27 Yanvar 2020

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent -0,4 °C

Ijtimoiy hayot
25 Noyabr  2019 703

Fuqarolardan ortiqcha ma'lumotnomalar talab etilishi davom etmoqda

Andijon viloyati, Xo‘jaobod tumanida yashovchi fuqaro N.M. uzoq yillar davomida turli sohalarda xizmat qilib, nafaqaga chiqaman, endi nabiralar tarbiyasi bilan shug‘ullanaman, deb turganida nafaqa hujjatlarini rasmiylashtirish tashvishlari ortiqcha bo‘ldi. Buning ustiga, Xo‘jaobod tumani pensiya jamg‘armasi tomonidan soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR) ortiqcha hujjat sifatida talab qilinishi “dard ustiga chipqon” bo‘ldi.

Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan 2019-yil 1-avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar, to‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma'lumotnomalar talab qilinishi ta'qiqlangan.

Ushbu holat bo‘yicha fuqaroga yoshga doir pensiya tayinlashda noqonuniy ravishda STIR talab qilib olganligi uchun Xo‘jaobod tumani pensiya jamg‘armasi mas'ul xodimi Agentlikning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan ma'muriy jarimaga tortildi. Bu haqda Davlat xizmatlari agentligi ma'lum qildi.

Agentlik tomonidan ushbu qaror ijrosi monitoring qilinganda boshqa davlat organlari tomonidan ham davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida fuqarolardan mazkur ma'lumotnomalar noqonuniy ravishda talab qilib olinayotganligi aniqlandi.

Misol uchun, “Namangan hududgaz” MChJ va “yermulkkadastr” DK Yangiqo‘rg‘on tumani mas'ul xodimilari tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida fuqarolardan STIR noqonuniy ravishda talab qilinganligi holati bo‘yicha Agentlikning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu xodimlarga nisbatan ma'muriy jarimalar qo‘llanildi.

Bundan tashqari, fuqaro K.F.ga davlat xizmati ko‘rsatish jarayonida Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumani markaziy poliklinikasi mas'ul xodimi tomonidan soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnoma noqonuniy ravishda talab qilingan.

Bu holat bo‘yicha Agentlikning Surxondaryo viloyat boshqarmasi tomonidan mas'ul xodimga nisbatan ham ma'muriy jarima jazosi qo‘llanildi.

Ushbu qarorga asosan davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar mazkur hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki”, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan mustaqil ravishda faqat elektron shaklda so‘rab olishlari belgilangan.

Eng achinarli holat, Agentlik tomonidan mazkur qaror ijrosini so‘zsiz ta'minlash to‘g‘risida barcha davlat organlari va boshqa tashkilotlar rasmiy ravishda ogohlantirilib, qarorning mazmun-mohiyati bo‘yicha muntazam ravishda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotgan bo‘lsada, fuqarolardan ushbu hujjatlar takror va takror talab qilinayotganligidir.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech