16 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +16,6 °C

Hukumat
25 Sentyabr  2019 831

O‘zbekiston Prezidenti BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma’ruzachisini qabul qildi

Bugun, 25-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekistonning BMT va uning tuzilmalari bilan konstruktiv munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlik ushbu sheriklikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Zayd Raad Al Husayn va BMTning Din yoki e'tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahidning mamlakatimizga tashriflari natijasida inson huquq va erkinliklari kafolatlarini mustahkamlash, bu boradagi xalqaro muloqotni yanada rivojlantirishga qaratilgan “yo‘l xaritalari” amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ziyod xalqaro hujjat, jumladan, BMTning o‘nta asosiy shartnomalariga qo‘shilgan. 2018-yil noyabr oyida Samarqandda ilk bor Inson huquqlari bo‘yicha Osiyo forumi o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekiston parlamenti tomonidan BMTning Inson huquqlari sohasida ta'lim va malaka to‘g‘risidagi deklaratsiyasini amalga oshirish bo‘yicha milliy dastur qabul qilingan. Ushbu hujjat sud-huquq sohasi xodimlarining inson huquqlari to‘g‘risidagi bilimlarini oshirishni nazarda tutadi. 

Yurtimiz sud-huquq tizimiga xalqaro standartlarni joriy qilish orqali sudya va advokatlarning mustaqilligini ta'minlash 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining asosiy vazifalaridan biridir.

Xususan, yangi organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi, sudyalarni uzoq muddatga tayinlash va sud qarorlarini jamoatchilikka e'lon qilish amaliyoti joriy etildi. “Xabeas korpus” va “elektron odil sudlov” mexanizmlarini qo‘llashni kengaytirishga muhim ahamiyat qaratilmoqda.
Mamlakatimizda advokatlarning mustaqilligini ta'minlash va o‘rnini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda, Advokatlar palatasining roli ortib bormoqda.
Uchrashuvda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari yuzasidan batafsil fikr almashildi, O‘zbekistonning sud-huquq sohasidagi qonunchiligini yanada takomillashtirish jihatlari va qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

BMT Inson huquqlari kengashining maxsus ma'ruzachisi samimiy qabul hamda tashrifi tadbirlarga boy dastur asosida tashkil etilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. 

Diego Garsiya-Sayan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan davlat va xalq o‘rtasida bevosita muloqot orqali fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, qonuniylik va huquq ustuvorligini mustahkamlash, odil sudlovni ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuksak baholadi. 

BMTning yuqori martabali vakili O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorlikni davom ettirishga va demokratik yangilanishlarni amalga oshirishda amaliy ko‘maklashishga tayyor ekanini ta'kidladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech