26 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,6 °C

Xalqaro munosabatlar
19 Aprel  2019 1099
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati

Mun Chje In: O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi erasiga qadam qo‘ymoqda

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tor va keng doirada muzokara o‘tkazdi. 

Davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, bu uzoq kutilgan va muhim tashrif ekanini ta’kidladi.

– Janubiy Koreya O‘zbekistonning ishonchli va ustuvor sherigi. Men 2017-yilgi uchrashuvimizni mamnuniyat bilan eslayman. Muzokaralarimiz samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan, salmoqli hujjatlar imzolangan edi. Bu keyingi yillardagi hamkorlik rivojiga asos bo‘ldi. Sizning ushbu tashrifingiz davlatlararo munosabatlarimizga yangi impuls beradi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Koreya Respublikasi Prezidenti O‘zbekistonga taklif uchun minnatdorlik bildirdi.

– O‘zbekiston qadimiy va boy tarixga ega, Buyuk ipak yo‘lining markazi bo‘lgan o‘lka. Bugungi kunda mamlakatingiz o‘z taraqqiyotining yangi erasiga qadam qo‘ymoqda. O‘zbekistonni Janubiy Koreyaning savdo va investitsiyaviy aloqalarni faollashtirishga qaratilgan “Yangi shimoliy siyosat”ida muhim o‘rin tutuvchi sherik deb bilamiz. Sizning Seulga tashrifingiz chog‘ida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirishga erishgandik. Bu safar uni alohida strategik darajasiga ko‘tarish niyatidamiz, – dedi Mun Chje In.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni har tomonlama rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. O‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni topish, “soatlarni solishtirib olish” maqsadida siyosiy muloqot va maslahatlashuvlarni faol davom ettirish bo‘yicha yakdil fikr bildirildi. 

Ikki mamlakat hamkorligi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarini kengaytirish maqsadida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga kelishib olindi. 

Savdo-iqtisodiy aloqalardagi o‘sish sur’atlari ijobiy baholanib, uni yanada oshirish uchun imkoniyatlar ko‘pligi qayd etildi. Shu maqsadda huquqiy va institutsional infratuzilmani takomillashtirish, turli darajadagi tashriflar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi uchrashuvlarni ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Muloqot chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Janubiy Koreya O‘zbekistonning mintaqada yaxshi qo‘shnichilik muhitini mustahkamlash, Orol fojiasi oqibatlarini kamaytirish, Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga ko‘maklashishga qaratilgan amaliy sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. O‘zbekiston Koreya Respublikasining Koreya yarim orolida hamjihatlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan tinchliksevar siyosatini ma’qullaydi.

Keng doiradagi muzokaralarda asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratildi. 

O‘zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi hamkorligi deyarli barcha jabhalarni qamrab olgan. Savdo sohasida eng ko‘p qulaylik tartibi o‘rnatilgan. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya o‘zaro manfaatli loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda muhim o‘rin tutmoqda. Joriy yil 4 martda Toshkentda uning to‘qqizinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. 2018-yilda iqtisodiy masalalar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosarlari majlisi formati ham yo‘lga qo‘yildi. 

O‘tgan yili ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard 130 million dollardan oshib, keyingi yillardagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. 

Mamlakatimizda koreyalik investorlar ishtirokida tuzilgan 660 korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning 354 tasi yuz foiz xorijiy sarmoya hisobidan tashkil qilingan. 

Janubiy Koreya tomoni O‘zbekistonda iqtisodiyotni liberallashtirish va investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni olqishladi. Bu mamlakatimizga investitsiyalar va yuqori texnologiyalar kelishini ko‘paytirib, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, doimiy ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston energetika, neft-gaz, kimyo, konchilik, transport va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, mashinasozlik, elektr texnikasi, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi. Janubiy Koreya kompaniyalari mamlakatimizda o‘zlarini erkin va qulay his qilishlari uchun har tomonlama qo‘llab-quvvatlanishini alohida ta’kidladi.

Muzokarada mazkur sohalardagi yangi imkoniyatlar, ularni hayotga tatbiq etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari, mamlakatimizdagi erkin iqtisodiy zonalar va kichik sanoat zonalarida korxonalar tashkil etish, “elektron hukumat”ni rivojlantirish, innovatsion va ijtimoiy sohalar bo‘yicha kadrlar tayyorlashni davom ettirishga kelishib olindi.  

Gumanitar soha O‘zbekiston va Janubiy Koreya aloqalarining yana bir muhim, kompleks yo‘nalishidir. Bugungi kunda axborot texnologiyalari, raqamli tibbiyot, ta’lim, madaniyat sohalarida samarali hamkorlik qilib kelinmoqda. Mamlakatimizning maktabgacha ta’lim tizimiga Koreya tajribasi keng joriy etilmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Janubiy Koreya Prezidenti ilg‘or tajribalardan foydalanish va kadrlar malakasini oshirishga hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.  

Prezident Mun Chje In Prezident Shavkat Mirziyoyevni o‘zi uchun qulay vaqtda Janubiy Koreyaga tashrif bilan borishga taklif etdi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech