti, yo‘llar, tibbiy xizmatlarga oid bo‘ldi. Ularning barchasini viloyat hokimi o‘z nazoratiga oldi.

Shuningdek, sayyor qabul o‘tkazilgan joyda mehnat yarmarkasi ham tashkil etildi va 11 ish beruvchi 195 ta vakant ish o‘rinlari bilan qatnashdi. 74 fuqaroga davlat xizmatlari agentligi yordam ko‘rsatgan bo‘lsa, o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurgan 31 fuqaroga mulk egaligi qonuniylashtirib berildi, 12 fuqaro murojaatiga asosan, ularning farzandlariga tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma berildi.

Mart oyi oxirida Kattaqo‘rg‘on va Qo‘shrabot tumanlarida E.Turdimov va sektorlar rahbarlari, hudud boshqarmalari va mahkamalari ishtirokida yana ikkita sayyor qabul o‘tkazish rejalashtirilgan, deya xabar beradi viloyat hokimiyati axborot xizmati.

Eslatib o‘tamiz, Prezidentimiz 2019-yil 17-yanvarda «Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzolagandi. Unga ko‘ra, ikki yil mobaynida davlat rahbari nomiga 2,5 million murojaatnoma kelib tushgan, respublikada tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan uyma-uy yurib, ijtimoiy va boshqa ob'ektlarni o‘rganilishi natijasida yana 1,1 milliondan ziyod muammolar aniqlandi. Hujjatda vaziyatning tanqidiy tahlili bilan bir qatorda davlat organlarining aholi va tadbirkorlik sub'ektlari bilan ishlashini yaxshilash mexanizmlari ham keltirilgan. Joriy yilning 1-fevralidan boshlab amaldagi Xalq qabulxonalarining murojaatlar bilan ishlash faoliyatitiga uyma-uy yurish yo‘li bilan muammolarni aniqlash va hal etishni, davlat organlarining odamlar bilan bevosita ishlashini nazarda tutuvchi yangicha tizim kiritildi. Butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan sayyor qabullar – halq bilan muloqot o‘rnatish va uni mustahkamlashga xizmat qiluvchi ana shu faoliyat usullaridan biridir.

O‘z axborotimiz.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech