19 Sentyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +24,8 °C

Kеyingi avlod
13 Sentyabr  2019 661

Stipendiya uchun o‘qish emas, bilim uchun o‘qish lozimligini yoshlar tushunishlari lozim

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining rasmiy veb-saytida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori Shuxrat Sirojiddinovning oliy o‘quv yurtlarida mavjud bo‘lgan talabalarni baholash va moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi to‘g‘risidagi fikri e'lon qilindi. Quyida uni e'tiboringizga havola qilamiz.

Oliy ta'lim tizimidagi, jumladan, talabalarning tabaqalashtirilgan stipendiyasi atrofidagi oxirgi o‘zgarishlar, ko‘pchilikning diqqat markaziga chiqib, bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgani hyech kimga sir emas. Ijtimoiy tarmoqlarda bu borada masalaning mohiyatini to‘liq anglab yetmasdan turlicha kayfiyatda yozilayotgan sharhlar va izohlarni ko‘rib, yurtimizdagi yetakchi ta'lim maskanlaridan birining rektori sifatida masalaga nisbatan o‘z fikrim hamda munosabatimni bildirishni lozim deb topdim.

Amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar davr va ob'ektiv sharoit talabi bo‘lib, quyidagi sabablarga ko‘ra ushbu o‘zgarishlar eng avvalo, oliy ta'limning keyingi rivoji, demakki, talabalar, yosh avlodning manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.

Avvalo tabaqalashtirilgan stipendiya talabalarning bilim uchun emas, baho uchun o‘qishlariga turtki bo‘ldi va bu o‘z navbatida korrupsion harakatlarning yuzaga kelishiga zamin yaratdi. Talabaning individual qobiliyatlarini hisobga olmasdan, uning faqat qaydnomadagi “5“lari evaziga haq to‘lash amaliyoti o‘zini oqlamadi.

Ikkinchidan, stipendiya berish amaliyoti yillar davomida boqimandalik kayfiyatini keltirib chiqardi va oliy ta'lim muassasalarining o‘rtasida o‘ziga xos sog‘lom raqobatga o‘rin qoldirmadi.

OTMning talabalarga beradigan imkoniyatlari - ular oldidagi “majburiyatlari“ degan steriotip paydo bo‘ldiki, endi ushbu o‘zgarishlar, asosan, “5 baho“ga o‘qiydigan talabalar orasida rezonans kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.

Uchinchidan, oliy ta'lim tizimidagi islohotlar, malakali professor-o‘qituvchilarni universitet va institutlarga qaytarish, ularni rag‘batlantirish borasida ham OTMlararo sog‘lom raqobat bo‘lishi zarur.

Stipendiya miqdorining optimallashuvi va stipendiyasiz shartnoma to‘lov tizimining joriy etilishi bilan bilimli va iqtidorli talaba hyech nima yo‘qotmaydi.Chunki chinakam a'lochi hamda faol talabalarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash OTM oldidagi vazifadir. Xususan, shunday talabalarga stipendiyaning 50 foizi miqdoridagi moddiy rag‘bat berish tizimi shaffof, adolatli va oqilona yo‘ldir. Qolaversa, ta'lim islohotlari davomida har bir OTMda innovatsiya fondlari joriy etilgan bo‘lib, bu fond mablag‘lari ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan talabalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.

Jumladan, o‘tgan o‘quv yilida Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida ana shunday iste'dodli talabalar eng yaxshi ishlanmalari uchun 200 ming so‘mdan mukofot puli olishdi, elektron kutubxonani takomillashtirishda faol bo‘lgan talabalar ham 1 million so‘mlik moddiy rag‘batga ega bo‘ldi.

Keyinchalik OTMning jozibadorligini oshirish, talabalar o‘rtasida haqiqiy bilimdon yoshlarni saralash va ularni mukofotlash uchun turli grant dasturlari (scholarship), xorijiy davlatlarda tajribadan o‘tgan ta'lim menejmenti yutuqlari amaliyotga joriy etiladi.

Xulosa qilib aytganda, stipendiya uchun o‘qish emas, bilim uchun o‘qish lozimligini yoshlar tushunishlari lozim. Faqat a'lo o‘qigan emas, o‘z iqtidorini jamoat ishlarida, ilmiy-ijodiy jabhalarda alohida namoyon etgan talabalar ham moddiy rag‘batlantiriladi endi.

Shuhrat Sirojiddinov,

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat

o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech