19 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -1,4 °C

Hukumat
24 Yanvar  2020 1452
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Hokimlarning vakolatlari qayta ko‘rib chiqiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev har tomonlama mukammal va samarali boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha vazifalarga to‘xtalib o‘tdi:

“Biz parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazoratini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan bog‘liq barcha masalalarni, kuni-kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda atroflicha va chuqur muhokama qilib oldik.

Shu bilan birga, quyidagi dolzarb masalalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, joylarda ijro va vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi roli va mas’uliyatini yanada oshirish zarur.

Hokimlar oxirgi 3 yilda ularga berilgan keng vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari faoliyati natijadorligini nazorat qilish bo‘yicha yangi tizim yaratish shart.

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima uchun Bosh vazirdan boshlab, barcha hukumat a’zolari, viloyat hokimlari parlamentga hisobot beradiyu, viloyat va tumanlardagi rahbarlar o‘z faoliyati haqida mahalliy kengashlarga hisobot bermasligi kerak?

Shuning uchun, viloyat va tuman hokimlari o‘z dasturlari va ularning ijrosi to‘g‘risida viloyat kengashlarida hisobot beradigan tizim joriy qilinadi.

Ayni vaqtda, hokimlar farmonlar, qarorlar, konsepsiya va strategiyalarda belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning o‘z hududidagi ijrosi bo‘yicha ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borishlari kerak bo‘ladi.

Ish samarasini oshirish maqsadida, mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash so‘rovi institutini joriy etishni taklif qilaman.

Yana bir muhim masala. Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300 ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan.

Shundan 175 tasi mazmun-mohiyatiga ko‘ra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi.

Bu esa ish sifati va ijro intizomiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi tabiiy.

Shu sababli Oliy Majlis Senatiga Adliya vazirligini jalb etgan holda, shu yilning birinchi yarmida hokimlarning vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularga xos bo‘lmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funksiyalarni tegishli organlarga o‘tkazishni ta’minlash bo‘yicha taklif tayyorlash topshiriladi.

Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini o‘ylantirayotgan muammolarga davlat idoralari e'tiborini qaratib, o‘zlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Bu maqsadlar uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yo‘lga qo‘yib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni ko‘paytirishimiz kerak.

Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin bo‘lib o‘tirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim.

Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish lozim.

Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan o‘ta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish majburiyligini aniq belgilash kerak.

Jamoatchilik ma’qul desa ma’qul, noma’qul desa noma’qul bo‘ladi.

Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda Parlament, Hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bu masala bo‘yicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozim”.

Murojaatnoma davom etmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech