23 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28 °C

Kеyingi avlod
21 Fevral  2019 6987

Prezident maktablari bosqichma-bosqich tashkil etiladi

Davlatimiz rahbarining  2019-yil 20-fevralda “Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

 

O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Prezident maktablarining asosiy maqsadi ta’lim jarayoniga ilg‘or texnologiyalarni qo‘llash orqali iqtidorli yoshlarni tarbiyalash va o‘qitish, rag‘batlantirish hamda kelgusida ularni salohiyatini qo‘llab-quvvatlash. Shuningdek, o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish, yetakchilik ko‘nikmalari va notiqlik mahoratini rivojlantirish, tanqidiy fikrlash, axborotni izlash, tahlil qilish va qayta ishlash, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llash kabi ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.

Prezident maktablari Qoraqalpog‘iston Respublikasida, shuningdek, barcha viloyatlarda va Toshkent shahrida ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari shaklida tashkil etiladi. Ta’kidlanishicha, 2019-yilda dastlabki maktablarning qurilishi bir vaqtning o‘zida Toshkent va Nukus shaharlarida, hamda Xorazm viloyatida bo‘ladi. O‘z navbatida, 2020-yilda Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Samarqand va Farg‘ona viloyatlarida, shuningdek, 2021-yilda Andijon, Navoiy, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida Prezident maktablarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ushbu maktablarga qabul qilish respublika ta’lim muassasalarining 4-sinf bitiruvchilari orasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan mantiqiy fikrlash testlari, yozma imtihon va suhbatlar natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Prezident maktabining yillik qabul kvotasi 24 nafar o‘quvchidan iborat bo‘lib, ikkita sinfga bir xil – 12 nafardan o‘quvchi taqsimlanadi. Birinchi o‘quv yilida esa 5-10-sinflariga  har bir maktab 144 nafardan o‘quvchi qabul qiladi.

O‘quv jarayoni esa xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida amalga oshiriladi va «STEAM – ta’lim» (Science - tabiiy fanlar, Technology - texnologiya, Engineering - texnik ijodkorlik, Art – san’at, Mathematics - matematika) dasturi asosida olib boriladi.

Prezident maktabining 9-11-sinflarida ta’lim olish o‘quvchilarning qiziqishlari va xususiyatlarini, ayrim fanni tanlash va ularni o‘rganish darajasini inobatga olgan holda individual o‘quv jarayoni asosida amalga oshiriladi.

Prezident maktablari bitiruvchilariga, belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda, xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement ili International Advanced Levels)ga ega bo‘ladilar, bu esa o‘z navbatida xorijiy oliy o‘quv yurtlariga kirish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun, 2019-yil 18-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Nukus shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida, har bir viloyatda Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida e’lon qilgan edi.

 

Mehrangiz Usmonova

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech