17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +22,1 °C

Fikr
22 Yanvar  2019 6692

Doktor, navbatsiz kirsam maylimi yoki bolani qanday emlatganim haqida

Ertalab go‘dakni emlatgani poliklinikaga shoshamiz. Hali soat sakkiz bo‘lmasdan, navbat ancha kattalashib ketibdi. Ammo emlatmasa ham bo‘lmaydi-da! Shunday ekan sabr bilan navbatimiz kelishini kutishdan o‘zga choramiz yo‘q. Buning bitta «lekin»i ham bor: terapevt qabuliga bola ko‘targan onalardan tashqari, aksirganda yoki yo‘talganda hammavaqt ham og‘zini bekitavermaydigan bemor mijozlar ham yozilgan. Ochig‘i, ko‘ngilsiz muhit. Bezor bo‘lgan bolakaylar chinqirishga tushadi, onalar ularni ko‘ndirolmay asabiylashadi, yoshi ulug‘ kishilar chuqur-chuqur xo‘rsinadi... Bir-bir bahs-tortishuvlar ham bo‘p qoladi, navbatsiz kirmoqchi bo‘lganlar hamisha topiladi. Xo‘sh, bunday vaziyatning oqibatlari qanday?

Bolakay emlashdan uch kun oldin hamda keyin kasal kishilardan uzoqroq saqlash kerakligi haqida uzoq va to‘xtovsiz gapirish mumkin. Ular fakt va dalillar bilan mustahkamlanmasa, unchalik ishonchli bo‘lmaydi ham. Hozir ham shuning harakatidamiz. Emlash kuni bunaqa odam ko‘p navbatlar nimaga olib kelishini hayotiy misolda tushuntirmoqchiman. Bolam uch oylik bo‘lganda rejali emlashga keldik. Yo‘talayotgan va aksirayotgan mijozlardan uzoqroq turganim baribir yordam bermadi. Xullas, go‘dakni emlatgach, uyga ravona bo‘ldim. Birinchi kuniyoq go‘dakning issig‘i 38 darajaga chiqib ketdi. Ammo bu kutilgandi, ortiqcha vahima qilmay, issig‘ini tushirish choralarini qildik.

Ertasi kuni vaziyat takrorlanib, go‘dak kechagidan ham kuchliroq isitmaladi. Shifokor aytgan: «Emlagandan so‘ng uch kun davomida issig‘i chiqishi mumkin» deb, yana issig‘ini tushirdik. Uchinchi kuni bolakayning issig‘i 39 darajadan ham oshib ketdi. Majbur bo‘lib «Tez yordam» chaqirdik va uni emlatganimizni aytdik. Mutaxassis ham shunaqa bo‘lib turishini va isitmani tushirishda davom etishni aytdi. Biroq to‘rtinchi kuni go‘dak har safargidan ham kuchliroq «yona boshladi». Terapevtga yugurdik, u harorat o‘lchagichning 40 yetib qolganini ko‘rib, bolaning badaniga spirt surtdi, antibiotiklar yozib berdi.

Muqobil variant sifatida xususiy klinikaga yo‘l oldik. Davlat poliklinikalaridan farqli o‘laroq, ularda kerakli mutaxassis, ya’ni terapevt emas, pediatr shifokorlar bor. Haqiqat biz o‘ylaganimizdan ham ko‘ra yaqinroq bo‘lib chiqdi. Emlash kuni bolakay kasal bemorlardan virus yuqtirgan ekan. Xayriyatki, oqibati xayrli bo‘ldi. Tirishish, qaltiroq tutishi sodir bo‘lmadi. Ammo ko‘pgina hollarda go‘dakning issig‘i 39 dan oshsa, ularda tirishish, qaltiroq, ko‘zlarining ola-bula bo‘lishi kuzatiladi. Onalarga bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishni esa hech kim o‘rgatmaydi.

Qolgan emlashlarni esa vaksinatsiya markazlarida olishga qaror qildik. Bu yerda bolakaylar immun tizimini qanday kuchaytirishlari haqida so‘zlasak. Avvalo, juda katta navbat yo‘q. Pediatr go‘dakni sinchiklab tekshiradi. Keyin bolaning issig‘ini o‘lchaydi, davlat poliklinikalarida bunday qilishmaydi. Negaki, ular ixtiyorida simobli harorat o‘lchagichlar bor. Agar har bir mijozning harorati tekshirib ko‘rilsa, bunga ancha vaqt ketadi. Pediatr bolakay tomog‘ini bir marta foydalaniladigan shpatel bilan ko‘radi, ammo yana o‘sha davlat poliklinikasida ham shunday deb bo‘lmaydi. Vaksinani kiritishdan, emlashdan oldin tibbiy hamshira, albatta, u bilan ota-onani tanishtiradi.

Poliklinikaga bir marta murojaat qilganimiz kamlik qildi chamasi, natijani mustahkamlash uchun yana bir marta borishga qaror qildik. KPKga rejadan tashqari emlashayotgan ekan. Uni oilaviy poliklinikada olishga qaror qildik. Yana o‘sha navbatlar, yana go‘daklar yoshi katta kasal mijozlar orasida... Ammo bu safar omadimiz keldi. Yonoqdagi qizargan shubhali dog‘ uchun emlashni keyinroqqa surishdi. Lekin navbatda turib qolganimiz o‘z so‘zini aytdi baribir. Yana isitmalash, harorat o‘lchagich ko‘rsatkichi 39 darajaga yetay deb qolgan. Agar o‘sha kuni bola emlanganida nimalar bo‘lishini hatto, tasavvur qilish qiyin. Albatta, bunda Vaksinatsiya markazlari juda yaxshi muqobil. U yerda katta navbatlarni ko‘rmaysiz, biroq buni hammaning ham cho‘ntagi ko‘taravermasa nima qilish kerak? Bunda qanday holat yuzaga keladi? Ayrim onalar bolasini emlatishdan butunlay bosh tortadi, shifokorlar esa bong ura boshlaydi. Bunga kim aybdor yoki nima qilish kerak?

Ba’zi onalar bu savollarga quyidagicha javob berdi:

Elvira S. (bir yoshli Artyomning onasi):

- Istalgan ona emlashning juda zarur ekanini yaxshi tushunadi, deb o‘ylayman. Axir, aynan ommaviy emlashlar sabab, bundan 50 yillar muqaddam juda kam sonlilargina omon qolgan kasalliklarga ota-onalar duch kelishmaydi. Bunga hammasi inobatga olinib, yondashilishini istardik, ya’ni emlanadigan go‘dak yonida kasal mijoz paydo bo‘lishi oldi olingan holda.

Marina K. (uch yoshli Karinaning onasi):

Oilamizda emlash kerakmi-yo‘qmi, degan savol umuman bo‘lmagan. Biz so‘zsiz, emlash tarafdorimiz. Bunda murakkab holatlar juda ko‘p. Katta va cho‘zilib ketgan navbatda turishga hammaning ham toqati yetavermaydi. Menga emlash kuni ota-onalardan ham shifokorlarga og‘ir bo‘ladigandek tuyuladi. Axir, ularning bir vaqtda emlanadigan go‘dak va yoshi katta kasallarni ham ko‘rikdan o‘tkazishlari kerak bo‘ladi.  Odamlar ko‘p, kasalliklari ham turlicha, masalan, ORVIdan shikoyat qilib kelgan yoshi katta mijozdan emlashdan oldin sinchiklab tekshirilishi kerak bo‘lgan go‘dakka e’tibor qaratish og‘irligini yaxshi tushunaman. Ehtimol, amaliyotga pediatrlarni qaytarish kerakdir.

To‘g‘ri, emlash kuni go‘dakni maksimal darajada himoyalashni ta’minlash masalasiga birdaniga javob berish qiyin. Negaki, virusni nafaqat poliklinikada navbat kutib, balki ko‘chada ham yuqtirib olish mumkin. Pediatrlarni poliklinikalarga qaytarish esa o‘ylab ko‘rsa bo‘ladigan masala. Chunki eshik ortida katta navbat hosil bo‘lganda, tibbiy ko‘rikning sifatli bo‘lishiga umid qilishgina mumkin, xolos.

Oksana Malosabirova.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech