09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3 °C

Xavfsizlik
19 Noyabr  2019 2084

IIBB: Internetda e'lon qilingan ma'lumot har doim ham to‘g‘ri bo‘lavermaydi

YouTube videxosting saytida foydalanuvchilardan biri tomonidan e'lon qilingan videoda haydovchi (video muallifi) YPX xodimi bilan tortishayotgani aks etgan videoga Toshkent shahar IIBB munosabat bildirdi.

Videoda haydovchi inspektorga hujjatlarni taqdim etishdan bosh tortib, buni qonun bo‘yicha “majbur emasligi” bilan oqlab, “qoidabuzarlikni ko‘z bilan ko‘rgan holda qayd etishga haqqingiz yo‘q, videoyozuvni talab qilaman”, deya ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomaga qo‘l qo‘ymasligini bildirgan va shuningdek, YPX inspektori xizmatni bodikamera bilan olib borishi lozim deb ta'kidlagan.

Videoda haydovchining har bir e'tiroziga inspektor qonunan to‘g‘ri javob berdi, ammo haydovchi javoblardan qoniqmagan. Haydovchi kalitni o‘t oldirgich qulfiga tiqayotib, bo‘lg‘usi tomoshabinlariga inspektor unga nisbatan hyech narsa rasmiylashtirmaganini ma'lum qilgan joyda videoyozuv yakunlangan.    

Ushbu fakt bo‘yicha shuni ma'lum qilamizki, ushbu holat 12-noyabr kuni soat taxminan 16:30 da Yangi Yunusobod chorrahasida ro‘y bergan. YHXB YPX inspektori harakatlanib kelayotgan Epica rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruv davomida telefondan gaplashayotganini ko‘radi. Shu munosabat bilan inspektor haydovchiga to‘xtash haqida ishora berib, qoidabuzarlik haqida ma'lum qilib, ma'muriy javobgarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish uchun hujjat talab qilgan. Avtomobil haydovchisi – 26 yoshli Sardorbek M. hujjatlarni chiqargan, ammo inspektorga berishdan bosh tortib, yuqoridagi e'tirozlarini bildirgan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, haydovchi har bir qayd etgan bandi bo‘yicha nohaq edi. Xususan, qonunning quyidagi bandlarini ko‘rib chiqamiz.

1.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 24.12.2015 yildagi 370-son Qarorida belgilangan Yo‘l harakati qoidalarining 7-bandiga muvofiq, mexanik transport vositasining haydovchisi ro‘yxatda ko‘rsatilgan hujjatlarni (haydovchilik guvohnomasi va uning talonini, transport vositasi qayd qilish guvohnomasini, sug‘urta polisini va hokazo) yonida olib yurishi va IIO xodimlari talab qilganda tekshirish uchun taqdim etishi shart.

2.O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 01.12.2018 yildagi 975-son Qarorining 3-bob 12-bandiga muvofiq, YPX xodimi o‘z xizmat vazifalarini bajarish vaqtida yuqoridagi hujjatlarni tekshirish huquqiga ega.

3.Xuddi shu 975-son Qarorda xizmatni bodikamera bilan olib borishi kerakligi haqida aytilgan, ammo qarorning boshida mazkur 18-bandning to‘rtinchi abzatsi 2020 yilning 1-yanvar kunidan kuchga kirishi ma'lum qilingan. Bugungi kunda ham bodikamera bilan xizmat olib borayotgan xodimni ko‘rish mumkin, ammo ushbu tartib 2020 yilning 1-yanvar kunidan majburiy bo‘ladi.

4.Shuningdek 975-son Qarorda (2-bob 6-band) haydovchi yo‘l harakati qoidalarini buzgani YPX xodimi tomonidan vizual kuzatuvda aniqlanganda ham xodim transport vositasini to‘xtatish huquqiga ega.

5.Avtomobil haydovchisi qonun bo‘yicha hujjatlarni qo‘lda ushlab turgan holda ko‘rsatib, IIO xodimining qo‘liga bermaslikka haqqi borligini ta'kidlagan. Ammo bu holatda u qoidalarda chalkashib ketdi – aynan IIO xodimi o‘z hujjatlarini fuqaroga bermasdan ko‘rsatish huquqiga egadir. Bu haqda 3-bob 14-bandda: “YPX xodimi tomonidan xizmat guvohnomasini yo‘l qatnashchisi ixtiyoriga berish taqiqlanadi”, deyilgan.

Yangi Yunusobod chorrahasida yuzaga kelgan holatga qaytib, shuni ma'lum qilamizki, inspektorning hujjatlarni taqdim etish haqidagi talabini rad qilish, ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik deb baholanadi. Ko‘rsatmaga binoan, ikki nafar xolislar ishtirokida ushbu fakt bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 194-moddasiga muvofiq bayonnoma rasmiylashtirildi. Bu holatda haydovchiga nisbatan qanday chora ko‘rilishini sud hal qiladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga (“a” bandi) ko‘ra, bu kabi holatlarda haydovchining avtomobili jarima maydonchasiga joylashtiriladi, shuning uchun avtomobil joylashgan manzilga evakuator chaqirildi.    

Shunday qilib, qoidabuzarning videoyozuvdagi choradan qo‘tilib qolgani haqidagi xabari haqiqatdan yiroqdir. Bugungi kunda video muallif tomonidan namoyish uchun cheklangan, yoki o‘chirilgan – ilgarigi havolalar orqali uni ko‘rish imkoni yo‘q.  

Hurmatli Internet tarmog‘i foydalanuvchilari! Ko‘rib chiqadigan kontentga tanqidiy yondashishingizni so‘raymiz. Xabar muallifi har doim ham rostgo‘y bo‘lmasligi va sizni aldashi mumkinligi yodingizda bo‘lsin. Shuningdek haydovchilarga murojaat qilmoqchimiz: qonunchilik bilan qisman tanishligingiz sizni dono qilib qo‘yadi deb o‘ylab yo‘llarda tortishuv chiqarmang. Hamma narsani bilmasligingiz mumkinligini unutmang.    

Har holda tortishuvlar muammoni hal qilmaydi va sizni yetuk, tarbiyali inson sifatida ko‘rsatmaydi. Agar inspektorning biror gapiga qo‘shilmasangiz, unga ortiqcha hissiyotlarsiz savol bering – u albatta sizga javob beradi. Agar shunda ham holatdan norozi bo‘lsangiz, tegishli tarzda to‘g‘ridan-to‘g‘ri inspektorning rahbariyatiga yoki IIBBga yozma ariza bilan murojaat qiling – masala ko‘rib chiqiladi, deyiladi IIBB tomonidan bildirilgan munosabatda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech