20 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +17,6 °C

Hukumat
1 Mart  2019 2232

Ijtimoiy-iqtisodiy va maʼrifiy sohalarda belgilab berilgan vazifalar ijrosi yangi taraqqiyot ufqlarini ochadi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, yirik loyihalar bilan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 28 fevral – 1 mart kunlari Namangan viloyatida boʻldi.
Bahorning ilk kunini namanganliklar katta quvonch va ezgu orzu-umidlar bilan kutib oldi. Ana shunday qutlugʻ kunlarda davlatimiz rahbarining viloyatga tashrifi yoshu qarini yanada ruhlantirib yubordi.
 
Tashrifning ikkinchi kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan shahrida viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholi turmush sharoitini yanada yaxshilash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Videokonferensaloqa shaklida oʻtgan yigʻilishda viloyat faollari, deputatlar, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shaharlar va tumanlar hokimlari, nuroniylar, yosh tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
 
Davlatimiz rahbari viloyatda oʻtgan yili amalga oshirilgan ishlar haqida toʻxtaldi, barcha sohada erishilgan natijalar tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilab berildi.
 
Oʻtgan yili qanday natijalarga erishdik, odamlar hayotida nimalar oʻzgardi, degan savol hammamizni qiynashi kerak. Bu savollarga javob topish uchun har kuni izlanishimiz, zamon talablarini oʻrganib, ilm, aql bilan mehnat qilishimiz zarur. Shunda iqtisodiyotimiz raqobatbardosh boʻladi. Bu nima degani? Chet elda bozor topish, zamonga munosib boʻlish, degani. Qachon munosib boʻlamiz? Ilgʻor texnologiya boʻlsa, ularni ishlata oladigan yoshlarimiz safi kengaysa, sifatli mahsulot chiqara olsak, dedi Shavkat Mirziyoyev.
 
Yigʻilishda oʻtgan yili viloyatda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻm boʻlgan 577 ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish obyekti ishga tushirilgani, investitsiyalar hajmi 1,7 barobar oshgani qayd etildi.
 
Shu bilan birga, Namangan viloyatini rivojlantirish boʻyicha mavjud imkoniyatlar va rezervlar toʻliq ishga solinmayapti. Oʻtgan yili yalpi hududiy mahsulot oʻsishi respublika koʻrsatkichidan 2 barobar past boʻlgani, qishloq xoʻjaligida mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaygani tanqid qilindi.
 
Namangan viloyatini kompleks rivojlantirish uchun 2,8 milliard dollarlik loyihalarni nazarda tutadigan dastur ishlab chiqildi. Unga koʻra, viloyatda 2019-2020 yillarda 1 ming 400 dan ortiq investitsiya loyihasi amalga oshiriladi, 1,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Buning samarasida 39 mingta doimiy ish oʻrni yaratiladi.
 
Namangan xalqi azaldan uddaburon tadbirkorligi bilan ajralib turadi. Keyingi yillarda yosh tadbirkorlar kreativ gʻoyalari bilan yanada tanilmoqda.
 
Davlatimiz rahbari bu jihatlarni eʼtiborga olgan holda, viloyatda “Har bir oila – tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun 1 trillion soʻm ajratilishini maʼlum qildi. Bu mablagʻlar hisobiga viloyatda oilaviy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashning yangicha tizimi joriy etiladi.
 
Viloyat tumanlari markazini obod qilish maqsadida har bir tumanga 20-25 milliard soʻmdan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlariga kiritilgan qishloq va mahallalarga qoʻshimcha ravishda 2 milliard soʻmdan ajratilishi qayd etildi.
 
Yigʻilishda Prezidentimiz ijtimoiy, madaniy-maʼrifiy sohalarni rivojlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdi. Yosh avlod maʼnaviyatini yuksaltirish, ular oʻrtasida sport, sanʼat, kitobxonlikni ommalashtirish, kompyuter texnologiyalariga qiziqtirish, buning uchun joylarda zarur sharoitlar yaratish, taʼlim sifatini oshirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
 
Prezidentimizning sogʻliqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga oid qarorlari natijasida joylarda zamonaviy tibbiy muassasalar ishga tushirilmoqda. Namangan shahridagi “ANAMED” xususiy diagnostika markazi ana shunday subyektlardan biri.
 
Davlatimiz rahbari tashrif chogʻida ushbu diagnostika markazi faoliyati bilan tanishdi.
 
Neyrojarrohlik, nevrologiya, kardiologiya, urologiyaga ixtisoslashgan ushbu markaz “General Yelestris”, “Siyemens”, “BTL”, “Mirevarra”, “Fijifilm” kabi mashhur kompaniyalarning ilgʻor diagnostika uskunalari bilan jihozlangan. Eng zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan ikkita blokda jahon andozalari darajasida jarrohlik amaliyotini oʻtkazish mumkin. Ayni paytda 52 oʻrinli statsionar boʻlimini foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.
 
Oʻttizdan ortiq kishi mehnat qilayotgan muassasada malakali kadrlar jamoasini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasidagi yetakchi diagnostika markazlari bilan hamkorlik oʻrnatilgan. Oʻtgan davrda bir guruh shifokorlar ushbu mamlakatlarda malaka oshirib qaytdi. Hindiston va Rossiyadan tajribali shifokorlar ishga jalb etilgan. Statsionar va fizioterapiya boʻlimlari ishga tushirilishi bilan yana 50 dan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
 
Davlatimiz rahbari toʻgʻri tashxis qoʻyish va kasalliklarni erta aniqlash uchun bunday diagnostika markazlari muhimligini taʼkidladi.
 
Shu yerda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Namangan viloyati axborot-kutubxona markazini modernizatsiya qilish va kitobxonlik madaniyatini oshirish konsepsiyasi taqdimoti oʻtkazildi. Unga muvofiq, viloyatning yana 50 mahallasida kutubxona, 12 ta zamonaviy koʻchma kitob doʻkoni barpo etish, 4 ta “Bibliobus” faoliyatini yoʻlga qoʻyish rajalashtirilgan.
 
Shavkat Mirziyoyev aholiga kitoblarni qulay tarzda yetkazib berish, viloyatda yashab oʻtgan atoqli alloma va adiblarning asarlarini nashr etish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
 
Davlatimiz rahbari 2018 yil may oyida viloyatga tashrifi chogʻida Namangan shahri markazida barpo etilayotgan “Afsonalar vodiysi” madaniyat va istirohat bogʻi loyihasi bilan tanishgan va uni eng zamonaviy talablar asosida barpo etish zarurligini taʼkidlagan edi. Bu galgi tashrif doirasida mazkur bogʻda olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi.
 
Bogʻ qurilishiga Turkiyaning “DOME Partners” kompaniyasi jalb etilgan boʻlib, uning hududida savdo-koʻngilochar markazlar, hunarmandlar mahorat markazi, sayilgoh koʻchasi, ochiq va yopiq akvapark, kutubxona, restoran va kafelar, tramvay yoʻli, toʻrt yulduzli mehmonxona, oilaviy dam olish maskanlari, koʻl, musiqali favvoralar barpo etiladi. Loyihaga asosan istirohat bogʻiga 8 turdagi attraksionlar oʻrnatiladi.
 
Shavkat Mirziyoyev qurilish jarayonini koʻzdan kechirar ekan, jahonda oʻxshashi kam boʻladigan mazkur madaniyat va istirohat bogʻi kelgusida nafaqat viloyat, balki yurtimizning oʻziga xos tashrif qogʻoziga aylanishini qayd etib, qurilishni jadallashtirish lozimligini taʼkidladi.
 
Namangan shahrining Yuksalish mahallasi keyingi ikki yilda butunlay yangi qiyofa kasb etdi. 2018 yilda bu yerda 588 xonadondan iborat 14 ta 7 qavatli arzon uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi.
 
Joriy yil oxirigacha yana 14 ta shunday uy-joy qurilib, xonadonlar soni 1 ming 176 taga yetkaziladi. Shuningdek, ushbu hududda Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xizmatchilari uchun 8 ta 5 qavatli turar joy binosi barpo etilmoqda.
 
Bundan tashqari, hududning bosh rejasiga muvofiq, monolit uslubida 9 va 12 qavatli zamonaviy turar joylar, shuningdek, bozor, sport-sogʻlomlashtirish markazlari, bogʻcha, maktab, koʻp qavatli avtomobil saqlash joyi qurish rejalashtirilgan.
 
Yuksalish mahallasi yonida 80 gektarlik kichik sanoat zonasi tashkil etilmoqda. Sanoat zonasi toʻliq ishga tushgandan soʻng 7 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
 
Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan “Hyundai” avtomobil zavodi ham shu hududga yaqin joyda barpo etiladi. Ham hudud, ham ishlab chiqarish salohiyati ortishi hisobiga Yuksalish mahallasi yuqori texnologik shaharchaga aylanadi.
 
Davlatimiz rahbari Yuksalish mahallasida barpo etilayotgan koʻp qavatli uylar va hududni rivojlantirish loyihalari bilan tanishdi.
 
Namangan shahrining A.Xoʻjayev koʻchasida “IT park” tashkil etiladi. Uch qavatli binoda maktab oʻquvchilari va oliy taʼlim muassasalari talabalariga yangi zamonaviy texnikalar bilan ishlash koʻnikmasini oʻrgatuvchi kurslar, toʻgaraklar faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.
 
Prezidentimizga rossiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan Namangan shahrini rivojlantirish boʻyicha takliflar, zamonaviy shaharsozlik meʼyorlari asosida Yuksalish shaharchasini obod qilish, biznes markazlar, dam olish maskanlari, sayilgohlar barpo etish rejalari haqida maʼlumot berildi.
 
Davlatimiz rahbari uy-joylarni sifatli qurish bilan birga, ularga xizmat koʻrsatish darajasini ham oshirish kerakligini taʼkidladi. Shaharni istiqbolda yanada rivojlantirishga doir loyihalarni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
 
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatiga tashrifi yakunlandi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech