17 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +32,3 °C

Bo‘sh vaqtda
13 Aprel  2019 948

Doktor Smol va professor Perro usuli

(Edgar Allan Po)

18__ yilning kuzida, Fransiyaning eng janubiy departamentlari bo‘ylab sayohat qilayotganimda parijlik tanish shifokorlardan ko‘p eshitganim bir Maison de Sante (jinnixona)ga yoki xususiy ruhiy xastalar shifoxonasiga bir necha mil masofaga yaqin borib qoldim. Ilgari bunday muassasada hech qachon bo‘lmaganman. Men paydo bo‘lgan bu imkoniyatni qo‘ldan chiqarmaslik uchun yo‘ldoshimga (bu janob bilan bir necha kun oldin tasodifan tanishib qolgandik) kichikkina aylanish qilib, shifoxonani tomosha qilishga bir necha soat vaqt sarflashni taklif qildim. Biroq yo‘ldoshim, birinchidan, juda shoshayotganini, ikkinchidan, ruhiy xastalar oldidagi tabiiy qo‘rquvini ro‘kach qilib, rad javobini berdi. Shunday bo‘lsa-da u bundan tortinib o‘tirmasligimni, boadablik mulohazalari o‘z qiziqishimni qondirishga xalaqit bermasligi kerakligini aytdi. Keyin sekin yurishi va bugunoq, uzog‘i bilan ertaga unga yetib olishim mumkinligini qo‘shib qo‘ydi. Xayrlashayotganimizda miyamga, ehtimol shifoxonaga kirish qiyindir va meni umuman, kiritishmasalar ham kerak, degan fikr kelib, bu boradagi hadigimni yo‘ldoshim bilan o‘rtoqlashdim. U, agar bosh shifokor mse Mayarning shaxsan o‘zi meni tanimasa va qo‘limda hech qanaqa tavsiyanoma bo‘lmasa, haqiqatan ham, qiyinchilik paydo bo‘lishi mumkin, deya javob berdi. Nega deganda bunday xususiy shifoxonalarda tartib davlatnikiga qaraganda ancha qattiq. Aytishicha, uning o‘zi mse Mayar bilan bir necha yil muqaddam allaqaerda tanishgan ekan. Yo‘ldoshim meni o‘sha yergacha kuzatib qo‘yishga va u bilan tanishtirishga va’da berdi. Lekin o‘zi aytganidek, qo‘rquv hissi unga ushbu shifoxona ostonasidan hatlab ichkariga kirishga to‘sqinlik qilarkan.

Men unga minnatdorchilik bildirdim va biz, katta yo‘ldan o‘t bosgan dala yo‘liga qayrildik. Yarim soat ham o‘tmay, yo‘l tog‘ etagidagi o‘rmonda deyarli butunlay ko‘rinmay qoldi. Zax, zimiston va quyuq o‘rmon ichida ikki milyacha masofa yurganimizdan so‘ng nihoyat, ko‘z o‘ngimizda Maison de Sante namoyon bo‘ldi. Bu juda antiqa usulda qurilgan qasrga vaqt o‘z hukmini o‘tkazgan bo‘lib, xarob va tashlandiq ko‘rinar, to‘g‘risi, bu yerda odamlar yashashiga ishonish qiyin edi. O‘sha uyni ko‘rganim hamonoq qo‘rquvdan qaltirab ketdim, otimni to‘xtatdim va ortimga qaytmoqchi ham bo‘ldim. Biroq tezda qo‘rqoqligimdan o‘zim uyalib, yo‘limda davom etdim.

Darvoza oldiga yetib keldik. Uning qiya ochiqligini va ichkaridan bir kishining mo‘ralab turganini ko‘rdim. Xuddi shu lahzada haligi kishi yo‘ldoshimning ismini aytgancha peshvoz chiqdi va sherigim bilan samimiy ko‘rishgach, otdan tushishini so‘radi. Salobatli, kelishgan va jismonan baquvvat bu kishi mse Mayarning o‘zi ekan, uning nozik va erkin harakatlari, o‘ziga xos viqorli, ta’sir ko‘rsatuvchi va qadr-qimmatga limmo-lim yuzi atrofdagilarda kuchli taassurot uyg‘otardi.

Yo‘ldoshim bizni tanishtirib, shifoxonani tomosha qilish niyatida ekanimni aytdi va mse Mayar menga iloji boricha barcha izzat-hurmat ko‘rsatilishini aytib ishontirgandan so‘ng tezda u bilan xayrlashdi. O‘shandan beri uni qaytib ko‘rganim yo‘q.

U ketgach, bosh shifokor meni kichkina lekin favqulodda bejirim jihozlangan mehmonxonaga boshlab kirdi, u yerdagi hamma narsa: kitoblar, suratlar, tuvaklardagi gullar, musiqa asboblari va boshqa buyumlar uning nozik dididan dalolat berardi. Kaminda olov gurillab yonmoqda. Fortepyano chalayotgan yosh va juda go‘zal ayol Bellinining qaysidir bir operasidan ariya ijro etayotgan ekan. Mehmonni ko‘rgach, kuylashdan to‘xtadi va maftunkor navozish bilan salom berdi. U past tovushda so‘zlar va butun xatti-harakatlarida qandaydir itoatkorona yumshoqlik sezilib turardi. Menga uning chehrasida yashirin g‘am-anduh borday tuyuldi, favqulodda oppoq yuzi esa, menimcha, yoqimtoylikdan mosuvo emasdi. Chuqur qayg‘uga cho‘mgan bu ayol ko‘nglimda hurmat, qiziqish va maftun bo‘lish kabi aralash hislarini uyg‘otdi.

Parijdaligimda mse Mayarning shifoxonasi, oddiy tilda aytganda, «Erkinlik berish usuli» tamoyillariga asoslanganini eshitgandim. Jazolash bu yerda mutlaqo qo‘llanilmas ekan, va hatto, boshqalardan ajratib qo‘yish usulidan kamdan-kam hollarda foydalanisharkan. Mijozlar yashirincha nazorat ostida bo‘lsalar-da, bir qarashda, anchagina erkinliklarga ega bo‘lib, ko‘pchiligiga bino ichi hamda bog‘da sog‘lom kishilar kiyadigan oddiy kiyimlarda sayr qilib yurishga ruxsat etilarkan.

Bularning barini esda saqlagan holda o‘zimni nihoyatda ehtiyotkor tutardim, yosh xonim bilan suhbatlashayotganimda ham menda uning aql-hushi joyidaligiga to‘liq ishonch yo‘q edi; haqiqatan ham, uning ko‘zlarida meni buning teskarisiga qariyb ishontirgan qandaydir xavotir uchqunini sezdim. Shu bois ham o‘ylashimcha, hatto, jinnini ham xafa qilmaydigan yoki jahlini chiqarmaydigan umumiy mavzular va mulohazalar bilan cheklanardim. Aytgan gaplarimning barisiga ayol aql-hushi joyidagi kishilardek javob qaytarar, o‘zining bildirgan fikrlari ham mutlaqo sog‘lom odamlarniki kabi edi. Biroq jinnilik nazariyasi bilan uzoq vaqt shug‘ullanish ruhiy osoyishtalikning bu kabi dalil-isbotlariga ishonchsizlik bilan qarashni menga o‘rgatib qo‘ygan va ayol bilan butun suhbat chog‘ida ham boshidagi ehtiyotkorlikni oxiriga qadar saqlab qoldim.

Ko‘p o‘tmay, maxsus kiyimdagi xizmatkor qo‘lida patnis bilan paydo bo‘ldi. Men u keltirgan mevalar, sharob va gazaklardan tatib ko‘ra boshladim, xonim esa bu orada xonani tark etdi. Ayol ketgach, xo‘jayinga burilib, savolomuz tikildim.

― Yo‘q, ― dedi u, ― yo‘q, qo‘ysangiz-chi! U mening qarindoshim ― jiyanim, juda o‘qimishli ayol.

― O, ming bor uzr! ― xitob qildim men. ― Xatoim uchun uzr so‘rayman, ammo o‘zingiz ham buni qanday oqlash mumkinligini, shubhasiz, yaxshi tushunib turibsiz. Bu yerdagi ishlarni ajoyib tarzda yo‘lga qo‘yganingiz Parijda ham yaxshi ma’lum, men shunday bo‘lish ehtimoli... meni tushunayotgandirsiz...

― Ha, albatta! Buni gapirish shart emas! Aksincha, men sizga maqtovga loyiq ehtiyotkorligingiz uchun minnatdorchilik bildirishim kerak. Yosh kishilarda bunday ehtiyotkorlikni juda kam uchratasiz va men sizga keluvchilarning oqibatini o‘ylamay ish tutishi natijasida juda achinarli holatlarga olib kelgan ko‘plab misollarni keltirishim mumkin. Men joriy etgan oldingi usul amalda bo‘lganida mijozlarimizga qaerda istasalar, o‘sha yerda sayr qilib yurishlariga imkon berilardi. Ular shifoxonani ko‘rishga kelgan va o‘ylamasdan ish qiladiganlarning aybi bilan tez-tez qattiq asabiylashish holatiga tushib qolardilar. Shu bois usulga qattiq cheklovlar kiritishga majbur bo‘ldim, endilikda o‘zini bunga mos holda tuta olishi borasida shubha uyg‘otadigan birorta kishi shifoxonaga kiritilmaydi.

― Siz joriy etgan oldingi usul amalda bo‘lganida?! ― ketidan takror so‘radim men. ― Sizni to‘g‘ri tushundimmi? Demak, men oldin juda ko‘p eshitgan «Erkinlik berish usuli» ortiq qo‘llanilmayotgan ekan-da?!

― Shunday, ― javob berdi u. ― Mana, bir necha haftadirki, biz undan butunlay voz kechishga qaror qildik.

― Bo‘lishi mumkin emas! Meni hayron qoldiryapsiz!

― Biz, an’anaviy usullarga qaytishni, ― dedi xo‘rsinib u, ― mutlaqo zarur, deb hisobladik, ser. «Erkinlik berish usuli» bilan bog‘liq xavf sezilarli darajada va uning afzalliklari juda bo‘rttirib yuborilgan. Janob, ishontirib aytamanki, agar bu usul qayerdadir sinchiklab tekshirilgan bo‘lsa ham faqatgina bizda amalga oshirilgan, xolos. Mantiqan insoniylikka to‘g‘ri keladigan barcha ishni qildik ham. Afsuski, siz bizda ilgari bo‘lmagansiz, agar bo‘lganingizda hammasini o‘zingiz mulohaza qilib ko‘rardingiz. Anglashimcha, «Erkinlik berish usuli» miridan-sirigacha sizga tanish, shundaymi?

― Unchalik emas. Mendagi barcha ma’lumotlar ― boshqa birovlardan eshitganlarim, xolos.

― Nimayam derdim, muxtasar qilib aytganda, men uni xastalarni ayaydigan va barcha narsalarda ularga erkinlik beradigan usul, deb atagan bo‘lardim. Jinnining kallasiga boshqacha o‘ylar kelib qolmasligi uchun u biz tomonimizdan hech qanday qarshi harakatga duchor bo‘lmasdi. Biz ularga nafaqat xalaqit bermasdik, balki ularning turli qiliqlariga yo‘l qo‘yib ham berardik. Yanada barqaror tarzda sog‘ayish holatlarining aksariyati shunga asoslangan edi. Zaiflashgan va xasta aql-hush uchun, chetdan qaraganda bu be’manilikday tuyulsa-da, shundan ishonchliroq usul yo‘q. Masalan, bizda o‘zini jo‘jalarmiz, deydigan mijozlar ham bo‘lgan. Bunda davolash shundan iborat bo‘lardiki, biz, ularning bu xomxayollarini haqiqat, deya qabul qilib, ma’qullardik. Agar xasta kishining o‘zi buni yetarli darajada chuqur anglamasa, uquvsizligi uchun koyib berardik, xuddi shu asosda jo‘jalar nima yesa o‘sha ozuqa bilan uni butun hafta davomida boqardik. Bunday holatda qandaydir bir hovuch don va mayda toshlar chinakam mo‘’jiza yaratardi.

― Nahotki hammasi ana shu erkinlik berishga qarab qolgan bo‘lsa?

― Albatta, yo‘q. Boshqa oddiy ermaklar ham sezilarli rol o‘ynagan ― musiqa, raqslar, har xil jismoniy mashqlar, qarta o‘yinlari, ayrim kitoblar va hokazolar. Biz ularga har birining biron a’zosi kasallanganday va o‘zimizni aynan o‘sha xastalikni davolayotganday qilib ko‘rsatardik, «jinni» so‘zi umuman ishlatilmasdi. Bunda har bir ruhiy xastani qolganlarning xatti-harakatlarini kuzatishga majbur qilish ham juda muhim edi. Ruhiy xasta kishiga uning aql bilan ish tutishi va zehni juda o‘tkirligiga tayanayotganingizni bildirib qo‘ya olsangiz bas ― u butun vujudi bilan sizga itoat etadi. Xuddi shunday yo‘l tutib, anchayin qimmatga tushayotgan nazoratchilarning butun boshli guruhini saqlash zaruratidan xalos bo‘ldik.

― Birorta ham jazo qo‘llanilmaganmi?

― Birorta ham.

― Mijozlaringizni hech qachon alohida saqlamaganmisiz?

― Kamdan-kam hollarda. Vaqti-vaqti bilan ularning ba’zilarida kutilmaganda talvasaga tushib qolish yoki kasallikning zo‘rayishi kuzatiladi, albatta. O‘shanda ularni boshqalarga yuqumli ta’sir ko‘rsatmasligi uchun alohida kameraga joylashtirardik va bundaylarni yaqinlarining qo‘liga topshirish imkoniyati tug‘ilgunga qadar o‘sha yerda saqlardik. Jazavaga tushadiganlar bizda yo‘q, ularni davlat shifoxonalariga olib ketishadi.

― Demak, endi sizlarda hammasi yangicha va buni oldingisidan afzalroq, deb o‘ylaysiz, shundaymi?

― Ha, shubhasiz. Bu usulning zaif va hatto, xavfli tomonlari bor edi. Baxtimizga endilikda Fransiyadagi barcha ruhiy xastalar shifoxonalarida bunga barham berilgan.

― Biroq so‘zlaringiz, ― e’tiroz bildirdim men, ― meni g‘oyat hayron qoldiryapti. Negaki ayni chog‘da mamlakatda ruhiy xastalikni davolashning o‘zgacha usuli qo‘llaniladigan boshqa birorta muassasasa yo‘qligiga mening ishonchim komil edi.

― Hali yoshsiz, do‘stim, ― dedi xo‘jayin, ― ammo shunday vaqt keladiki, dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalar haqida boshqalarning safsatasiga tayanmay, o‘zingiz mustaqil fikrlashni o‘rganib olasiz. Eshitganingizga ― umuman ishonmang, ko‘rganingizning esa ― yarmisiga. Bizning ruhiy xastalar shifoxonamiz borasida ham shunday bo‘lgan: qaysidir nodonning sizda yanglish fikr uyg‘otgani aniq. Darvoqye, tushdan keyin, yo‘l charchog‘ini ko‘ngildagidek chiqarganingizdan so‘ng sizga bajonidil uyimizni ko‘rsataman. So‘ng, uni amalda o‘z ko‘zi bilan ko‘rganlarning fikricha, ilgari o‘ylab topilganlaridan so‘zsiz samaraliroq bo‘lgan usulimiz bilan tanishtiraman.

― Bu sizning shaxsiy usulingizmi? ― so‘radim men. ― Uni o‘zingiz yaratganmisiz?

― Ha, bundan faxrlanaman ham. Har holda uni qaysidir ma’noda o‘zimniki, desam ham bo‘ladi.

Xullas, mse Mayar bilan bir yoki ikki soat suhbat qurdik va shu asnoda u menga bog‘ va gulxonani ko‘rsatdi.

― Sizni mijozlarimiz bilan tanishtirishni sal keyinroqqa surishga to‘g‘ri keladi, ― dedi u. ― Ta’sirchan kishi uchun bunday tomoshalarda ozmi-ko‘pmi yurakni siquvchi holat bo‘ladi. Mening esa tushlikdan oldin ishtahangizni bo‘g‘ib qo‘ygim yo‘q. Ammo, albatta, birga ovqatlanamiz. Sizni baxmal qayladagi qizil karam ko‘shib pishirilgan a-lya Menu buzoq go‘shti bilan siylamoqchiman va ketidan bir qadah klo-de-vujo ichasiz. Ana shunda asabingizni yetarli darajada mustahkamlagan bo‘lamiz.

Soat oltida ovqatlanishga taklif qilishdi: xo‘jayin meni juda ko‘p, yigirma besh-o‘ttiz chog‘li odam kutib turgan keng oshxonaga boshlab kirdi. Aftidan, yig‘ilganlarning hammasi aslzodalar va juda yaxshi tarbiya ko‘rganlardan edi. Ammo tan olishim kerakki, ularning egnidagi kiyimlar xuddi urfdan qolgan ilgarigi serhasham va qo‘pol liboslarni eslatar, haddan ziyod dabdabali tuyulardi. Xonimlar diqqatimni tortdi: ular taklif qilinganlarning uchdan ikki qismini tashkil qilardi. Ayrimlarining libosidan bugungi parijlik hozirda nozik did hisoblangan holatga ozgina bo‘lsa-da, shama qiluvchi biron nima topolmagan bo‘lardi. Yoshi yetmishlardan kam bo‘lmagan ko‘pgina xonimlar uzuk, bilakuzuk, sirg‘a kabi qimmatbaho taqinchoqlarni rosa taqib olishgan, ko‘krak va yelkalari hayosizlarcha ochiq. Yana bir narsani sezdim: faqat ba’zi kiyimlargina yaxshi tikilgan, har holda ularning ayrimlari egalariga loyiq kelardi. Atrofga boqib, mse Mayar bizni kichik xonada tanishtirgan go‘zal qizni ham ko‘rdim. Ammo bir holat meni g‘oyat taajjublantirdi: qiz etagi qappaygan yubka, baland poshnali poyabzal, kirlagan to‘rli bryusselcha bosh kiyim kiygandi. U esa shunchalik katta ediki, bundan yuzi kulgili darajada kichrayib ko‘rinardi. Uni ilk bor ko‘rganimda chuqur qayg‘uda edi va bu unga juda yarashib turgandi.

Bir so‘z bilan aytganda, bu yerga yig‘ilganlarning kiyimlarida qandaydir g‘alatilik sezilardi. Ana o‘sha g‘alatilik meni darrov yana dastlabki, «Erkinlik berish usuli» haqidagi fikrlarimga qaytardi. Mse Mayar ovqatlanib bo‘lgunimizcha dasturxon atrofida o‘tirganlarning kimligini aytmaslikka qaror qilgan ko‘rinadi, deb o‘yladim. Ko‘rinishidan, ruhiy xastalar bilan birga ovqatlanish menga zavq bag‘ishlamasligidan hadiksiragan, shekilli. Biroq darhol parijlik do‘stlarimning janubliklar haqidagi: «juda g‘alati odamlar va o‘zlarining eski tushunchalariga mahkam yopishib oladilar», degan gaplarini esladim. Ikki-uch kishi bilan suhbatlashganimdan so‘ng barcha shubha-gumonlarim juda tez va butunlay tarqab ketdi.

Oshxonaning o‘ziga kelsak, juda qulay, keng va katta bo‘lgani bilan, menimcha, shinamlik yetishmasdi. yerga gilam to‘shalmagan ― darvoqye, Fransiyada ko‘pincha yerga gilam to‘shamaydilar. Derazalarga pardalar osilmagan, ularga o‘rnatilgan eshiklar esa berk edi. Odatda do‘konlar darchasi eshiklarida bo‘ladigan va birining ustiga ikkinchisi ko‘ndalang qo‘yilgan baquvvat temir surma lo‘kidonlar bilan yopilgan. Tushunishimcha, oshxona shifoxona binosining to‘g‘riburchakli qanotlaridan biriga joylashgandi. Derazalar uch tomonga qaragan, eshik esa ― to‘rtinchi tomonga; hammasi bo‘lib o‘ntacha deraza sanadim.

Dasturxon juda to‘kin tuzalgan, turli-tuman noz-ne’matlar qo‘yib tashlangan stol sinib ketay derdi. Bu yovvoyilarcha to‘kin-sochinlikni tasvirlashga til ojiz. Go‘sht shunchalik ko‘p ediki, naq yetti kunlik ziyofatga yetardi. Hayotiy noz-ne’matlarning bundayin ko‘p va betiyiq isrof qilinishini umrimda ko‘rmaganman. Ammo buning barida did juda kam ko‘zga tashlanardi. Katta kumush shamdonlarga o‘rnatilgan son-sanoqsiz mum shamlar yorug‘idan mo‘’tadil yorug‘likka o‘rgangan ko‘zlarim qattiq qamashardi, ular stolga va xonaning qo‘yish mumkin bo‘lgan barcha joylariga qo‘yib chiqilgandi. Dasturxonga bir nechta chaqqon xizmatkor xizmat ko‘rsatmoqda, chekka burchakdagi stol atrofida esa skripka, fleyta, trombon va baraban tutgan yetti-sakkiz kishi o‘tiribdi. Tanovul chog‘i bu azamatlar vaqti-vaqti bilan musiqa asboblaridan turli beo‘xshov ovozlar chiqarib, rosa asabimga tegdilar. Bu ular uchun musiqa edi, va aftidan, dasturxon atrofidagilarga ham juda manzur bo‘layotgandi, ammo menga emas.

Umuman, ko‘z o‘ngimda sodir bo‘layotgan hodisalarda g‘alatilik juda ko‘p, degan fikr miyamdan ketmay qoldi. Ammo boshqa tomondan dunyoda har xil, turlicha o‘ylaydigan, o‘zlari yaxshi ko‘rgan odatlaru ko‘nikmalarga ega odamlarni uchratish mumkin. Buning ustiga hech narsadan hayratga tushmayotganimga yetarlicha sayohat qilganim yordam bermoqda, va mana, sovuqqonlikni to‘liq saqlagan holda xo‘jayinning o‘ng tomoniga o‘tirdim, ishtaham ham bo‘g‘ilgani yo‘q va oldimda turgan taomdan zo‘r ishtaha bilan tanovul qila boshladim.

Dasturxon atrofida barcha umumiy mavzularda jonli suhbatlashardi. Xonimlar, kutilganidek, tinmay javrardilar. Ko‘p o‘tmay, ziyofat ahlining deyarli butunlay o‘qimishli kishilardan tashkil topgani va xo‘jayinning o‘zi esa behisob kulgili latifalar koni ekaniga amin bo‘ldim. Aftidan, u ruhiy xastalar uyi direktori sifatidagi vazifalari haqida suhbatlashishni yoqtirardi, va umuman, meni shu qadar hayron qoldirgan narsa ― dasturxon atrofida o‘tirganlarning barchasi jinnilar haqida zo‘r ishtiyoq bilan mulohaza yuritardilar. Turli mijozlarning har xil g‘alati qiliqlari haqidagi qiziqarli voqyealar birin-ketin so‘zlana boshlandi.

― Bu yerda, ― dedi o‘ng tomonimda o‘tirgan pakana baqaloq, ― o‘zini choynakman, deydigan bir nusxa bo‘lardi. O‘rni kelganda shuni ham aytish kerakki, jinnilarning miyasiga ko‘pincha, aynan, shu bema’ni g‘oya o‘rnashib qoladi. Fransiyada bunday choynak-odamsiz hech bo‘lmaganda bitta jinnixonani topishning o‘zi dargumon. Xullas, o‘sha odam o‘zini Angliyada ishlab chiqarilgan choynak, deb o‘ylar va har kuni ertalab o‘zini bug‘uning yumshoq terisi hamda bo‘r bilan yaxshilab tozalardi.

― Yana-chi, ― gapni ilib ketdi qarshi tomonda o‘tirgan baland bo‘yli kishi, ― yaqinginada bu yerda o‘zini eshakman, deb miyasiga quyib olgan bittasi bo‘lardi. Shunday deya ko‘chma ma’noda gapirganda u haq edi va buni tan olmay iloj yo‘q. Juda tinib-tinchimagan jonsarak mijoz edi va uni jilovda tutib turish uchun qancha mehnat sarflaganmiz! Bir safar qushqo‘nmasdan o‘zgasini yeyishni istamay qolsa, deng; ammo biz ham faqat qushqo‘nmasdan boshqasini yemaysan, deb turib olib, uni bu xomxayoldan tezda xalos etdik. Buning ustiga u hamisha mana bunday qilib... mana bunday... tepib qolardi.

― Mse de Kok, marhamat qilib, o‘zingizni odobli tutsangiz, ― deya uning gapini bo‘ldi yonida o‘tirgan qari bir kampir. ― Ehtiyot bo‘ling, iltimos, oyoqlaringizni tipirlatmang. Kimxob ko‘ylagimni iflos qilib qo‘ydingiz-ku! Fikringizni bunday ko‘rgazmali namoyish etishingiz shunchalik shartmidi? Do‘stimiz buni ko‘rsatmasangiz ham osongina tushunardi. Chin so‘zim, o‘zingiz ham xuddi eshakka o‘xshab ketdingiz. Sizda bu juda tabiiy chiqdi, qoyil!

― Ming bor uzr, xonim! ― javob berdi mse de Kok. So‘nggi ikki jumla unga moyday yoqib ketdi. ― Ming bor uzr! Zig‘ircha bo‘lsayam sizga noqulaylik tug‘dirish niyatida emasdim! Laplas xonim, kamina mse de Kok sog‘ligingiz uchun qadah ko‘tarish baxtiga muyassar bo‘lmoqdaman!

Shunday so‘zlar bilan mse de Kok chuqur ta’zim qildi, g‘oyat takalluf ila o‘z barmoq uchlarini o‘pdi va madmuazel Laplas bilan qadah urishtirdi.

― Ruxsat eting, do‘stim, ― dedi mse Mayar menga murojaat qilib, ― sizga a-lya avliyo Menu buzoq go‘shtidan bir bo‘lagini taklif etsam, u qoyilmaqom qilib pishirilgan, bunga o‘zingiz guvoh bo‘lasiz!

Shu lahzada uch nafar barvasta xizmatkor uzoq unnab dasturxonga ulkan taomni, to‘g‘rirog‘i, men dastlab o‘ylaganimdek, ustiga qo‘rqinchli, katta, dahshatli bir narsa qo‘yilgan katta patnisni, joylashtirishga muvaffaq bo‘ldilar. Darvoqye, yaqinroqdan qarab, uning bor-yo‘g‘i buzoqcha ekanini ko‘rdim: u butunligicha qovurilgan va tiz cho‘kib turardi, og‘ziga esa olma tiqilgan. Odatda, Angliyada quyonni shunday qovuradilar.

― Bag‘oyat minnatdorman, tashvishlanmang, ― javob berdim men. ― Ochig‘ini aytsam, men buzoq go‘shtiga unchalik ishqiboz emasman, haligi a-lya avliyo... nomini nima dedingiz? Buni oshqozonim ko‘tara olmasa kerak. Ruxsatingiz bilan quyon go‘shtidan tatib ko‘rsam, faqat oldin likopchamni almashtirib olay.

Dasturxonda, anglashimcha, fransuzcha uslubda pishirilgan xonaki quyon go‘shti solingan yana bir nechta kichikroq idishlar ham bo‘lib, ko‘rinishi og‘izning suvini keltirardi, ishonavering.

― Per, ― qichqirdi xo‘jayin, ― janobning likopchasini almashtirib, unga anavi «au chat» (mushukka o‘xshagan fransuzcha) quyon oyog‘ini solib bering.

― Anavi... nimaydi?

― Anavi «au chat» quyon oyog‘i.

― Hm, bag‘oyat minnatdorman, ovora bo‘lmang. Men, yaxshisi, dudlangan go‘shtdan tatib ko‘ra qolay. «Bu qishloqilarning senga qanday ovqat berishayotganini aniq bilib bo‘lmaydi, ― deya o‘yladim ichimda. ― Bag‘oyat minnatdorman, mening hech qanaqa mushukka o‘xshatib pishirilgan quyon go‘shtigayam yoki quyonga o‘xshatib pishirilgan mushuk go‘shtigayam ko‘zim uchib turgani yo‘q».

― Yana-chi, ― uzilib qolay, degan suhbat mavzusini davom ettirdi dasturxon oxirida o‘tirgan va yuzi murdalarnikiday oq bir kishi, ― men, bir vaqtlar bizdagi boshqa tentaklardan farqli o‘laroq o‘zini zo‘r berib Kordova pishlog‘iman, deydigan mijoz ham bo‘lganini eslayman. U qo‘liga pichoq olgancha o‘rtoqlariga oyog‘idan bir bo‘lak kesib olishlarini so‘rab xiralik qilaverardi.

― Ha, shubhasiz, u g‘irt jinni edi, ― gapga aralashdi yana kimdir, ― lekin baribir uni, faqat manavi mehmon janobdan tashqari, har birimizga yaxshi tanish nusxa bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Men o‘zini shampan shishasiman, deydigan kishini nazarda tutyapman. Uning ba’zida tiqini paqillab otilib, «sh-sh-sh»lab qolardi. Mana bunday qilib…

Keyin gapirayotgan odam o‘ng qo‘lining bosh barmog‘ini chap lunjiga tiqib (nazarimda, bu tarbiyasizlikning yuqori cho‘qqisi edi), uni shisha tiqini ochilganga o‘xshagan ovozda chiqardi. So‘ng ko‘pirayotgan shampan vinosiga taqlid qilgancha ustalik bilan tilini tishlariga bosib, keskin va bir necha daqiqa to‘xtamasdan «sh-sh-shsh»lagan tovush chiqarib turdi. Bu qiliqning mse Mayarga umuman yoqmaganini aniq ko‘rdim, ammo u lom-mim demadi. Shu onda katta parik taqqan nihoyatda oriq, juda pakana kishi suhbatga qo‘shildi.

― Bu yerda yana bir befahm bo‘lardi, ― dedi u, ― u o‘zini qurbaqaman, deb o‘ylardi. Kezi kelganda shuni ham aytish joizki, u qurbaqaga sirayam o‘xshamasdi. Afsus uni ko‘rmagansiz-da, ser, ― gapida davom etdi oriq kishi, menga yuzlanib, ― uning bu borada qanday tabiiylikka erishganini ko‘rib, chinakam lazzat olgan bo‘lardingiz. Agar ser, o‘sha odam qurbaqa bo‘lmaganida ham bunga faqat o‘z afsusimni bildirgan bo‘lardim. Oh, uning vaq-vaqlashi-yu, qurillashlari ― mana bunday qilib: qur-r-r-qur-r-r, vaq-vaq-vaq! Dunyodagi eng chiroyli ovoz! Si-bemol, vassalom! Ba’zida bir-ikki stakan vino otib olgach, tirsaklarini mana bunday qilib ― stolga qo‘yib! mana bunday qilib ― og‘zi chetlarini quloqlarigacha tortib! mana bunday qilib ― ko‘zlarini aylantirib! va aqlga sig‘mas tezlikda pirpiratardiki, xullas ser, bu haqda jur’at qilib, ochiqchasiga aytamanki, o‘sha odamning bu iste’dodidan hayratga tushib, dong qotib qolgan bo‘lardingiz!

― Bunga zarracha ham shubham qilmayman, ― javob berdim men.

― Yana bu yerda, ― dasturxon atrofida o‘tirganlardan biri gap tashladi, ― o‘zini bir chekim tamakiman, deb o‘ylaydigan yoqimtoygina shumtaka bo‘lardi. Bechora o‘zini sira bosh va ko‘rsatkich barmog‘ida tuta olmay qiynalardi.

― Bu yerda bir paytlar yana Jyul Dezuler ismli kimsa bo‘lardi. Uning chindan ham juda g‘alati qiliqlari bor edi: u o‘zini qovoqman, deb o‘ylardi. Doim pirogga o‘zini qo‘shib pishirishini iltimos qilib, oshpaz ayolning joniga tekkani-tekkan edi. Uning esa bundan hamisha jahli chiqib, rad etardi. O‘zimning ham bunga ishonchim komil, qovoqli a-lya Dezuler pirogi unaqa ishtahani ochuvchi taom bo‘lmasdi.

― Taajjub! ― xitob qildim men va mse Mayarga savolomuz qaradim.

― Xo-xo-xo! ― qotib-qotib kula boshladi bu janob. ― Xo-xo-xo! He-he-he! Hi-hi-hi! Hu-hu-hu! Chindan ham ajoyib! Hayron bo‘lmang, bu do‘stimizning o‘zi shunaqa qochirma gaplarga usta, shumtakaligiga boradi-da, gaplarini jiddiy qabul qilmang!

― Yana bu yerda, ― dasturxonning narigi chetidan ovoz eshitildi, ― o‘ziga xos buyuk shaxs bo‘lgan bir tasqara bo‘lardi. Muhabbat aqldan ozdirgan bu odam kallam ikkita derdi: biri ― Sitseronniki, ikkinchisi ― qo‘shaloq emish, ya’ni boshining o‘rtasidan og‘zigacha ― Demosfenniki, iyagigacha bo‘lgan pastki qismi ― lord Brumniki! Balki u adashgandir, biroq gapga shu darajada usta ediki, istalgan kishini o‘zining haqligiga ishontira olardi. Ko‘pchilik oldida nutq so‘zlashga qattiq havasmand edi. Bu ishtiyoq, zavq shunchalik kuchli va boshqarib bo‘lmas ediki, ba’zida stol ustiga mana bunday qilib chiqib olib, va...

Xuddi shu payti, aftidan, gapirayotgan kishining oshnalaridan biri, uning yelkasiga qo‘lini qo‘yib, qulog‘iga nimanidir shivirladi. Bunisiyam darhol nutqini to‘xtatib, stulga o‘tirdi.

― Yana bu yerda, ― dedi baland ovozda oldingi notiqning gapini qulog‘iga shivirlash bilan bo‘lib qo‘ygan kishi. ― Bir Bullar-pildiroq degani bo‘lardi. Uni bunday deganimning boisi, miyasiga, aynan, men pildiroqman, degan g‘oyat qiziq va unchalik bema’ni tuyulmaydigan fikr o‘rnashib qolgandi. Uning nima qilishini ko‘rganingizda kulaverib o‘lib qolardingiz. U bitta tovonida to‘xtamasdan naq bir soat aylana olardi ― mana bunday qilib...

Ammo u nutq so‘zlashdan to‘xtatgan og‘aynisi bu safar uning o‘ziga xuddi shunday xizmat ko‘rsatdi.

― Shunga nima bo‘pti? ― bor ovozda qichqirdi qari xonim, ― siz aytayotgan mse Bullar nari borsa bir aqldan ozgan kishi, xolos, buning ustiga g‘irt ahmoq jinni edi. Pildiroq-odam! Ijozatingiz bilan so‘rasam, shunaqasiyam bo‘larkanmi? Bo‘lmag‘ur gap! Mana, Juayoz xonimni olaylik ― uning ancha aqlliroq bo‘lgani o‘zingizga ham yaxshi ma’lum. O‘sha ayolning ham o‘ziga xos bema’ni orzusi bor edi. Biroq o‘zini taniganlarning barchasiga xursandchilik baxsh etardi. Uzoq mushohadalardan so‘ng qandaydir tasodif bilan yosh xo‘rozga aylanib qolganini tushundi va o‘zini shunga mos tuta boshladi. U qanotlarini juda-juda chiroyli qoqardi ― mana bunday, mana bunday qilib! Uning qu-qu-quq-quu! Qu-qu-quq-quu! Qu-qu-quq-qu-u-u-u! deb qichqirishi-chi ― juda qoyilmaqom chiqardi!

― Juayoz xonim, iltimos, odob saqlab o‘tirsangiz! ― gapga aralashdi qattiq jahli chiqqan xo‘jayin. ― Yo xonimlarga xos odob saqlab o‘tiring, yo hoziroq dasturxondan turib keting! Tanlang!

Xonim (Juayoz xonimni tasvirlagan kampirning o‘zini shunday nom bilan chaqirishganini eshitib, cheksiz hayratga tushdim) o‘ziga berilgan tanbehdan qattiq xijolat tortib, butunlay qizarib ketdi. Boshini quyi solib, birortayam tovush chiqarmadi. Ammo boshqasi, undan ancha yosh xonim suhbatni davom ettirdi. Bu mening eski tanishim ― kichkina mehmonxonada ko‘rgan go‘zal qiz edi.

― O, Juayoz xonim rostdan ham esi past ayol edi! ― xitob qildi u. ― Biroq Ejeni Salsafettning dunyoshqarashlarida sog‘lom aql sezilib turardi. U yosh, shunchalik go‘zal va shunchalik kamtar ayol ediki, oddiy kiyinish uslubini odobsizlik, deb bilar va uni o‘zgartirib, ko‘ylakning ichida emas, balki tashqarisida bo‘lishni istardi. Aslida buning sira qiyin joyi yo‘q. Siz faqat mana bunday qilishingiz... keyin mana bunday... bunday... keyin bunday...

― Voy, Xudoyim-ey! Salsafet xonim! ― birvarakayiga o‘nlab ovozlar eshitildi. ― Nima qilmoqchisiz? Bas qiling! Buni o‘zimiz ham yaxshi bilamiz! Bas! Yetar!

Keyin shu ondayoq bir necha kishi o‘rnidan turib, Salsafett xonimni to‘xtatishga shoshildi. Yo‘qsa, u boshqalar ko‘z o‘ngida mutlaqo kiyimsiz paydo bo‘lardi. Lekin ana shu sahnaga yakun yasagandek, shifoxonaning qaeridandir markaziy qismidan quloqlarni teshib yuborguday qichqiriqlar eshitildi.

Bu qichqiriqlar asabimga og‘ir ta’sir qildi, ammo o‘zimdan ham ko‘ra, dasturxon atrofida o‘tirganlarga chin dildan rahmim kelib ketdi: umrim bino bo‘lib sog‘lom odamlarning bunaqa qo‘rquvga tushishganini ko‘rmagandim. Barchasining rangi dokaday oqarib ketdi, o‘tirgan stullariga g‘ujanak bo‘lib olib, tovush yana takrorlanib qolmasmikan, deya qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrab, tishlari takillardi. Qichqiriq yana takrorlandi ― bu safar oldingisidan ham kuchliroq va yaqinroqdan eshitilgandek tuyuldi, keyin uchinchi bor ― juda qattiq, so‘ng to‘rtinchi marta ― ammo bu safar tovush ancha past eshitildi. Shovqinning to‘xtaganiga shubha qolmagach, dasturxon atrofida o‘tirganlarning kayfiyati birdan ko‘tarildi, barcha yana jonlanib, tag‘in qiziqarli voqyealardan so‘zlashga kirishib ketdilar. Xuddi shu payti boyagi g‘ala-g‘ovur va sarosimaning sababini bilish uchun tavakkal qildim.

― Mutlaqo arzimas gap! ― dedi mse Mayar. ― Bunday hodisalarga allaqachon ko‘nikib ketganmiz va ularga e’tibor bermaymiz. Vaqti-vaqti bilan jinnilar uv solib qoladilar: xuddi kechasi itlar galasi uvlagandek, bittasi boshlasa, boshqasi qo‘shiladi. Ba’zida ana shu chinqiriqlar konsertida ozodlikka chiqishga urinish ham kuzatiladi; bunday holatlarda qaysidir ma’noda xavf, albatta, bo‘ladi.

― Qarovingizda nechta xasta bor?

― Ayni damda o‘ntadan oshmaydi.

― Aksariyat ko‘pchiligi ayollar bo‘lsa kerak?

― O, yo‘q, faqat erkaklar. Buning ustiga baquvvat erkaklar, men sizga aytsam.

― Shunaqa deng? Mening hamisha jinnilarning ko‘pchiligi ― ayollar ekaniga ishonchim komil edi.

― Odatda shunday, biroq hammavaqt ham emas. Yaqinginada bu yerda yigirma yettitaga yaqin mijoz bo‘lib, shundan o‘n sakkiztasi ayollar edi. Biroq ko‘rib turganingizdek vaziyat keskin o‘zgardi.

― Ha, ko‘rib turganingizdek, keskin o‘zgardi, ― suhbatga aralashdi shatta otib Laplas xonimning kimxob ko‘ylagini iflos qilgan janob.

― Ha, ko‘rib turganingizdek, keskin o‘zgardi, ― deya bir ovozdan takrorlashdi yig‘ilganlarning bari.

― Hoy, qani, darrov og‘izlaringni yuminglar-chi! ― qichqirdi xo‘jayin kuchli g‘azab bilan.

Shu zahotiyoq hammayoq suv quygandan jimjit bo‘lib qoldi va bu bir daqiqaga yaqin davom etdi. Xonimlardan biri mse Mayarning talabini to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunib, itoatkorona og‘zini qo‘li bilan bekitib oldi va tushlik oxirigacha shunday o‘tirdi.

― Anavi xonim, ― dedim men, mse Mayarga engashib shivrladim, ― boyagina gapira turib, xo‘rozday qichqirgan yoqimtoy xonim... haligi... mutlaqo beozor bo‘lsa kerag-a?..

― Beozor?! ― xitob qildi u rosmanasiga hayratlanib. ― Ya’ni qanaqasiga? Nimani nazarda tutyapsiz?

― Sal mazasi yo‘qday, ― dedim men, boshimga xiyol teginib qo‘yib. ― Menimcha, xonim juda unchalik... xavfli kasal emas, to‘g‘rimi?

― Voy Xudoyim-ey! Bu bilan nima demoqchisiz? Bu ledi ― Juayoz xonim, mening yaqin do‘stim va eski qadrdonim; u ham men kabi mutlaqo soppa-sog‘. To‘g‘ri, uning ba’zi mayda g‘alati odatlari bor, ammo o‘zingiz yaxshi tushunasiz... qari ayol... barcha qari ayollar bundan u yoki bu ma’noda aziyat chekishadi.

― Bu o‘z-o‘zidan tushunarli, ― dedi men, ― bu tushunarli, albatta... Qolgan xonimlar va janoblar...

― Mening do‘stlarim va yordamchilarim, ― yakun yasadi mse Mayar va kekkaygancha qaddini rostladi, ― mening eng yaqin do‘stlarim va hamkasblarim.

― Qanaqasiga? Hammasi-ya? ― so‘radim men. ― Ayollar hammi?

― Albatta-da! Ularsiz eplolmaymiz. Dunyoda hech kim ular kabi jinnilarni yaxshi parvarish qila olmaydi. Ayollarning, agar bilsangiz, o‘z usullari bor: bu yonuvchi ko‘zlar, xuddi ilonning sehrlovchi nigohi kabi, ajoyib ta’sir ko‘rsatadi.

― Ha, bunga shubha yo‘q, ― tasdiqladim men, ― bu to‘g‘ri! Ammo bularning barisida qandaydir g‘alatilik borday, ahvoli sal yaxshimasday, to‘g‘rimi? O‘zingizga ham shunday tuyulmayaptimi?

― G‘alatilik? Sal yaxshimasday? Sizga chindan ham shunday tuyulyaptimi? Shubhasiz, bilasizmi, biz janubliklar o‘zimizni cheklashni yoqtirmaymiz... ko‘nglimiz tusagan ishni qilamiz, hayotdan lazzatlanamiz... va hokazo...

― Ha, albatta, ― tasdiqladim men, ― albatta!

― Keyin balki, bilasizmi, klo-de-vujo ham juda o‘tkirlik qilayotgan bo‘lishi mumkin... gapimni tushundingiz, shunday emasmi?

― Ha, albatta, ― tasdiqladim men, ― albatta! Aytgancha, mse, siz mashhur «Erkinlik berish usuli» o‘rniga joriy etilgan yangi usul juda qattiqligi bilan ajralib turadi, deganday bo‘luvdingiz. Sizni to‘g‘ri tushunibmanmi?

― Mutlaqo bunday emas. To‘g‘ri, bizdagi tartib qattiq va shunday bo‘lishiyam kerak. Biroq bizdagi parvarishni (men tibbiy parvarishni nazarda tutyapman) xasta kishiga boshqa hech bir usul bera olmaydi.

― O‘sha yangi usulni o‘zingiz yaratganmisiz?

― Unchalik emas. Ma’lum ma’noda uning muallifi doktor Smol hisoblanishi mumkin, u haqda, shubhasiz, eshitgansiz, albatta; boshqa tomondan, usulimdagi ba’zi narsalarni taniqli professor Perrodan olganimdan baxtiyorman. U bilan, agar adashmasam, o‘zingiz ham shaxsan tanishsiz.

― Shu paytga qadar bu janoblarning nomlariniyam eshitmaganimdan uyalib ketyapman.

― Voy, Xudoyim-ey! ― xitob qildi xo‘jayin, stulini keskin ortga surdi va qo‘llarini osmonga cho‘zdi. ― Yo‘q, men sal noto‘g‘ri eshitdim chog‘i! Siz chindan ham mashhur doktor Smol va taniqli professor Perro haqida hech qachon eshitmaganman, demoqchimisiz?!

― Bilimsizligimni tan olishga majburman, ― javob berdim men, ― biroq haqiqat hammasidan ustun. Ammo qaniydi, yer yorilsa-yu, kirib ketsam. Buyukligiga shubha bo‘lmagan bu shaxslarning ishlari haqida hech nima bilmaslik ― qanday sharmandalik! Ularning ishlarini topib, albatta, qunt bilan o‘rganib chiqaman. Mse Mayar, so‘zlaringizdan keyin, ishonavering, chindan ham o‘zimdan juda uyalib ketyapman!

Aslida ham shunday edi.

― Bu gaplarni qo‘yaylik, yosh do‘stim, ― dedi mehribonlik bilan mse Mayar qo‘limni siqib. ― Keling, bir qadahdan sotern ichaylik.

Ichdik. Dasturxon atrofida o‘tirganlar ham bizdan o‘rnak olishib, ichdilar. Keyin yana bir marta, yana va yana, u yog‘i ketdi... Ular tinmay aljirar, bir-biri bilan hazillashishar, kulishar, bir jinnilik ketidan ikkinchisini qilishardi; skripkalar g‘ijirlar, baraban gumburlar, xuddi misdan yasalgan Falarida buqalari kabi trombonlar o‘kirardi. Ichilgan sharob boshlarni sarxush qila boshlagach, sahna tobora dahshatli ko‘rinish olib, qandaydir jinlar bazmiga o‘xshab ketdi. Bu orada biz ― mse Mayar va men ― sotern va vujo quyilgan qadahlarga engashib olgancha, suhbatimizni deyarli baqirib, davom ettirardik. Oddiy tovushda aytilgan gap, xuddi Niagara sharsharasi tagidagi baliq chiqargan ovoz kabi, suhbatdoshning qulog‘iga yetib bormasdi.

― Ser, ― mse Mayarning qulog‘iga qichqirdim, ― ser, tushlikdan oldin «Erkinlik berish usuli» bilan bog‘liq xavf haqida gapirgandingiz. O‘shanda nimani nazarda tutgandingiz?

― Ha, ― javob berdi u, ― vaqti-vaqti bilan bizda g‘oyat xavfli vaziyatlar paydo bo‘lib turadi. Aqldan ozganlarning barcha injiqliklarini oldindan bilib olishning iloji yo‘q. Shaxsan mening, doktor Smol va professor Perrolarning fikrimizcha, ularni hech qachon qarovsiz qoldirmaslik kerak. Siz u yoki bu vaqt mobaynida ruhiy xastaga «erkinlik berish»ingiz mumkin, ammo u oxir-oqibat, baribir jazavaga tushishga moyil. Boshqa tomondan, u ayyorlikka shu darajada ustaki, bu hatto, maqolga ham aylangan. Agar ruhiy xasta biror ishni qilmoqchi bo‘lsa, buni juda ustalik va aqlga sig‘mas topqirlik bilan yashiradi. O‘zini sog‘lom ko‘rsatishdagi ustomonligi esa inson ongini o‘rganayotgan faylasuflar oldiga eng sirli muammolardan birini ko‘ndalang qo‘yadi. Jinni sizga mutlaqo sog‘lom ko‘rina boshladimi ― bilingki, unga tiydirish ko‘ylagini kiydiraverishning ayni vaqti.

― Ammo hurmatli ser, siz aytgan o‘sha xavf... sizning tajribangiz... va shifoxona boshqaruvi tajribasidan kelib chiqib... ruhiy xastalarga erkinlik berish qaltis ish, deb hisoblash uchun aniq asoslaringiz bormi?

― Bu yerdami... mening tajribamdan kelib chiqib deysizmi?.. Nima desam ekan, shunaqa shekilli. Masalan, bu yerda yaqinginada boshqalariga sira o‘xshamaydigan bir hodisa ro‘y berdi. O‘zingizga ma’lum, o‘shanda «Erkinlik berish usuli» amalda edi va mijozlar ko‘ngillariga kelganini qilishardi. Ular o‘zini juda yaxshi, hayron qolarli darajada yaxshi tutardilar! Istalgan sog‘lom fikrli kishi, sub’yektlarning o‘zini favqulodda yaxshi tutishlaridan ham bunda qandaydir yovuz niyat yetila boshlayotganini tushunib olgan bo‘lardi. Xullas, bir kuni ertalab nazoratchilar oyoq-qo‘llari bog‘langan va maxsus kameraga qamalgan holda o‘zlariga kelishdi. Go‘yoki endi ular ruhiy xasta-yu, haqiqiy jinnilar esa ― nazoratchilarday ularni qo‘riqlay boshladilar.

― Bo‘lishi mumkin emas! Bunaqa bema’ni gapni umrimda eshitmaganman!

― Bu bor gap! Hammasi nima uchundir yangi boshqaruv usulini kashf qilgani va uning avvalgilaridan ancha afzal ekani miyasiga o‘rnashib qolgan bir jinnini, deb bo‘lgan; bu usulga ko‘ra, jinnilar boshqaruvga chiqadilar. Ehtimol, u o‘z usulini amalda sinab ko‘rmoqchi bo‘lgandir. Xullas, barcha mijozlarni o‘ziga qo‘shilishga va mavjud hokimiyatni to‘ntarishga qaratilgan fitnada ishtirok etishga ko‘ndirgan.

― Xo‘sh, u chindan ham niyatiga erishdimi?

― Hech bir shubhasiz. Ko‘p o‘tmay, nazoratchilar o‘zlari nazoratda ushlab turganlar bilan o‘rin almashdilar. Bundan tashqari, ilgari bemalol ozodlikda yurishgan jinnilar nazoratchilarni darhol maxsus kameraga tiqishgan, va afsuski, ularga surbetlarcha muomalada bo‘lishgan.

― Ammo qayta to‘ntarish ham o‘zini kuttirib qo‘ymagan bo‘lsa kerak? Negaki, bunday vaziyatning ko‘pga bormasligi aniq. Shifoxonani ko‘rgani qo‘shni qishloqlardan kelgan dehqonlar, bu yerga keluvchilar ― axir ular hammani oyoqqa turg‘azishgan bo‘lishardi!

― Ana shu yerda yanglishyapsiz. G‘alayon ko‘targanlar rahbari juda ayyor edi. Keluvchilarning ichkariga kirishini butunlay taqiqlab qo‘ydi. Faqat, ko‘rinishidan undan xavfsiramasa ham bo‘ladigan bir yosh janobdan tashqari. Unga uyni ko‘rsatish va shunchaki, uni jinday laqillatish uchun qabul qildi. Xullas, rosa laqillatgach, darvozagacha kuzatib qo‘ydi!

― Xo‘sh, o‘sha jinni o‘z boshqaruvini qancha vaqt saqlab qolgan?

― O, anchagina vaqt, biror oycha, qanchaligini aniq ayta olmayman. Jinnilar uchun esa o‘sha kunlar xuddi bayramdek edi, gapimga ishonavering! Ular o‘zlarining barcha eski-tuski jandalarini tashlab, uydan topishgan barcha yaxshi kiyimlarni kiyib, taqinchoqlarni taqib bemalol yurishardi. Shifoxona yerto‘lasida sharob rosa ko‘p edi. Sharob ichish masalasida esa jinnilar chinakam iblislarga aylanishadi. Men sizga aytsam, ular juda yallo qilib yashashgan.

― Davolash-chi? Isyonchilar yetakchisi davolashning qanday usulini qo‘llagan?

― Nima deyishim mumkin, jinniga, yuqorida aytganimdek, ahmoq bo‘lish shart emas. Ammo uning davolash usuli oldingisidan omadliroq ekaniga ishonchim komil. Chindan ham bu ajoyib usul ― sodda, aniq va bexavotir, turgan-bitgani ajoyib! Bu...

Xuddi shu damda xo‘jayinning gapini chinqiriqlarning yangi portlashi bo‘ldi va o‘tirganlarning barida sarosima uyg‘otdi. Biroq aftidan, endi chinqirayotganlar juda tez yaqinlashib kelayotgan edilar.

― E Xudo! ― xitob qildim men. ― Aqldan ozganlar ozodlikka chiqishibdi, bu kunday ravshan!

― Siz haqsiz, deb qo‘rqaman, ― gapimga qo‘shildi mse Mayar, dahshatdan oqarib ketgancha.

Shu so‘zlarni aytib ulgurmagan ham ediki, derazalar tagida qattiq baqir-chaqir va la’natlashlar eshitildi; tashqaridagi qandaydir odamlar ichkariga kirmoqchi bo‘layotgandi. Eshikni esa nima bilandir, aftidan, katta bolg‘a bo‘lsa kerak, urishmoqda edilar, deraza eshiklarini esa kimdir ochmoqchi va qo‘pormoqchi bo‘lib, qattiq silkitardi.

Dahshatli tartibsizlik boshlandi. Mse Mayar esa meni hayron qoldirgancha, lip etib bufet ortiga o‘zini urdi. Undan o‘zini yo‘qotib qo‘yishini sira kutmagandim. Musiqachilar esa chorak soatki g‘irt mast bo‘lganlari uchun o‘z ishlari bilan shug‘ullana olishmayotgandi. Hammasi birdan oyoqqa turib, asboblariga tashlandilar va stol ustiga chiqib olib, «Yanki Dudl»ga chala boshladilar. Ular ushbu musiqani garchi aniq-taniq chalmayotgan bo‘lishsa-da, ushbu shovqin-suron ichida buni g‘ayritabiiy ko‘tarinkilik bilan ijro eta boshladilar.

Xuddi shu payt dasturxon tuzalgan asosiy stol ustiga haligina uni zo‘rg‘a to‘xtatib qolishgan kishi shisha-yu, qadahlarni qulatgancha sakrab chiqdi. Keyin qulay turib oldi-da, va’z ayta boshladi, agar buni eshitishning ozginagina imkoniyati bo‘lganida edi, juda zo‘r nutq bo‘lgan bo‘lardi. Xuddi o‘sha daqiqada pildiroqlarga ishqi tushgan janob, qo‘llarini yon tomonga to‘g‘ri burchak ostida cho‘zgancha bitmas-tuganmas kuch bilan, xuddi pildiroqning o‘zi kabi, yo‘lida uchraganlarni urib-yiqitib, xonada chirpirak bo‘lib aylana boshladi. Keyin shampan shishasining og‘zi ochilib, pishillab ko‘pirgan tovushi eshitildi. Qarasam, bu tovush o‘zi tushlik chog‘i bu haqda gapirgan kishidan kelayotgan ekan. So‘ng go‘yoki har bir chiqarayotgan tovushi o‘zini qutqarib qoladiganday, qurbaqa-odam bor kuchi bilan qurillay, vaq-vaqlay boshladi. Keyin bunga eshakning to‘xtamasdan qattiq hangrashi qo‘shildi. Qari tanishim, Juayoz xonimga juda rahmim keldi, u shunchalik kuchli ruhiy larzaga tushgandiki, kamin yonidagi burchakda turib olgancha, xo‘rozga o‘xshab, beto‘xtov: «Qu-qu-quq-quu! Qu-qu-quq-quu! Qu-qu-quq-qu-u-u-u!»lardi. 

Shunday qilib, hodisalar rivoji o‘zining eng yuqori nuqtasiga yetganda ushbu dramaga yakun yasaldi. Negaki, tashqaridan bo‘layotgan bosimga baqir-chaqir, uvlash, xo‘rozga o‘xshab qichqirishdan boshqa hech qanday qarshilik ko‘rsatilmagani bois barcha o‘nta deraza ham deyarli bir vaqtning o‘zida uchib ketdi. O‘shanda ularning ko‘zlarida o‘zim kuzatgan tong qolish va dahshatga tushish ifodalarini hech qachon unuta olmasam kerak. Oldiniga men ularni shimpanze, orangutang va Yaxshi Umid burunidan keltirilgan ulkan va qop-qora babuinlar, deb o‘ylagan qandaydir maxluqlarning butun boshli lashkari derazadan ichkariga qarab sakradi. Keyin bizga aralashib, dahshatli chinqirgancha chang solib, urib-tepa boshladilar.

 O‘zim ham dahshatli zarbadan benasib qolmadim va divan tagiga kirib olib, qimirlamay yotaverdim. Xuddi shu ahvolda bir soatdan ko‘proq vaqt xonada sodir bo‘layotgan hodisalarga quloq tutgancha, ushbu fojianing yaxshilik bilan tugashini kutib yotdim. Ma’lum bo‘lishicha, boshqa aqldan ozganlarni bosh ko‘tarishga ko‘ndirgan ruhiy xasta tarixini bayon qilgan mse Mayar menga o‘zining shaxsiy «jasorati» haqida gapirib bergan ekan. Bundan ikki-uch yil ilgari bu janob, chindan ham, ana shu shifoxona bosh shifokori bo‘lgan. Ammo o‘zi ham aqldan ozib, shifoxona mijoziga aylanibdi. Meni u bilan tanishtirgan yo‘ldoshim esa buni bilmagan. Nazoratchilarni (ular o‘n kishi ekan) g‘aflatda qoldirgan jinnilar, avvalo, ularga smola surib, ustilaridan obdan patlar sochishibdi, keyin esa yerto‘ladagi maxsus kameraga qamab qo‘yishibdi. Shunday qilib, ular bir oydan ko‘proq vaqt davomida tutqunlikda bo‘libdilar. Ana shu vaqt davomida mse Mayar ularga olijanoblik ko‘rsatib, smola va patlar bilan (bu o‘zi yaratgan «usul»ning tarkibiy qismi bo‘lgan) yana yetarli darajada non hamda istaganlaricha suv bilan ta’minlab turgan. Suvni esa kameraga nasos yordamida uzatishgan. Oxir-oqibat, ulardan bittasi suv oqib ketadigan quvur orqali chiqib olishga muvaffaq bo‘lib, qolganlarni ozod qilgan ekan.

«Erkinlik berish usuli» ayrim tuzatishlar bilan yana ruhiy xastalar shifoxonasida o‘z o‘rnini egalladi. Mse Mayarning gaplariga qo‘shilmasdan ilojim yo‘q, negaki uning «davolash usuli» o‘ziga xos tarzda favqulodda omadli edi. O‘zi to‘g‘ri aytganidek, bu usul ― sodda, aniq va bexavotir! Hatto, zig‘irchayam xavotirga solmaydi!

Qo‘shimcha qilib, aytishim kerakki, doktor Smol va professor Perrolarning asarlarini qidirishga bo‘lgan barcha urinishlarim zoe ketdi. Ularni topaman, deb butun Yevropa kutubxonalarini titkilab chiqdim va hali ham ularning ishlaridan birortasini topganim yo‘q.

Rus tilidan

Nurpo‘lat NURQULOV tarjimasi

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech