24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,7 °C

Yashil sayyora
9 Iyul  2019 758

Okean bo‘lmasayam delfinlar bor, deysizmi?

Jonivorlardan tomosha ko‘rsatuvchi sifatida foydalanish mavzusi «PV» sahifalarida ilgari ham yoritilgan. 2018-yil 11-oktyabrdagi «Sahna ularning joyi emasmi?», deb nomlangan maqolada biz sirkdagi jonivorlarning saqlanishi muammosini ko‘tarib chiqqandik. Bu safar maqola yozilishiga ehtimol, keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan va turlicha his-tuyg‘ularga sabab bo‘layotgan hodisalardan biri - O‘zbekistonda birinchi delfinariyning ochilishi sabab bo‘ldi. Mazkur masala bo‘yicha norozilik to‘lqini  internet kengliklarida va ijtimoiy tarmoqlarda to‘xtamayapti. Mamlakatimiz uchun bunday noodatiy va qiziqarli tomosha-yu ermaklarning barcha «ijobiy» va «salbiy» tomonlarini tahlil qilib ko‘ramiz.

Delfinlar - aql-idrokli mavjudotlardir. Buni uzoq vaqt ushbu jonivorlar tilini o‘rgangan Pensilvaniya universiteti tadqiqotchilari isbotlagan. Ular ushbu sutemizuvchilarning oltmishta asosiy signallardan va ularning beshta darajadagi kombinatsiyalaridan foydalanishini aniqlashgan. Bundan tashqari, ular 1012 so‘z hajmidagi «lug‘at»ni yaratishga qodir ekan. Delfinlar ularning baridan foydalanadimi-yo‘qmi noma'lum, lekin faol «lug‘at»i taassurot qoldiradigan darajada - 14 mingga yaqin signal. Taqqoslash uchun: insonning kundalik hayotdagi o‘rtacha so‘z boyligi ham shuncha miqdorda, ya'ni 800-1000 so‘zni o‘z ichiga oladi.

Bugun ko‘pgina mamlakatlarda - hayvonot bog‘lari (ayniqsa, kontaktli), sirklar va delfinariylarda jonivorlar erkinligini cheklashning har qanday shaklidan voz kechilmoqda. Ilmiy hamjamiyat vakillari delfinlarni aqlli mavjudotlar sifatida tan oladi va sun’iy hovuzlarning qamoqxonaga o‘xshashi va u yerda yashash uchun zarur sharoit yo‘qligini e'tirof etadi. Delfinlar sayyoradagi barcha jonzotlar orasida (insondan tashqari) eng rivojlangan aql-idrokka ega. Ushbu dengiz jonivorining hayoti haqida ko‘plab filmlar va multfilmlar suratga olingan, ular faqat ezgulik va tinchlik ramzi sifatida tasvirlangan. Biroq ushbu jonivorlar vijdonsiz brakonerlar, shuningdek, o‘z biznesini ularning himoyasizligi ustiga qurgan shaxslar uchun nishon bo‘lib qolmoqda. Ikkinchi holatda, masala undanda chuqurlashib ketgan. Delfinlar tomoshasini uyushtiradiganlar ushbu sutemizuvchilar uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini ta'kidlashadi. «Jilmayayotgan» jonivor tasvirlangan yorqin afishalar ham kattalar, ham bolalarni o‘ziga jalb qiladi, biroq kamdan-kam kishilar jonivorlar uchun hovuzda yashash qanchalik qiyinligini tushunadi. Masalan, tabiiy sharoitda delfin kuniga taxminan 160 kilometr masofani suzib o‘tadi, 200 metrgacha chuqurlikka sho‘ng‘iydi. Yopiq hovuz sharoitida bu mumkinmi? Albatta, yo‘q. Bundan tashqari, delfinariyning tagi dengiz tubiga o‘xshamaydi, bu esa hayvonlar uchun qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Olimlarning aytishicha, delfinlar chiqaradigan va ularga qarab mo‘ljal oladigan sonar to‘lqinlar delfinariyning tekis devorlaridan qaytadi, jonivorlarning o‘ziga og‘riq yetkazadi, natijada ular bir-biri bilan har qanday aloqani to‘xtatadi va bir muncha vaqt o‘tgach, nobud bo‘ladi. Jonivorlarni erkinlikdan mahrum qilish va ular bilan ko‘ngilochar tomoshalar tashkil etish – yaratuvchanlik gultoji hisoblangan odam tomonidan amalga oshirilgan insoniylarcha xatti-harakat emas.

Biroq shunga qaramay, Toshkentda birinchi delfinariy ochildi. Ushbu voqeadan ancha oldin, internet kengliklarida ushbu g‘oya borasida qizg‘in bahs-munozaralar boshlangandi. Jonivorlar himoyachilari hatto, noyob hayvonlarni tutqunlikda saqlashning salbiy oqibatlari haqidagi dalillarni tarqatishga chaqirib, ijtimoiy tarmoqlarda norozilik aksiyasini boshladilar. Izohlar turlicha, lekin ko‘pchilikni tomoshalarga qarshi norozilik birlashtirdi.

Ushbu tomoshalar tomoshabinlarni qanday to‘playdi? Afsuski, bunda aholining asosiy qismi ekologik savodxonlik bo‘yicha asosiy tushunchalarga ega emasligi yuzaga qalqib chiqadi. Tabiatga g‘amxo‘rlik qilish va uni asrab-avaylash - shaxsni shakllantirishning muhim omilidir. Yoshligidanoq bola uchun tutqunlikdagi jonivorlarning tryuklari qiziqarli tomosha sifatida shakllangan bo‘lsa, uning ongida atrofdagi olamga nisbatan insoniy munosabat borasidagi tasavvur paydo bo‘lishi haqida gapirish mushkul. Bolalar, albatta, barcha tafsilotlarni bilishmaydi, shu bois kattalar oldida turgan vazifa - jonivorlar, o‘simliklar hayoti borasidagi bilimlarni, ularga g‘amxo‘rlik qilish kerakligi haqida ma’lumotlarni yetkazishdir.

«Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati NNT mavzudan chetda qolmadi va delfinlarning sun'iy muhitda saqlanishi keltirib chiqaradigan salbiy oqibatlari haqida ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z kanallari orqali ma'lumot berishga harakat qilyapti.

– Biz inson uchun qiziqarli bo‘lgan har qanday ko‘ngilochar tomoshalarda hayvonlardan foydalanishni qo‘llab-quvvatlamaymiz, – deydi HHQJ raisi Timur Oripov. – Delfinlar - erksevar, to‘da bulib yashaydigan, aqlli va juda harakatchan sutemizuvchilardir. Misol uchun, Hindiston ularni hatto, alohida toifadagi «shaxs»larga kiritdi, qonun darajasida jonivorlarning huquqlarini mustahkamladi va ularni ekspluatatsiya qilishni taqiqladi. Odamlar insoniylik bilan jonivorlarni o‘rgatib bo‘lmasligini bilishmaydi. O‘rgatish ko‘pincha ochlikka asoslanadi. Delfinlarga, va umuman, har qanday dengiz jonivoriga kimyoviy moddalar qo‘shilgan suvda yashash to‘g‘ri kelmaydi. Bundan tashqari, delfinlar autizmdan aziyat chekuvchi bolalarga yordam beradi, degan taxmin ham keng tarqalgan. Bunga javoban, mintaqamizda ko‘p uchraydigan mushuk, ot va itlar ham xuddi shunday ta’sirga ega, deyish mumkin. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bunday o‘yin-kulgilarga uzoq vaqtdan beri talab yo‘q, ko‘pchilik odamlar, aksincha, delfinariy qurilgan joylarga bormaslikka harakat qiladi va shu orqali bunga qarshi ekanini namoyish etadi. Biz ham, shuningdek, bu borada shahrimiz o‘rnak bo‘lishini istardik. Bizga delfinariy va sirklar kerak emas, ularga ehtiyoj yo‘q.

Bunga izoh so‘rab zoologiya va ekologiya sohalari bo‘yicha qator mahalliy mutaxassislarga murojaat qildik va «Bizda dengizlar, okeanlar yo‘q, bu mavzuni nega ko‘tarishimiz kerak?», degan jumlalarni eshitdik. Muammo birinchi navbatda ularni tashvishlantirishi kerak bo‘lgan odamlardan bunday so‘zlarni eshitish g‘alati bo‘larkan. O‘zbekistonning okeanga chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mamlakatligi, bu yer aniq delfinlarning joyi emasligini isbotlar, balki.

Ehtimol, butun dunyo bo‘ylab mavjud bo‘lgan delfinariylarni qachonlardir yo‘q qilib ham bo‘lmas. Daromad keltiradigan tomoshalarni tashkilllashtiruvchilarning ongli ravishda buni to‘xtatishiga ishonish ham foydasiz. Bunda tomoshalarga tashrif buyurishdan bosh tortadigan va jonivorlar hayotini qutqaradigan odamlarning mehribonligiga umid qilish qoladi, xolos…

Yevgeniya Yun.

«Pravda Vostoka».

«Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 9-iyuldagi 136-sonida «Океана нет, но дельфины есть?» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech