18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,1 °C

Kеyingi avlod
19 Iyul  2019 742

Prezident maktablariga asosiy qabul imtihonlari 21-24-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi

21-24-iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida Prezident maktablariga asosiy qabul imtihonlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar qiladi Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati.

“Cambridge Assessment International Education” (Buyuk Britaniya) tashkiloti 29 iyundan 2 iyulga qadar Prezident maktablariga saralash imtihonlarini o‘tkazgan edi.

Saralash imtihonlarida ishtirok etish uchun 28 452 nafar nomzodlar ro‘yxatdan o‘tdi. Shundan 27 471 nafari imtihonda ishtirok etishiga ruxsat berildi. 981 nafar o‘quvchi hujjatdagi kamchiliklari tufayli imtihon topshirishga tavsiya etilmadi. Respublikaning 4 ta hududida, katta sig‘imli inshootlarda tashkil etilgan imtihonlarda 27 119 nafar nomzodlar qatnashdi.

“Cambridge Assessment International Education” tashkiloti 16 iyul kuni saralash bosqichi natijalarini o‘z veb-saytida e'lon qildi.

Saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra bir xil ball to‘plash holati yuzaga kelganda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan vaziyatda, afzallik imtihonda “S” toifasidagi savollarga ko‘proq ball yiqqanlarga, keyin esa “B” toifasidagi savollarga ko‘proq ball to‘plaganlarga berildi. Nomzodlar barcha toifadagi savollar bo‘yicha bir xil umumiy va teng ball to‘plagan taqdirda, nomzodlarni tug‘ilgan sanasi bo‘yicha saralanadi, bunda yoshroq nomzod afzal ko‘rildi.

Saralash imtihoni natijasiga ko‘ra, 11 520 nafar nomzodlar 21-24-iyul kunlari Namangan, Nukus, Xiva va Toshkent shaharlarida tashkil etiladigan Prezident maktablarining asosiy qabul imtihonlarida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Nomzodlar imtihonning asosiy bosqichida talabgorlar soni bir o‘ringa 20 nafardan oshmagan holda ishtirok etadi.

Prezident maktablarining asosiy qabul imtihonlari “Cambridge Assessment International Education” tashkiloti vakillari tomonidan tashkil etiladi.

Imtihon jarayonlarining ochiqligini ta'minlash maqsadida saralash bosqichida bo‘lganidek, imtihon o‘tadigan joylarda nomzodlarning ota-onalari va yaqinlari uchun kuzatuv monitorlarida onlayn translyasiya olib boriladi.

Imtihonlarning asosiy bosqichi axborotni tahlil qilish va solishtirish qobiliyatini aniqlash bo‘yicha (16 ta masala), mantiq elementlari bo‘lgan matematika fanidan (24 ta masala) hamda ingliz tili (55 ta test savoli) fanlaridan iborat bo‘ladi.

O‘quvchilar to‘plagan ballarning asosiy qismi (80 foizi)ni tanqidiy fikrlash va mantiqiy bilimni talab etuvchi topshiriqlarni bajarish orqali yig‘ishlari mumkin. Ballarning faqat 20 foizigina ingliz tili faniga to‘g‘ri keladi. Shu bois nomzodlar ingliz tilidan mukammal tayyorgarlikka ega bo‘lmay, tanqidiy va mantiqiy fikrlash qobiliyati yaxshi rivojlangan bo‘lsa ham, ularning Prezident maktablariga qabul qilinish ehtimoli yuqoriligicha qoladi. Nomzodlar istagiga ko‘ra ushbu yo‘nalishdagi imtihon savollari ingliz tilida emas, davlat tilida berilishi mumkin.

Yuqori sinf o‘quvchilari uchun ingliz tilining ahamiyati qariyb
40 foizdan ziyod bo‘lishi kutilmoqda. Sababi ular kelgusida xorijlik o‘qituvchilar o‘tadigan STEAM-fanlarni o‘rganish uchun yetarli salohiyatga ega bo‘lishlari zarur. Cambridge Assessment International Education qaroriga ko‘ra, nomzodlar va ularning ota-onalari imtihon natijalari yuzasidan apellyasiyaga berish hamda imtihon ishlarini tekshirish huquqiga ega emas.

Teng natijalar yuzaga kelgan hollarda, ya'ni bir nechta nomzod bir xil umumiy ball to‘plagan vaziyatda ("Ingliz tilidan test",  "Muammoni yechish va tanqidiy fikrlash testi" bilan birgalikda), quyidagi tartibda har bir fan bo‘yicha eng yuqori ball to‘plagan nomzod tanlab olinadi:

  1. "Muammoni yechish" tarkibi bo‘yicha ball
  2. "Tanqidiy fikrlash" tarkibi bo‘yicha ball
  3. "Ingliz tilida o‘qish" tarkibi bo‘yicha ball
  4. "Ingliz tilida tinglash" tarkibi bo‘yicha ball
  5. Tug‘ilgan sanasi bo‘yicha (yoshroq nomzod tanlanadi)

Agarda hanuz o‘xshashlik mavjud bo‘lsa, Cambridge Assessment uni bartaraf qilish uchun mos usulni ishlab chiqadi.

Agarda o‘qishga kirgan talabgor Prezident maktabida o‘qishni rad etsa yoki birinchi chorak davomida o‘qishni tark etsa, ro‘yxatdagi eng yuqori ball to‘plagan, lekin o‘qishga kira olmagan nomzod bo‘shagan o‘ringa taklif qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, asosiy imtihonlar natijasiga ko‘ra, har bir sinfga
24 nafar o‘quvchi qabul qilinadi. Ya'ni har bir maktabning 5-10-sinflariga
144 nafardan o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi.

Shu bilan birga, hozirgi kunda Xalq ta'limi vazirligi asosiy imtihon natijalariga ko‘ra Prezident maktabiga qabul qilinmagan bir guruh o‘quvchilarni boshqa ixtisoslashgan maktablarga imtihonsiz qabulni tavsiya qilishni rejalashtirmoqda. Bu esa, yoshlarga bilim olishlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech