18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29,1 °C

Turizm
27 Mart  2019 1067

Ispaniyada O‘zbekistonga bag‘ishlangan Le Petit Futé turistik qo‘llanmasi nashrdan chiqdi

Ispaniyada O‘zbekistonga bag‘ishlangan jahonga mashhur Le Petit Futé qo‘llanmasi chop etildi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi saytida ma'lum qilinishicha, ushbu gid loyihasi Ispaniyaning Alhena Media hamda Fransiyaning Le Petit Futé nashri bilan hamkorlikda, O‘zbekistonning Madrid shahridagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilgan.

 

Ispan tilidagi qo‘llanma 80 ming nusxagacha nashr etiladi. Nashrning 336 sahifasida O‘zbekiston, uning tarixi va buyuk allomalari, madaniyati, san’ati, an’analari, sporti, shuningdek, siyosati va iqtisodiyoti, aholisi, oshxonasi va milliy o‘yinlari haqida batafsil ma’lumot taqdim etilgan.

Nashrda barcha ma’lumotlar ko‘p sonli rang-barang illyustratsiyalar bilan birga uzatilgan. Undan so‘zlashuv qo‘llanmasi, viloyat va shaharlar xaritasi ham o‘rin olgan. O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish qiluvchi qo‘llanma yurtimizga tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Nashrda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosi, qadimiy an’analari va urf-odatlarini yaxshi saqlab qola olgani ta’kidlanadi. “Aynan boy o‘tmish sehri eng sirli afsona va jumboqlarni kashf qilish istagi bo‘lgan zamonaviy sayyohni o‘ziga jalb qiladi”, - deyiladi qo‘llanmada.

Kitobda O‘zbekiston buyuk imperiyalar (Iskandar Zulqarnayndan to Chingizxon va Temurlang imperiyalari)ning tug‘ilishi, ziddiyatlari va halokatining guvohi bo‘lganligi qayd etilgan.

O‘zbekistonning zamonaviy rivojiga kelsak, Prezident Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari tufayli mamlakatda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi, iqtisodiy va ijtimoiy sohalar faol rivojlanmoqda, qo‘shni mamlakatlar va uzoq xorijiy davlatlar bilan ikki tomonlama munosabatlar kengaymoqda.

Ushbu qo‘llanma O‘zbekistonga sayohatni rejalashtirayotgan turistlar uchun ko‘p savollarga javob topishga hamda safarni tashkillashtirishga yordam beradi.

Ma’lumot uchun: Le Petit Futé — 1976-yildan beri nashr etiluvchi qo‘llanmalar seriyasi. Bugunga kelib seriyada 400 dan ortiq kitob taqdim etildi. Qo‘llanmalar shaharlar, hududlar, mamlakatlar hamda mavzular bo‘yicha bir necha toifaga bo‘linadi. Le Petit Futé dunyoning turli tillarida chop etiladi. Har kuni sayyohlarga 189 mamlakatdagi 800dan ziyod yo‘nalish bo‘ylab hamrohlik qiluvchi 4 yangi qo‘llanma paydo bo‘ladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech