20 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,6 °C

Mamlakatimizda
5 Aprel  2019 1664

Diqqat, tanlov! Jurnalistika sohasida “Oltin qalam” XIV milliy mukofoti

O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi va Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi qator tashkilotlar bilan hamkorlikda milliy va xalqaro jurnalistikaning eng yuksak yutuqlarini keng ommalashtirish, ommaviy axborot vositalari xodimlari fuqarolik pozitsiyalarini namoyon etishlari uchun keng sharoit yaratish hamda jurnalistlarda tanqidiy tahliliy mushohada va ijodiy faoliyatga yangicha yondashuvlarni shakllantirish va rag’batlantirish maqsadida “Oltin qalam” XIV milliy mukofoti uchun xalqaro tanlovni o’tkazadi.

3-may – Jahon matbuoti erkinligi kuniga bag’ishlangan bu tanlovga 2018 yilning 31 martidan 2019 yilning 31 martigacha – bir yil davomida gazeta va jurnallarda chop etilgan, radio orqali efirga uzatilgan hamda televidenieda ko’rsatilgan va Internet nashrlarida berilgan materiallar 2019 yilning 15 apreligacha qabul qilinadi.

Tanlov g’oliblari uchun quyidagi mukofotlar ta'sis etilgan:

Jurnalistika sohasida bosh milliy mukofot. G’olib maxsus diplom, “Oltin qalam” ko’krak nishoni, statuetkasi va O’zbekiston Respublikasida belgilangan eng kam ish haqining 200 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Аsosiy mukofotlar:
Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (televidenie – 1-, 2-, 3-o’rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (radio – 1-, 2-, 3-o’rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (bosma ommaviy axborot vositalari – 1-, 2-, 3-o’rinlar);

Eng yaxshi jurnalistik material uchun milliy mukofot (Internet-jurnalistika – 1-, 2-, 3-o’rinlar).

Birinchi o’rinni olgan g’oliblar diplom, “Oltin qalam” ko’krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 160 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Ikkinchi o’rinni olgan g’oliblar diplom, “Oltin qalam” ko’krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 140 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Uchinchi o’rinni olgan g’oliblar diplom, “Oltin qalam” ko’krak nishoni, statuetkasi va eng kam ish haqining 120 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

Rag’batlantiruvchi mukofotlar uchun nominatsiyalar:

Inson huquqlari mavzuisidagi eng yaxshi material:

Chet ellik jurnalistning O’zbekiston haqidagi eng yaxshi materiali uchun;

Eng yaxshi fotoreportaj;

Eng yaxshi matbuot xizmati.

Mazkur nominatsiyalar g’oliblari diplom, “Oltin qalam” statuetkasi va eng kam ish haqining 50 barobari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadilar.

“Oltin qalam” tanlovi g’oliblarini mukofotlash, shuningdek, uni o’tkazish bilan bog’liq sarf-xarajatlar O’zbekiston ijodkorlarini qo’llab-quvvatlash “Ilhom” jamoat fondining moliyaviy ko’magida amalga oshiriladi.

Shuningdek, milliy hamkorlar hamda qator xalqaro tashkilotlarning O’zbekistondagi vakolatxonalari va elchixonalar ham o’z rag’batlantiruvchi mukofotlarini ta'sis etgan (ilova qilinadi).

Tanlov shartlari:

Tanlovga tele-, radio-, bosma materiallar hamda Internet nashrlarida e'lon qilingan ishlar taqdim etiladi (5 tadan kam bo’lmasligi kerak).

Televidenie bo’yicha videomateriallar (CD, DVD diskda) 3 daqiqadan 30 daqiqagacha bo’lishi kerak.

Radioeshittirishlar (CD, DVD diskda) 5 daqiqadan 30 daqiqagacha bo’lishi kerak.

Matbuot va Internet materiallari asl nusxada yoki ko’chirma nusxada taqdim etilishi lozim.

Tanlovga yuborilgan materiallarga quyidagilar ilova qilinishi lozim:

- muallif haqida ma'lumotnoma (ob'ektivka);

- muallifning turar joyi, uy va ish telefonlari;

- pasport nusxasi.

Tanlov g’oliblarini tantanali mukofotlash marosimi 2019 yil 3 may – Jahon matbuoti erkinligi kuni tantanali ravishda o’tkaziladi.

Mukofot bir shaxsga takroran berilmaydi.

Materiallar “Oltin qalam” tanloviga” deb ko’rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:

100011, Toshkent shahri, Navoiy ko’chasi, 30-uy.
O’zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, 3-qavat.
Telefonlar: 244-64-61; 244-37-87
www.Journalist.uz

I l o v a

Oltin qalam» XIV- Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasida milliy hamkorlar ta'sis etgan nominatsiyalar:

O’zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi:

«Mehnat munosabatlari yoritilgan eng yaxshi material uchun»

«Ijtimoiy sheriklik mavzusi yoritilgan eng yaxshi material uchun»

O’zbekiston Mustaqil bosma OАV va axborot agentliklarini qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish Jamoat fondi:

«Hududiy yangiliklarni o’ziga xos uslubda bosma va internet nashrlarida yoritgan jurnalist»;

«Internet tarmog’ida yurtimizning ijobiy imidjini oshirishga qaratilgan maqolalar tayyorlagan jurnalist»;

«Hukumatimiz tomonidan korruptsiyaga qarshi kurashishda olib borilayotgan islohotlarni tahliliy yoritgan jurnalist»;

«Davlatimiz tomonidan kam ta'minlangan oilalar uchun amalga oshirilayotgan loyihalar to’g’risida tayyorlangan tahliliy maqola».

«Oltin qalam» XIV- Milliy mukofoti uchun xalqaro tanlov doirasidagi xalqaro tashkilotlar nominatsiyalari

1 .YuNESKOning O’zbekistondagi vakolatxonasi:
1.«Jurnalistning axborot olish imkoniyatlari masalalari»;
2. «Jurnalistlarning professional faoliyati himoyasi uchun».

2. Yevropa Ittifoqining O’zbekistondagi delegatsiyasi:
1. «O’zbekistonning tashqi savdo siyosati rivoji to’g’risida»gi eng yaxshi material uchun.
2. «Evropa Ittifoqi va O’zbekiston o’rtasidagi hamkorlik yoritilgan eng yaxshi foto yoki videohisobot (blog, video-fimlьm yoki boshqa vizual mahsulot)» uchun.

3. Yevropada Xavfsizlik va xamkorlik tashkilotining O’zbekistondagi koordinatori ofisi:
«Terrorizmga qarshi kurashda OАVning roli»

4. Аmerika Qo’shma Shtatlari elchixonasi
«Iqtisodiyotni rivojlantirishda Аmerika-O’zbekiston munosabatlari yoritilgan eng yaxshi material uchun».

5. Rossiya Federatsiyasi elchixonasi:
Rossiya va O’zbekiston o’rtasidagi munosabatlar rivojiga bag’ishlangan eng yaxshi material uchun.

6. Turkiya Respublikasi elchixonasi:
1. «O’zbekiston va Turkiya o’rtasida investitsiya loyihalarini rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan eng yaxshi material uchun»;
2. «O’zbekiston va Turkiya o’rtasida turizmni rivojlantirish masalalariga bag’ishlangan eng yaxshi material uchun»;
3. «Turkiya va turk madaniyati haqidagi eng yaxshi material uchun»;
4. «Turkiya tashqi siyosati haqidagi eng yaxshi material uchun».

7. Xitoy Xalq Respublikasi elchixonasi:
1. «O’zbek-xitoy ikki tomonlama hamkorligi to’g’risidagi eng yaxshi material uchun»;
2. «Bir makon - bir yo’l» loyihasi doirasidagi hamkorlik» mavzuiga bag’ishlangan eng yaxshi material uchun;
3.Xitoy to’g’risidagi eng yaxshi material uchun.

8. Project HOPE (АQSh)
1. Bosma/internet OАVda sil kasalligiga qarshi kurash haqidagi eng yaxshi material uchun;
2. Sil kasalligiga qarshi kurash mavzuiga bag’ishlangan eng yaxshi tele/radio material uchun;
3. Sil kasaliga mubtalo bo’lgan odamlarni kamsitishga qarshi kurash (yoki sil kasaliga mubtalo bo’lganlarga nisbatan bag’rikenglikni shakllantirish) mavzuidagi material uchun.

9. “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat tashkiloti (Sloveniya)
«OАVda korruptsiyaga qarshi kurash masalalari eng yaxshi yoritilgan material uchun”.

10. DVV International (Germaniya)
«Аholining zaif qalamlarini ijtimoiy va psixologik qo’llab-quvvatlashda fuqarolik jamiyati va OАVning roli» to’g’risidagi material uchun.

11. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Аtom energetikasini rivojlantirish agentligi va «Rosatom» davlat korporatsiyasi:
«O’zbekistonning atom energetikasi mavzui yoritilgan eng yaxshi material uchun».

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech