24 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +35,8 °C

Xalqaro munosabatlar
23 Aprel  2019 1434
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

O‘zbekiston Prezidentining Qozog‘iston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. 

Prezidentimiz Qozog‘iston rahbarini joriy yil 9-iyun kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan navbatdan tashqari Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti sayloviga nomzod etib ilgari surilgani bilan qutladi hamda ushbu muhim siyosiy tadbirning o‘tkazilishida muvaffaqiyat tiladi.

Davlat rahbarlari Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning joriy yil 14-15-aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan ilk davlat tashrifi natijalarini yuksak baholadilar.

Sanoat, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan erishilgan kelishuvlar va aniq loyihalarni izchil amalga oshirish, shuningdek, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm yo‘nalishlarida faol hamkorlikni davom ettirish muhim ekani alohida qayd etildi.

O‘zbekistonda Qozog‘iston yilining ishbilarmonlikka oid tadbirlar va madaniy-gumanitar almashinuvlarga boy dasturi qardosh xalqlarimizning yanada yaqin bo‘lishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qozog‘iston Prezidenti tabrik va samimiy tilaklar uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Muloqot so‘ngida O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni strategik sheriklik, ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga tayangan holda mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida yanada mustahkamlashga qat’iy intilishlarini ta’kidladilar.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech