06 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +6,9 °C

Mamlakatimizda
28 Mart  2019 1519

Har bir murojaat Prezident Administratsiyasi nazoratida

Navoiy viloyati Nurota tumani aholisi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda viloyatdagi Prezident Xalq qabulxonasi tomonidan ommaviy sayyor qabul tashkil etildi.

 

Mazkur qabul viloyat markazidan  240 km uzoqlikda joylashgan Nurota tumanining “Temirqovuq”  mahalla fuqarolar yig‘inida “Temirqovuq”, “Chuqurquduq”, “Cho‘pon ovul”, “Qo‘ziboy quduq” qishloqlari  hamda “Sentop” va “Kattasoy” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisi uchun tashkil etildi. Unda 300 dan ortiq fuqarolar ishtirok etib, mahalliy aholi uchun dolzarb bo‘lgan 100 ga yaqin masalalar bilan murojaat etdi.

“Bizda suv ta’minotida qiyinchiliklar bo‘lgani uchun dehqonchilik qilishda qiynalamiz. Qurbi yetganlar ortizan bilan suv chiqarishmoqda, yetmaganlarning esa ahvoli og‘ir”, – deydi fuqaro O‘ral Usmonov. Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shu masala tuman aholisini yillar davomida qiynab kelayotgan muammodir. Suvsizlik sabab na tomorqada, na dalada ekin ekish ishlarini yuritib bo‘lmayapti. Ayniqsa, jazirama chilla kunlari mazkur masala dehqonlarni qiyin ahvolga solib qo‘yar ekan.

Muammoni hal etish maqsadida mutasaddilar tez kunlarda imtiyozli kredit evaziga har bir xonadonga ortizan quduq qazib berib, suv chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shuningdek, tadbir davomida mutasaddilar aholining uy-joy bilan ta’minlash, turar joyni kadastr qilish, iste’mol krediti olish, ishsizlik, sog‘liqni saqlash, ichki yo‘llarni ta’mirlash, eskirib ketgan sim yog‘ochlarni yangilariga almashtirish masalalari bo‘yicha ham bildirgan shikoyatlarini tinglab, o‘z joyida murojaatlarning aksariyat qismini qanoatlantirishdi.

– Bugun  hududdagi 40 kilometrlik ichki yo‘llarni ta’mirlash, mavjud MTMlarni rekonstruksiya qilish, yangilarini qurish masalalarini 2019-2020-yillarga mo‘ljallangan davlat dasturiga kiritish belgilandi, – deydi viloyat IIB boshlig‘i Rustam Tursunov. – Biz viloyat IIB sektoriga qarashli bo‘lgan mazkur hududlarda shu kunga qadar ham bir necha bor sayyor uchrashuvlar tashkil etgan edik. Ammo bugun aholi qamrovi va muammolarni hal etish imkoniyatlar yanada kengaydi.

“Temirqovuq” MFY fuqarosi Elyor Boboyorov bir necha yildan buyon yashab turgan xonadonida sartaroshlik bilan shug‘illanib keladi. U faoliyatini  kengaytirish, sartaroshxonasini noturar joyga aylantirib zamonaviy jihozlash uchun kam foizli kredit so‘rab murojaat qildi

– Men shu kungacha kam foizli kredit olish uchun rosa yugirdim. Yo‘l-yo‘rig‘ini yaxshi bilmaganim uchunmi kredit ololmagandim. Bugun murojaatim hal etilib, menga 10 million so‘m kredit ajratilishi bo‘yicha qaror qabul qilindi, – deydi E.Boboyorov. – Uchrashuvda menga o‘xshagan yana 3 nafar kishiga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit olishga qaror chiqarildi.

Tadibir yakunida viloyat va tuman rahbariyatiga aholidan kelib tushgan murojaatning har biri O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining nazoratida turishi ta'kidlandi va ma'lum muddatdan so‘ng ushbu muammolarning hal etilish holati bo‘yicha barcha tuman va viloyatlarda qayta tekshiruvlar o‘tkazilishi alohida ta'kidlab o‘tildi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech