19 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +3,2 °C

Olimlar dеydiki...
25 Sentyabr  2019 989

Gazeta – taraqqiyot indeksi...mi?

Dunyoda bosma nashr borki, u qanchalik erkin va mustaqil bo‘lishga urinmasin, albatta biznes doiralar yoki siyosiy kuchlar bilan o‘zaro hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Albatta sof nazariy jihatdan ommaviy medianing tabiati buni inkor etadi. Chunki OAV uchun har tomonlama mustaqil bo‘lish uning kuchi-qudratini belgilaydi.

Biroq amaliyotdagi shart-sharoitlar har doim ham biz istagandek oson kechmaydi. Iqtisodiy jihatdan emin-erkin faoliyat yuritish konseptual yondashuv hamda ko‘p tomonlama bahamjixatlikni talab etadi.

Shu sababdan hozirgi davrda gazetalar turli strategiyalarni ishga solmoqdalar. Misol uchun, nashrlarni bepul tarqatish orqali auditoriyani ushlab qolishga harakat qilmoqdalar.

Tahririyatlarning ayrimlari reklama beruvchilarga tayansa, ba'zilari hukumat tashkilotlari bilan hamkorlikni afzal bilishmoqda. 

Bepul gazeta: xalqaro gigantlar

Jahon jurnalistikasi tarixida ilk bepul gazeta – Manly Daily bundan 100 yil oldin Avstraliyada chop etila boshlangan edi. Hozirgi kunda dunyoning  59ta mamlakatida jami hisobda  240ta kundalik va qariyb  500dan ziyod boshqa turli bosma nashrlar chiqarilmoqda. Kundalik bepul gazetalarining kunlik tiraji 40 milliondan oshadi.

Ayni paytda ularning orasida Metro International yetakchilik qilmoqda. Mazkur nashr 18 ta mamlakatda, shu jumladan Rossiyada Metro brendi asosida faoliyat olib boradi. Umumiy hisobda 56 nomdagi bosma nashrlari bor.

Gazetani 1992-yilda loyiha sifatida o‘ylab topishgan va ilk soni 1995-yilda Stokgolm shahrida chiqqan. Metro avvalambor, jamoat transportlari qatnaydigan joylarda, masalan, metroga kiraverishda,  avtobus va trolleybus bekatlarida, tirband ko‘cha va maydonlarda tarqatiladi.

Bepul gazetalar orasida yana bir yirik nashr, ya'ni “Metro”ning raqobatchisi – Norvegiyada chop etiladigan “20 Minutes” hisoblanadi. Uning birinchi soni 1999-yilning dekabr oyida chiqqan. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu gazeta Ispaniiya, Fransiya va Shveytsariyada eng mashhur nashrlar qatoriga kirar ekan. Gazeta noshiri Schibsted tomonidan “Moy rayon Sankt-Peterburg” ham chop etib kelinmoqda.

AQSh tajribasi

New York Times Co. kompaniyasi Bostondagi bepul gazetalardan biriga 16, 5 million dollar sarmoya kiritgani bejiz emas. Chunki amaliyotda bepul gazeta chop etish yangicha biznes strategiya ekanligini mamlakatdagi ayrim noshirlar so‘ngi yillarda isbotlashga ulgurdilar.   

Shundan so‘ng “The Washington Post”, “Chicago Tribune”, “Chicago Sun-Times” va “The Dallas Morning News” hama bunday g‘oyadan chetda qolib ketmadilar. Ular gazetalarni tekin tarqatish yo‘li bilan raqobatchilarni yengish va yoshlarni gazeta o‘qishga qaytarishga urinmoqdalar. Qolaversa, yoshlar auditoriyasini jamlash orqasidan yangi reklama beruvchi hamkorlarni topish nihoyatda muhim vazifa hisoblanadi.

To‘g‘ri, an'anaviy OAV auditoriyasi yosh jihatdan qarib bormoqda. Shu sababdan ham bepul gazetalarning ko‘paytirilishiga samarali va kerakli strategiya  deb qaralmoqda.

Yoshlarning gazeta o‘qimay qo‘yganliklari dastidan ko‘rilgan zarar bo‘yicha ayrim statistik ma'lumotlarga e'tibor beraylik. AQSh gazetachilarilarining “Newspaper Association of America” (NAA) assotsiyasiyasi o‘tkazgan ijtimoiy so‘rovlar natijasiga ko‘ra, hozirgi paytda yoshlarning bor-yo‘g‘i 17 % gazeta obunachalari ekan. Shu sababdan 2000-yilda rekord darajaga chiqqan, ya'ni umumiy yillik hisoblar $48 mlrd. dollardan iborat bo‘lgan gazeta reklamalari miqdori 2004-yilga kelib $46 mlrd.ga tushib qolgan va undan keyingi yillar davomida esa keskin  kamayib ketgan. Albatta aholining yosh va faol qatlami gazeta o‘qimas ekan unda beriladigan reklamalarning kutish mantiqqka to‘g‘ri kelmaydi.

Ana shunday vaziyatda bepul gazetalar tarqatish orqali qanday naf ko‘rish mumkin? Bu savolga aniq javob hozircha yo‘q. Biroq Belo Corp. kompaniyasining Dallasda chop etiladigan va tekinga tarqatiladigan “Quick” gazetasiga 200dan ortiq yangi reklama beruvchilar hamkorlik qilishni taklif etgan va natijada 10 million dollar daromad olingan. Amerikalik gazeta iqtisodchisi Maylz Grouv (Miles Grove) e'tiroficha, bepul gazeta uchun bu ko‘rsatkich yomon emas.

Mamlakatda keyingi 20 yil ichida 18-24 yoshli gazeta o‘quvchilari soni 55%ga kamaygan. Noshirlarning umid qilishlaricha, bepul gazeta tarqatish orqali yoshlarni gazeta o‘qishga qiziqtirish va eng asosiysi, ularni kelajakda potensial obunachiga aylantirish mumkin.

Ayni paytning o‘zida ham daromadni oshirish mumkin. Chunki “X va Y” avlodi gazeta o‘qiy boshlasa, o‘z-o‘zidan reklama beruvchi firmalar ham ko‘paya boradi. Natijada yaxshigina foyda qo‘lga kiritiladi.

Ammo ekspertlar fikricha, gazetalarni bepul tarqatishning salbiy oqibati ham bor. Misol uchun, o‘quvchi yangiliklarni tekinga olishga ko‘nikib qolsa, payti kelib unga pul to‘lashni istamasligi mumkin.

Yana bitta salbiy tomoni: odatda bepul gazetalar tili pullik gazetalarga nisbatan ancha sodda va jo‘n bo‘ladi. Bunday holatning ko‘p davom etishi nafaqat kontentning, balki jurnalistikaning ham sifatiga jiddiy zarar keltirishi ehtimoldan holi emas.

Rossiyadagi holat

Rossiyada birinchi bepul gazeta –  ingliz tilidagi Moscow Times 1992-yildan boshlab chop etila boshlagan. 

2007-yilga kelib mamlakatdagi tekin gazetalar bozori ancha rivojlandi. Chunki ular bir tomondan o‘quvchilar orasida ommalashdi, ikkinchi tomondan esa reklama beruvchilarning e'tiborini tortdi. 

“Metro International” kompaniyasi Sankt-Peterburgda 250 ming tirajlik “Metro Beauty” – bepul ayollar jurnalini ta'sis etdi.  Solishtirish uchun: mamlakatdagi yetakchi pullik ayollar jurnali “Cosmopolitan” bor-yo‘g‘i 96 ming tirajga ega xolos.

Ekspertlarning fikricha, aynan ayollar jurnallari uchun reklama beradigan kompaniyalarning ko‘pligi ushbu nashrlarning rivojlanishiga asos bo‘lmoqda.

Moskvada keyingi yillarda bepul gazetalar o‘z pozitsiyalarini mustahkamlab oldilar. Masalan 2006-yilning sentabr oyidan boshlab chop etilayotgan ushbu yo‘nalishdagi eng yirik “Moy rayon” gazetasining hozirgi tiraji 1 millin 400 minga yetdi. U asosan mamlakat poytaxti tumanlarida va Sankt-Peterburg shahrida tarqatiladi.   

Yana bir ommabop bepul gazeta “Metro” an'naviy “Moskovskiy komsomolets” va “Komsomolskaya pravda” bilan bellashmoqda. Ushbu gazeta Moskva metropolitenining 108ta bekati, “Sedmoy Kontinent”, “Perekrestok” va “Ramstor” kabi yirik supermarketlarda  tarqatiladi.

Ijobiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan yana boshqa jihatlar ham bor. “Metro” gazetasi kontent va dizaynni muntazam ravishda modernizatsiya qilib boradi. Shuningdek, tarqatish hududlarini kengaytirirish barobarida reklama bo‘yicha nostandart takliflar bilan chiqmoqda.  Shu bois u bilan hamkorlik qilish istagidagi kompaniyaalar soni kamaymayapti.

Yuqoridagi bepul gazetalar qatoriga “Sobesednik. Moskovskiy pochtovыy vыpusk”, “Roditelskiy dom” va “Vmeste” kabi nashrlar ham qo‘shildi.

Aytmoqchi “Roditelskiy dom” gazetasini tashkil etish g‘oyasi Moskva shahrining meriga tegishli bo‘lib, u 110 ming tirajda bosib chiqarilmoqda.

Bolalar uchun mo‘ljallanshan “Vmeste” gazetasi esa Xalqaro bolalar kuniga bag‘ishlab chiqarila boshlangan. Adadi  10 mingdan ziyod.

Har ikkala gazeta “Moskovskiy komsomolets” nashriyot uyi tomonidan Moskva shahar jamoatchilik bilan aloqalar qo‘mitasi bilan hamkorlikda chop etilmoqda.

Umuman olganda Moskva prefekturalari va tumanlari (uprava) tomonidan 130 xildagi bosma nashrlar bir martalik  4 million tirajda bosmadan chiqariladi.

Bepul gazetalar Rossiyaning chekka hududlarida ham faoliyat olib bormoqa. Federal boshqaruv organlari aynan shu kabi gazetalar orqali o‘z g‘oyalarini targ‘ib qiladilar. Shuningdek, ularga siyosiy-ijtimoiy axborot manbai sifatida qaraydilar.

Bosma OAV: daromad manbai bo‘la oladimi?

Aksariyat nazariyachi olimlar bosma nashrlarga daromad keltiruvchi biznes sub'ekt  sifatida baho bersalar-da, yaxshi marketing va menejmentsiz, bu sohaning o‘zidan bevosit mo‘may daromad topish, boyib ketish mushkul. Ishning ko‘zini bilmagan odam uchun har qanday bosma nashr koni zarar tuyulishi mumkin. Ayniqsa, 3 ming tirajga yeta olmaydigan hududiy gazetalarimiz foyda haqida o‘ylamasa ham bo‘laveradi.

Har qanday kichik yoki yirik tahririyatning erkin bozor sharoitida oyoqda mustahkam turishi uchun unga zarur imtiyozlar, iqtisodiy preferensiyalar berilishi kerak. Aks holda odatdagidek qog‘oz narxi, bosmaxona xarajatlari, qolaversa, oddiy ijara yoki kommunal to‘lovlari sohadagi boshliqlarning “belini og‘ritib qo‘yadi”.

Gazetaning tiraji qancha ko‘paysa, nafaqat tahririyat xodimlarining moliyaviy ahvoli yaxshilanadi, balki nashrlarni tarqatuvchi pochta va boshqa kurerlik xizmatlarida ham qo‘shimcha ish joylari paydo bo‘lishiga zamin yaratadi.

Asrimiz ichidan yemirilmasin

Yana bir masala. Bugungi axborot globallashuvi davrida media makondagi g‘oyaviy bo‘xtonlardan o‘quvchilarni asrash, ularni tarmoqlardagi feyk yangiliklardan himoyalashda an'anaviy OAV, xususan gazetalarning o‘rni har qachongidan muhimroqdir. To‘g‘ri, bundan 10-15 yil oldin “biz rivojlangan axborot asrida yashayapmiz” deb quvongan edik.

Biroq media makondagi axborot bosimi shu qadar kuchayib ketdiki, oddiy o‘quvchi, ayniqsa, media savodxonligi bo‘lmagan inson, oqni qoradan ajrata olmay, ana shu axborot girdobiga g‘arq bo‘lib ketishi hech gap emas.

Shu ma'noda taniqli o‘zbek olimi va yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad aytganidek, “insoniyat tarixida tosh asri, bronza asri, temir asr va yana boshqa asrlar ko‘plab bo‘lgan. Eng achinarlisi, ular o‘z-o‘zini birin-ketin, ich-ichidan kemirib tamom qilgan. Shu sababdan hozirgi asrda axborotni boshqaruvini, uning jilovini o‘z qo‘limizga olmas ekanmiz, u ertaga bizni boshqaradi, o‘ziga qul qilib qo‘yadi. Bunga esa aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”.

Gazetalar xorijda qanday qo‘llab-quvvatlanadi?

Britaniyada gazetalar umumiy qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi 20 foizdan oshmasa davlat solig‘ini to‘lamaydilar. Kanadada gazetalarni o‘quvchilarga yetkazib berishdagi xarajatlar davlat byudjeti hisobidan kompensatsiya qilinadi. Xitoyda esa gazetalarning uchdan ikki qismi doimiy ravishda hukumatdan subsidiyalar oladi.

Rossiyada hukumat olib borayotgan siyosatga qarshi bo‘lmagan barcha nashrlar davlat ko‘magiga tayanadi. Ayniqsa, hududlarda yashaydigan aholining 65 foizi gazeta o‘qishga qiziqishini e'tiborga olib,  hatto ular uchun keng moliyaviy-iqtisodiy prefensiyalar berib kelinadi.

Masalan, Kaluga viloyatida chop etiladigan jami 27ta tuman gazetalarining barchasiga imkon qadar yordam ko‘rsatilmoqda. Iqtisodiy ko‘makdan tashqari, yuqori malakali kadrdlar, zarur texnika anjomlari, binolar bilan ta'minlash ishiga munitsipalitet administratsiyalari alohida e'tibor qaratishadi. Bu ishga davlat byudjetidan tashqari mahalliy homiylar ham keng jalb etiladi.

Moskvada shahar meriyasi hisobidan “Rospechat” uchun 100dan ortiq zamonaviy gazeta kioskalari bepul qurib berilgan.

Qozog‘iston matbuoti esa vazirliklar va hududiy akimatlar orqali davlat byudjetidan yiliga  219,1 mln. dollar moliyaviy ko‘mak oladi.

Matbuot – taraqqiyot belgisi

Juda yaxshi eslayman, Hindiston ommaviy kommunikatsiyalar institutining professori K.Shrivastava  Toshkenda bo‘lib o‘tan xalqaro anjuman chog‘ida shunday degan edi:

– “Dunyodagi istalgan davlatda biznesning qay darajada taraqqiy etganligini u yerdagi OAVning rivojlanishi bilan o‘lchasa bo‘ladi. Matbuot – rivojlanish oynasidir. Boshqacha aytganda gazeta – bu jamiyat taraqqiyotining indeksi hisoblanadi.

Biroq har qanday sharoitda matbuot tashqi yoki ichki iqtisodiy ko‘maksiz o‘zicha faoliyat yuritishi qiyin. Jurnalistika sohasi amaliyotda biznes yoki siyosat bilan birgalikda, hamohanglikda, teng hamkorlikka tayangan holda erkin faoliyat yuritishi mumkin.

Shunday ekan, gazetalarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlovchi biznes doiralar, nodavlat notijorat tashkilotlar yoki hukumat institutlari albatta bo‘lishi kerak”.

Beruniy Alimov,

filologiya fanlari bo‘yicha

falsafa doktori.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech