24 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +28,7 °C

Salomatlik
18 Iyun  2019 577

Bugungi kunda mamlakatimizda 96 mingdan ziyod bemor onkologik xastalik bilan ro‘yxatga olingan

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Budapesht shahrida Markaziy va Sharqiy yevropa mamlakatlarining onkologiya sohasida hamkorlik bo‘yicha xalqaro konferetsiyada ishtirok etmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yevropa mintaqaviy byurosiga a'zo 53 davlat orasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatimizda onkologik xizmat holati va rivojlantirish istiqbollari haqida taqdimot o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Mirzag‘olib Tillashayxov o‘z nutqida ta'kidlab o‘tganidek, jahonda yiliga 15 millionga yaqin inson saraton bilan kasallangani aniqlanmoqda, mamlakatimizda esa bugun 96 mingdan ziyod bemorlar onkologik xastalik bilan ro‘yhatga olingan. Mazkur masalaning dolzarbligini hisobga olgan holda, Prezidentimizning 2017-yil 4-aprelda “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu asosda yurtimizning barcha hududlarida Respublika ixtisoslashgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi filiallari tashkil etildi. Onkologik kasalliklar diagnostikasi va davolashning zamonaviy standartlari ishlab chiqilib, klinik amaliyotga joriy qilindi hamda vertikal onkologiya xizmati yaratildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Lide Lazer O‘zbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha majburiyatlarni va sog‘liqni saqlash xizmati bilan butun mamlakatni qamrab olish yo‘nalishidagi vazifalarni bajarishdagi yutuqlarini yuqori baholadi.

“Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Olib borilayotgan ushbu o‘zgarishlar ko‘plab mamlakatlar uchun namuna bo‘la oladi. 2019 — 2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqishda JSST mutaxassislarining tavsiyalari e'tiborga olinib, qabul qilinishi chindan ham tarixiy voqyeadir. Ishonchim komilki, tizimni rivojlantirish uchun butunlay yangi konsepsiyani joriy etilishi aholi salomatligini samarali himoya qilishda asos bo‘lib xizmat qiladi. Zero, tibbiyotni isloh qilishning mazkur yetti yillik rivojlanish konsepsiyasini amalga oshirish sifatli tibbiy xizmatlar ko‘lamini yanada kengaytirish, O‘zbekiston aholisining salomatligi va farovonligini oshirishda muhim ahamiyatga ega”, deya ta'kidlagan Lide Lazer.

Konferensiya yakunida ishtirokchilar Markaziy va Sharqiy yevropa hamda Markaziy Osiyoda onkologik ta'lim, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish sohasida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyani imzoladilar.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech