19 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +31,7 °C

Agrosеktor
15 Dekabr  2018 2235

Qay biri ma’qul: an’anaviymi yo innovatsion usul?

Tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilsa, ikki hissa yutamizmi? Bunga fermerlar va yer egalarini qanday qiziqtirsa bo‘ladi?

2017-yilning dekabrida Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomchilatib sug‘oriladigan maydonlarni 28 mingdan 500 ming gektarga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi. Cug‘orishning zamonaviy usullari yordamida obihayotni keng ko‘lamli tejashga o‘tish suv xo‘jaligi tashkilotlari, iste’molchilar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, birinchi galda, paxta xomashyosini yetishtiruvchilar o‘rtasida yangi o‘zaro munosabatlarni shakllantiruvchi qator institutsional mexanizm va usullarni joriy etishni talab qiladi. Qishloq xo‘jaligida mavjud tamoyillarni saqlagan holda, an’anaviy usullar bilan maqsadga erishish juda mashaqqatli ish. Fermerlarga birgina imtiyozli kreditlar berish bilan ham ish bitmaydi.

Barcha qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtiruvchilar uchun tomchilatib sug‘orishning keng joriy etilishi davlat, fermerlar, Suv iste’molchilari uyushmalari (SIU), tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqaruvchilar, potensial investorlar uchun «win-win» (ikki hissa yutish) sharoitini yaratadi. Agar davlat buyurtmasi bilan yetishtiriladigan arzon xomashyo va paxta xomashyosiga (bundan klaster ishlab chiqarishi mustasno) yetib borish huquqi bo‘lmasa, suvni tejashga investitsiyalar kiritishga qiziqtirib bo‘lmaydi.

«Oq oltin» yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari tomchilatib sug‘orish tizimlarini xarid qilish va o‘rnatish uchun yetarlicha mablag‘i bo‘lmagani sababli davlatdan imtiyozli kredit ko‘rinishida yordam oladi. Bundan tashqari, ularni ekspluatatsiya qilish uchun har yili bir martalik tasmalarni almashtirishga ham moliyaviy mablag‘lar zarur. Paxtadan yuqori hosil olish qator tavakkalchiliklar bilan ham bog‘liq, albatta. Fermerlar esa imkon tug‘ildi deguncha yana an’anaviy, arzon qo‘l mehnatidan foydalangan holda, jo‘yaklab sug‘orishga o‘tadi.

Misol uchun, polietilen granulalar ishlab chiqaradigan Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi tajribasini olaylik. Korxona 2011-yili uskunalar sotib olib, tomchilatib sug‘orish tizimlarini ishlab chiqara boshlagan. Davlat topshirig‘iga ko‘ra, korxona 2015 yilga qadar Qashqadaryo, Buxoro, Navoiy, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining har birida 50-100 gektardan maydonda tomchilatib sug‘orishni namoyish etish uchastkalarini barpo etdi. Barcha holatlarda dehqonlar yaxshi, getariga o‘rtacha 25 dan 50 sentnergacha hosil ko‘tardilar. Uch yillik ekspluatatsiyadan so‘ng mo‘ljaldagi daromad kelmagach, majmua tizimni fermer xo‘jaliklariga berib yubordi. Ular esa tizim ishlab turishi uchun yetarlicha mablag‘ga ega bo‘lmagani sababli yana an’anaviy, jo‘yaklab sug‘orishga o‘tishdi. Yuzaga kelgan vaziyatda yetkazib beruvchiga tomchilatib sug‘orish tizimini ishlab chiqarish va o‘rnatib berish emas, balki granula sotish ko‘proq daromad keltirdi.

Yuqoridagi misolni keltirishdan maqsad tomchilatib sug‘orish usulini keng ko‘lamda joriy etishda faqat kompaniyalar, tijorat yoki moliyaviy tuzilma (investorlar)largina yetakchi kuchga aylanishi mumkinligini ta’kidlashdir. Aynan kapital mablag‘larning mavjudligi ushbu soha kelajagini belgilab beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, shunday sharoit yaratish kerakki, fermerlarda suv resurslarini kam sarflab, yuqori hosil olishga qiziqish uyg‘onsin. Hozircha ularni rekord hajmdagi mahsulot olish qiziqtirayotgani yo‘q, ammo tabiiy resurslardan keng foydalanishmoqda. Negaki, tejamkorlik ular uchun birlamchi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri foyda emas. An’anaviy sug‘orish qulayroq, hatto, moddiy ma’noda ham.

Potensial investorlarga esa, o‘z ishlab chiqarishini kengaytirish yoki xomashyo va tayyor mahsulot ko‘rinishida eksport qilishi uchun rejadan oshiqcha olingan paxta xomashyosi yoki boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining bir qismi qolishi kerak.

Boshqa to‘siq – tomchilatib sug‘orish tizimining qimmatligi. Ishlab chiqaruvchilar ularning narxini tushirishi uchun xomashyoni sotib olishi, uskunalarni chetdan import qilishi va bunday tizimlarni eksport qilishiga imtiyozlar belgilash mumkin. Shu yo‘l bilan faoliyati ichki va qo‘shni Markaziy Osiyo davlatlari bozoriga yo‘naltirilgan tayyorlab beruvchilar doirasini shakllantirish va kengaytirish ta’minlanadi. Bunda, shuningdek, polietilen granulalar ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish imkoniyatini ham ko‘rib chiqish muhim.

Navbatdagi muhim omil – fermerlarni kam suv sarflab yuqori hosil ko‘tarishga qiziqtirish. Bunda ikkita vositadan foydalanish mumkin: kerakli muddat va miqdorda suv yetkazib berishni (jo‘yaklab sug‘orishda sarflanadigan suv miqdorining umumiy miqdoridan 40 foizga kam suvni dalalarga yetkazib berish) kafolatlagan holda tomchilatib sug‘orish joriy etilayotgan hududlarda yetkazib beriladigan suv resurslari hajmini qisqartirish; jo‘yaklab sug‘orishdan olingan hosildan oshiqcha paxta xomashyosi (so‘nggi uch yilda o‘rtacha) narxini oshirish. O‘z dalasida zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan dehqonlar obihayot sarfini kamaytirishga hissa qo‘shadi, shu bois paxta xomashyosini qimmatroq narxda xarid qilish ortiqchalik qilmaydi. Bundan fermerlarda suv tejovchi tizimlarni o‘rnatishga bo‘lgan qiziqish ortadi. Sug‘orishda muammolar bo‘lmagan yer egalarida ham ayni damda bunga qiziqish yo‘q. Buni tomchilatib sug‘orish me’yoridan oshiqcha suv resurslarini yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan to‘g‘rilash mumkin. Ya’ni zamonaviy irrigatsiya texnologiyasi ishlashi uchun qancha miqdorda obihayot zarur bo‘lsa shuncha miqdorda yetkazib berib. Bu vazifani suv xo‘jaliklari tashkilotlari amalga oshirishga qodir.

Ular ortiqcha resurslarni suv tanqisligi kuzatilayotgan boshqa irrigatsion tizimga yo‘naltirishi mumkin. Bu o‘z navbatida suv yetkazib berish xizmatlari uchun to‘lovni amalga oshirishni joriy etishga, va hatto, tejalgan suv bozorining rivojlanishiga sharoit yaratadi. Kanallardagi oqar suvdan mashinalar yordamida sug‘orishdan tomchilatib sug‘orishga reja asosida o‘tish natijasida suv xo‘jaligi tashkilotlari nasos stansiyalariga sarflanadigan elektr energiyasini tejashi va bunga ketadigan mablag‘larni irrigatsiya tizimlarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish, soha kadrlari malakasini yangi darajaga ko‘tarish va ilmiy tadqiqotlar olib borishga yo‘naltirishi mumkin. Shuningdek, bunda qishloq xo‘jaligi ekinlari hosili va ularga sarflangan mablag‘larni sug‘urta qilish ham dolzarb masaladir.

Davlat ham suv resurslari tanqisligi o‘sib borayotgan sharoitda paxta xomashyosi yetishtirish hajmini oshirish va aholi bandligini ta’minlash, nasos stansiyalari ishlashi uchun elektr energiyasini mablag‘ bilan ta’minlashni qisqartirish imkoniga ega bo‘ladi. Yuqorida keltirilgan tadbirlarning amalga oshirilishi, nazarimizda, tomchilatib sug‘orish tizimlarini keng joriy etish uchun zarur shart-sharoit yaratadi.

Akmal Karimov.

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti dotsenti.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech