18 Fevral 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,7 °C

Mamlakatimizda
8 Iyun  2019 1816

Pedagog xodimlarga maxsus ustama belgilandi

Olis hududlarda joylashgan maktablarga o‘qituvchilarni jalb qilish va ularni rag‘batlantirish yuzasidan hukumat qarori qabul qilindi, deb xabar bermoqda Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati.

 

Bugungi kunda xalq ta'limi tizimidagi, ayniqsa olis hududlardagi umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini malakali o‘qituvchilar bilan yetarli darajada ta'minlanishi tahlil qilinganda, bu borada joylarda bir qator muammolar mavjudligi ma'lum bo‘ldi.

Birinchidan, respublikamizning olis hududlarida joylashgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida pedagog kadrlar qo‘nimsizligi tufayli malakali o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojning yuqoriligi;

ikkinchidan, pedagog kadrlar yetishmovchiligi sababli o‘quvchilarga ta'lim berish jarayonida davlat ta'lim standartlarining to‘laqonli bajarilmasligi;

uchinchidan, boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarni jalb qilish bo‘yicha rag‘batlantirish imkoniyati va mexanizmi mavjud emasligi kabi salbiy holatlar kuzatib kelinmoqda.

Misol uchun, joriy o‘quv yilida umumta'lim muassasalarida jami 445 638 nafar o‘qituvchilar faoliyat yuritgan bo‘lsa, ulardan 62 152 nafari (13,9 %) o‘rta maxsus ma'lumotli, shundan qariyb 19 ming nafari (30 %) olis hududlarga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, hozirda respublika bo‘yicha jami 3 396 nafar, jumladan olis hududdagi maktablarda 1 019 nafar o‘qituvchiga ehtiyoj mavjud.

Yuqoridagi holatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Olis hududlarda joylashgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalarida faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarning mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorning asosiy maqsadi – olis hududlarda joylashgan, pedagog kadrlarga ehtiyoj mavjud bo‘lgan umumiy o‘rta ta'lim muassasalariga o‘qituvchilarni jalb etish, yosh mutaxassislarga faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va olis hududlarda ta'lim olayotgan farzandlarimizga berilayotgan ta'lim sifatini yaxshilashdir.

Ta'kidlash joizki, amaldagi qonunchilikda olis hududlar tushunchasi mavjud bo‘lmagan hamda ularning ro‘yxati tuzilmagan edi.

Ushbu qaror bilan respublikamizda birinchi marta tuman (shahar) markazlaridan uzoq masofada joylashgan va o‘qituvchilarga ehtiyoj mavjud bo‘lgan maktablardan kelib chiqqan holda boshqa hududlardan kelib maktablarda faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarga maxsus ustama beriladigan olis hududlar ro‘yxati belgilandi.

Olis hududlardagi o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni o‘rganish natijalariga ko‘ra ushbu hududlarga boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritadigan pedagog xodimlarni rag‘batlantirish imkoniyati yaratildi.

Qarorga muvofiq, respublikamizning 12 ta hududlaridagi 55 tuman (shahar)larning 242 ta fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hududida joylashgan umumta'lim muassasalariga boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan pedagog xodimlarga ularning olis hududdagi ish stajidan kelib chiqib, oylik ish haqiga 10 foizdan 50 foizgacha qo‘shimcha ustamalar to‘lab beriladi.

Bunda boshqa hududlardan kelib, olis hududda joylashgan maktabda 6 oydan 3 yilgacha faoliyat yuritayotgan o‘qituvchining ish haqiga 10 foiz, 3 yildan 5 yilgacha – 20 foiz, 5 yildan 10 yilgacha – 30 foiz, 10 yildan 15 yilgacha – 40 foiz hamda 15 yildan ortiq ishlayotgan o‘qituvchining ish haqiga 50 foiz miqdoridagi maxsus ustamalar qo‘llanilishi belgilangan.

Shu bilan birga, kadrlarga bo‘lgan talab va ehtiyojlardan hamda hududlarning infratuzilmasidan kelib chiqqan holda muassasalarning ta'lim sifatini doimiy ravishda oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligiga Moliya vazirligi hamda mahalliy davlat hokimiyat organlari bilan kelishib tasdiqlangan hududlar ro‘yxatiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish vakolati berilmoqda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech