22 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,4 °C

Xavfsizlik
12 Oktyabr  2019 621

Farg‘onada noqonuniy neftni qayta ishlash sexi aniqlandi

Farg‘ona shahridagi Kimyogarlar ko‘chasi 6-G uyda joylashgan «Farg‘ona stats oyl» MChJning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar beradi «O‘zneftgazinspeksiya» axborot xizmati.

Bu holat «O‘zneftgazinspeksiya» tomonidan neft va neft mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha yashirin sexlarni aniqlash va ularning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida o‘tkazilgan navbatdagi tadbirlar paytida aniqlandi. 

Vakolatli organlardan ruxsat beruvchi hujjatlarga ega bo‘lmagan holda korxona yashirin ishlab chiqarishni – xom neftga ishlov berish bo‘yicha sexni tashkil qilgan. Foydalanilgan texnologiyaga ko‘ra, mahsulot gaz kondensatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri haydash yo‘li bilan olingan, neft mahsulotlarini sovutish esa ularni 40 millimetrli 4 ta po‘lat quvur orqali haydash yo‘li bilan amalga oshirilgan. Bu quvurlar oqar suvli lotoklar ichidan o‘tkazilgan. Korxona hududida, shuningdek, 2 ta yer osti va 7 ta yer usti sig‘imlar, 4 ta bir tonnalik va 20 ta yigirma litrlik yelim idishlar, 4 ta 200 litrlik temir bochka va ikkita 1 metrkublik gorizontal idishlar topilgan. 

Bir so‘z bilan aytganda, ob'ektda neft va neft mahsulotlariga ishlov berish bo‘yicha ishlab chiqarish sikli tashkil qilingan. Aniqlangan ashyoviy dalillar orasida 5 tonna xom neft, 5,5 tonna dizel yoqilg‘isi, 23,5 tonna sanoat moyi, shuningdek, 12 tonna neft shag‘ali va 3 tonna neft koksi bor. 

Neft xomashyolar va qayta ishlangan mahsulotlar hamda moylar temir sig‘imlarda saqlangan. Hozirgi paytda idishlarda saqlangan neft mahsulotlarining umumiy hajmi aniqlanmoqda.   

Topilgan idishlardagi mahsulotning sifatini aniqlash uchun 5 ta namuna olindi. Namunalar Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodining kimyoviy nazorat laboratoriyasiga batafsil tahlil o‘tkazish uchun yuborildi. 

Foydalanilgan xomashyo bo‘yicha ham tegishli hujjatlar mavjud emas, bu esa uning ushbu yashirin sexga noqonuniy ravishda, talon-taroj qilish yo‘li bilan yetkazilganligini bildiradi. Mahsulotning qaerdan va qanday yo‘llar bilan olib kelinganligi aniqlanishi kerak. 

Taxminimizcha, xomashyo materialini noqonuniy olinishi manbai xom neft qazib olish va uni qayta ishlashga ixtisoslashgan yaqin atrofdagi korxonalar bo‘lgan. 

Neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish, saqlash va undan foydalanish qoidalariga rioya qilish bo‘yicha profilaktik tadbirlar davom etmoqda. «O‘zneftgazinspeksiya» tadbirkorlarni qonunchilikka rioya qilishga va o‘z faoliyatini qonun doirasida amalga oshirishni tavsiya qiladi. 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech