20 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,1 °C

Xalqaro munosabatlar
28 May  2019 1184
OʻzA

Germaniya Prezidenti talabalarning ilmiy izlanishlari bilan qiziqdi

Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Toshkent shahri Yashnobod tumanidagi “Bakan Tex” masʼuliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi.
Korxona 2018-yil 1-yanvardan ish boshlagan. Germaniyaning “Truchler”, “Zenser”, “Saurer” kabi yetakchi kompaniyalari texnologiyalari bilan jihozlangan korxonada paxtadan ip-kalava ishlab chiqariladi. Yuqori sifatli korxona mahsulotining asosiy qismi, yaʼni 60 foizi eksportga yoʻnaltirilgan.
 
Korxona qurilishi 2016-2017-yillarda amalga oshirilib, loyihaning umumiy qiymati 52 million dollarni tashkil etadi. Ayni paytda 500 dan ziyod ishchi mehnat qilib, ularning 60 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Yillik ishlab chiqarish quvvati 14 ming 500 tonna. Eʼtiborlisi, korxonada ishlab chiqarish tizimi toʻliq avtomatlashtirilgan. Xususan korxonada respublikada yagona avtomatik qadoqlash, oʻz-oʻzini tozalash, chiqindilarni avtomatik pressga yoʻnaltirish tizimlari oʻrnatilgan. Bu korxonada ekologik toza va sifatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi.
 
Korxonada ish uch smenada tashkil etilgan. Uch nafar malakali xorijiy mutaxassislar ish jarayonini muvofiqlashtirib, ishchilarga koʻmaklashmoqda. Eʼtiborlisi, korxonada Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining “Yigiruv” fakulteti filiali ochilgan. Bu yerda malakali mutaxassislar tomonidan talabalarga yigirish va texnologik uskunalar imkoniyatlari boʻyicha oʻquv amaliy darslar va master klasslar oʻtkazish yoʻlga qoʻyilgan.
 
ISO-9001 sifat menejmentiga ega korxona mahsulotlari raqobatbardoshligi bilan dunyo bozorida xaridorgir. Ayni paytda mahsulotlar MDH davlatlari, Xitoy va Turkiyaga eksport qilinmoqda. 2018-yil yakuniga koʻra 9,5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Joriy yilning oʻtgan davrida 5 ming 770 tonna paxta tolasidan 4 ming 800 tonna ip-kalava ishlab chiqarilgan, 13 million dollarlik mahsulot eksportga yoʻnaltirilgan.
 
Dastlab korxona faoliyatiga bagʻishlangan videorolik namoyish etildi. Paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish, qadoshlash va eksportga yoʻnaltirishgacha boʻlgan jarayon bilan tanishgan Frank-Valter Shtaynmayer va Germaniya delegatsiyasi vakillariga korxona faoliyati katta taassurot qoldirdi. Mehmonlarga xomashyoning qayerdan olinishi va uni qayta ishlash tizimi, texnologiyalarning afzalliklari boʻyicha batafsil maʼlumot berildi.
 
Germaniya Federativ Respublikasi Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer Toshkent toʻqimachilik va yengil sanoat institutining “yigiruv” fakulteti filiali talabalari bilan suhbatlashdi. Talabalarning oʻqishlari va ayni paytda qanday tajribalar ustida ish olib borayotganiga qiziqdi. Ularning oʻqish va ilmiy izlanishlariga omad tiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech