26 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +29 °C

Salomatlik
16 May  2019 509

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish yo‘lida Koreya bilan hamkorlik

Shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Koreya Respublikasida bo‘lib turibdi. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad sog‘liqni saqlash tizimi va farmatsevtika sanoatini rivojlantirishda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashdan iborat, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Koreya Respublikasi Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy ta'minot vaziri Pak Ning Xu bilan uchrashdi. Muloqot chog‘ida tomonlar ikki davlat rahbarlarining yaqinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga katta turtki bo‘lganini ta'kidlashdi. Yurtimizdagi farmatsevtika sanoatining investitsion jozibador jihatlari haqida batafsil ma'lumot berildi. Jumladan, investorlar uchun qulay shart-sharoitlar va imtiyozlar yaratish, xususan, mamlakatimizdagi farmatsevtika erkin iqtisodiy zonalari hududida mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganligi   qayd etildi.

Shuningdek, uchrashuvda tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi investitsiyaviy  loyihalarga e'tibor qaratildi. Jumladan, O‘zbekistonda rentgen apparatlarini ishlab chiqaradigan «Listem-Fergana»  MChJ qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Shuningdek, Koreya Respublikasining «Dalim Biotech» va «Yuhan» kompaniyalari bilan hamkorlikda dori-darmon mahsulotlarini ishlab chiqarishni tashkil etish borasidagi loyihalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani e'tirof etildi.

Bundan tashqari, tomonlar Koreya Respublikasining dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun «DUR» (DrugUseRecord) markalash tizimi tajribasi bilan tanishdi. Ushbu tizimning noyobligi shundaki,  uning yordamida mahsulotning ishlab chiqaruvchidan iste'molchigacha yetib borish jarayoni kuzatib boriladi. Shuningdek, Koreya Respublikasining tibbiy sug‘urta va «E-Health» elektron sog‘liqni saqlash tizimi tajribasini mamlakatimizga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar yakunida ikki mamlakat sog‘liqni saqlash vazirlari tibbiyot sohasida hamkorlik to‘g‘risida o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladilar. Shuningdek, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Koreya Respublikasining formatsevtika va biofarmatsevtika ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjatlar farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va sohaga investitsiyalarni keng jalb etish, ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot markazlarini yurtimizda tashkil qilish borasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga asos bo‘ladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech