18 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,6 °C

Ijtimoiy hayot
13 Iyun  2019 2658

Ishlamayotgan muzlatgichdagi insulin yoki MIB xodimlarining muomalasi haqida

– Bu masala vakolatim doirasiga kirmaydi, – deya taq etib telefon go‘shagini qo‘ydi Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi (MIB) xodimasi Dilnoza Xayitboyeva. Mahkamaga ulanish uchun bo‘lgan keyingi urinishlarning bari besamar ketdi.

Xoh ishoning, xoh ishonmang, ular kelishidan sal oldin yig‘ilib qolgan qarzlarni qanday to‘lashni turmush o‘rtog‘im bilan muhokama qilgandik. U pensiyasini olgandi, men esa maoshimni. Albatta, elektr va gaz uchun to‘lovlar birinchi o‘rinda turardi.

Ammo to‘lovlar kechikib ketdi. Sababi turmush o‘rtog‘im shifoxonaga tushib qoldi. Ancha yillardan beri diabetdan aziyat chekadi. Kutilmaganda qonidagi qand miqdori bir necha baravarga oshib ketdi. Shifoxonada yotib davolanish zarurati paydo bo‘ldi. Tekshiruvlar va tahlillardan unga yana «qo‘shimchalari» borligi aniqlandi - buyraklar faoliyati yomonlashgan, qon bosimi ko‘tarilgan... Nimayam derdik, boshqa tomondan rafiqam yetmishdan oshgan.

Shifokorlar ham qo‘lidan kelgan hamma ishni qilib, uni oyoqqa turg‘azishdi. Ammo qo‘shimcha dori-darmonlar, preparatlar, muolajalar kerak edi. Bularning bari ozmuncha pul turmaydi, bilasiz. Ramazon hayiti arafasida shifoxonadan uyga javob berishdi. Axir, tayyorgarlik ko‘rish ham kerak. Bundan tashqari, hammasi boshqalarnikidan kam bo‘lmasligi uchun tuzukkina chiqim ham kerak. An’ana va urf-odatlar, deganday.

Ingichka joy – uziladi, deyishadi xalqda.

Uch nabiraning buvisi ana shu vajlarni keltirib, kommunal xizmatlar uchun to‘lovning bor-yo‘g‘i ikki kunga kechikishi sababini tushuntirishga harakat qildi.

– Bir soat ichida barcha to‘lovlar qog‘ozini o‘zingizga ko‘rsatamiz, – dedi pensioner ayol hayajondan qaltirab. Qo‘llari qaltirardi, yana qand miqdori ko‘tarilgan ko‘rinadi.

Biroq MIB texnigi Doniyor Komilov (oxir-oqibat u mag‘rurlik bilan o‘zini shanday deya tanishtirdi), aftidan,  hech narsani ko‘rmasdi, eshitmasdi. Jarima qog‘ozini to‘ldirishda davom etdi, bu orada yordamchisi elektrni uzib, hisoblagichga taqiq qog‘ozi yopishtirdi. Yalinib-yolvormay, iltimos qilmay, tiz cho‘kmay, shunchaki hammasi qanday bo‘lganini tushuntirishlari ularning achchig‘ini chiqarganday ko‘rindi. To‘lashdan bo‘yin tovlayotganimiz yo‘q-ku?!

Barcha harakatlarda anchayin qo‘pol va kishining g‘ashiga tegadigan shakldagi iboralar ishlatildi. Kutilmagan mehmonlarning nega bunday ohangda garirayotgani sababi so‘ralganda xuddi o‘sha Komilov javob berdi:

– Sizlar bilan yana qanday gaplashishim kerak?

Mahkamaning telefon raqamini talab qildim. Xodimlarining bizni salkam jinoyatchilarga chiqarishgan keksa kishilar qarshisidagi qo‘pol xatti-harakatlaridan shikoyat qilish uchun.

Faqat bir nechta urinishdan so‘nggina byuroning uchta mutaxassisidan biriga ulana oldim. Aftidan, boshqa murojaatlar ham ko‘p, shekilli, buni Dilnoza Hayitboyevaning tezdagina eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridagi jarima, deyishidan tushunish qiyin emasdi. Hamkasblarining xatti-harakatlariga izoh ham berib o‘tirmay, qo‘ppollik bilan aloqani uzdi. Aftidan, yoshi kattalarga hurmat va izzatni uzun-uzun «tuut-tuut»lar bosib yubordi chog‘i. Xalqimizni hamisha boshqalardan ajratib turadigan narsasi ham shu aslida. Mahallalardagi oqsoqollar ana shunday yigit-qizlarga duch kelganda ulardan: «Ota-onang kimlar?», deb so‘rashadi.

Turmush o‘rtog‘im o‘sha yerdagi kassada kommunal xizmatlar uchun hisob-kitob qilib va jarimani to‘lagach, baribir Mirzo Ulug‘bek tumani MIB rahbari bilan uchrashib, gaplashdi.

– Menga o‘xshaganlar ko‘p ekan. Aksariyati yoshi ulug‘ odamlar. Hali pensiya olishmaganini aytib, shikoyat qilishardi. Navbatga turganlar bir olam, – deydi u. – Boshliq xushmuomalalik ko‘rsatdi, sabr bilan gaplarimni tingladi. Ahvolimni ko‘rib, hatto, bir stakan suv ham taklif qildi. Tarbiya ko‘rgan va boadab ekan.

Bo‘ldi, boshqa hech qanday gap qo‘shmadi. Faqat kvitansiyalarni ko‘rsatdi, xolos. Elektr uchun 210 ming so‘m to‘labdi, jarima to‘lovi esa 405 ming so‘m ekan. Bu - pensiyasining uchdan bir qismi.

Oilamiz yana bir qoidani buzganini, ya'ni elektr energiyasi iste’mol qilish qoidasini buzganini tan oladi. Esingizda bo‘lsa, elektrni uzib ketishganini aytgandik. Texnik Doniyor Komilov qarz uzilgandan so‘ng hisoblagichdagi taqiq qog‘ozini olib tashlashga va’da bergandi. Hatto, biz uchun telefon raqamini ham qoldirdi. Uni sakkiz soatdan ziyod vaqt kutdik. Mobil telefon orqali u bilan ikki marta gaplashgan bo‘lsam-da, baribir kelmadi.

Ishlamayotgan muzlatgichda insulin, diabet va boshqa kasalliklarga qarshi dori-darmonlar buzilib qolmasligi uchun men taqiqni buzishga qaror qildim. Qolaversa, shifokor ham bemorni qorong‘ida ko‘rmaydi-ku?!.

Toji Timurov.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech