09 Dekabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +11,2 °C

Energetika
1 Avgust  2019 1675

Suv energiyasining mo‘jizasi

Katta Farg‘ona kanalining ikkinchi jahon urushidan oldin qurilganini bilasizmi? Uchqo‘rg‘on yaqinidagi Norin daryosidan suv oluvchi kanal viloyat qishloq xo‘jaligida muhim rol o‘ynaydi va endi unga gidroenergetika sohasidagi muhim rol «topshirilmoqda».

Yaqin vaqt ichida Katta Farg‘ona kanalida GESning pog‘onali sharsharasi (kaskadi) ishga tushiriladi. Bor-yo‘g‘i ikki yil ichida «Topalang HPD Building» MChJ quruvchilari kichik GESlar kaskadini qurish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirdi.

Farg‘ona kanaliga to‘siq qurib, Norin suvini kichik yangi kanalga yo‘naltirishdi. Shu bilan birga, ikkita gidroelektrostansiya jadal sur’atlarda qad rostladi. Joriy yilning boshida ishga tushirish yumushlari boshlandi va deyarli yakuniga yetib qolgan. Tez orada gidroelektrostansiyalar elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi.

– Kichik GESlarning kaskadini qurish 2017-yilda boshlangan va hozirda nihoyasiga yetmoqda. Odatda bu besh-olti yilgacha cho‘ziladigan jarayon. Bunda yer osti suvlarining yo‘qligi, kotlovanning quruqligi, tuproqning yaxshiligi, geologik ko‘rsatkichlarning juda qulayligi qo‘l keldi. Bularning barchasi ishni tez tugatishga yordam berdi, – deydi loyiha bosh muhandisi Elyor Ergashev.

– GES agregatlari bu yerga demontaj qilingan holda olib kelindi, chunki montaj va sozlash texnologiyalari juda murakkab va jarayon mutaxassislardan ma’lum bilim va ko‘nikmalarni talab qiladi, – deydi loyiha menejeri Sun Szyan Fen. – Barcha ishga tushirish ishlarini o‘z vaqtida tugatishga harakat qildik. Birgalikdagi faoliyat davomida bu borada katta tajribaga ega ekaningizga ishonch hosil qildik. Texnologiyamizga kelsak, ular ko‘p marta o‘zlarini yaxshi tomondan ko‘rsatgan va 40 yildan ortiq ish kafolatiga ega.

Ayni paytda Katta Farg‘ona kanalidagi kichik GESlar kaskadi loyihasi «Gidroloyiha» AJ mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Uning smeta qiymati - 31 mln dollar. «Dongfang Electric» (XXR) kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan ikkita turbinadan har birining quvvati olti megavattga teng. Ta'kidlash joizki, ushbu kompaniya mahsulotlari dunyoning o‘nlab mamlakatlarida qo‘llaniladi. Turbinalar resursi 40 yilga mo‘ljallangan.

Mutaxassislarning fikricha, iste'molchilar har yili 72,8 million kVt/soat elektr energiyasi oladi va bu tadbirkorlik rivojiga turtki beradi, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Barcha qurilish xarajatlari keyingi sakkiz-to‘qqiz yil ichida o‘zini oqlaydi.

Har ikki turbinalar maxsus qurilgan stansiyalarga montaj qilingan. Soniyasiga 84 kubometr suv to‘siqdan oqib o‘tadi va ularni harakatga keltiradi. Birinchi turbina 1700 metr belgiga joylashtirilgan, bu yerda 8,4 metr balandlikdagi sun’iy sharshara o‘rnatiladi. 500 metrdan keyin yana bitta shunday inshoot mavjud. So‘ng ishlatilgan suv yana asosiy oqimga qaytadi va u bilan qishloq xo‘jaligi yerlari sug‘oriladi.

 Ikki yil avval Prezidentimiz viloyatga tashrifi chog‘ida ushbu sohadagi istiqbollarni o‘rganib, gidroinshoot loyihasi bilan tanishdi.

Suv energiyasida tabiatning o‘zi in’om etuvchi katta imkoniyatlar mavjud. Mamlakatning har bir mintaqasida ilg‘or jahon tajribasi asosida kichik gidroelektrostansiyalar tarmog‘ini barpo etish jarayoni juda muhim bo‘lib, ular aholi va iqtisodiyotning ehtiyojlarini qisman qondira oladi. 15 ta mavjud gidroelektrostansiyani modernizatsiya qilish va tabiiy suv oqimlari hamda suv xo‘jaligi ob'ektlarida to‘qqizta yangisini qurish ko‘zda tutilgan. Ular orasida Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumani hududida Katta Farg‘ona kanalida joylashgan kichik GESlar kaskadi (pog‘onali sharshara) ham bor.

Quruvchilar shijoat bilan mehnat qilmoqda: deyarli 300 kishi ishlaydi, ko‘plab texnikalar, yuk mashinalari, o‘zi ag‘daruvchi avtomobillar jalb etilgan. Betonchilar – Abdurasul Meliboyev va Sayfiddin Sulaymonovlar, payvandchi – Mirzohid Xoldorov, ekskavatorchi Sarvar Madiyorovlar jonbozlik ko‘rsatmoqda. Ta’kidlash joizki, ob’ektda mehnat qilayotganlar qator hududlardagi yirik gidroinshootlar qurilishida ishtirok etgan o‘z ishining ustalaridir.

– Mamlakat gidroenergetikasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo‘shayotganimizdan xursandmiz, – deydi buldozerchi Rashid Qo‘yliyev. – Tez orada stansiyamizda ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uy-joylarga, ishlab chiqarish va ijtimoiy ob’ektlarga yetib boradi.

«Qizil rovot» podstansiyasi bilan ob’ektni bog‘laydigan 16 km uzunlikdagi elektr uzatish liniyasi ham qurib bitkazildi. Bu vazifani «Elektr qurilish loyiha» MChJ jamoasi uddaladi.

Qo‘shimcha qilib shuni aytish mumkinki, respublikamizda daryo va kanallar ko‘p, agar ulardan oqilona foydalanilsa, bu aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashga yordam beradi. Mamlakatda gidroenergetikani rivojlantirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda, allaqachon beshta yangi stansiya ishga tushirildi. 2021-yilga kelib 42 ta yangi GES qurilishi rejalashtirilgan.

Feruza Otaxonova.

«Pravda Vostoka».

Namangan viloyati.

Rashid Galiyev surati.

 

 «Pravda Vostoka» gazetasining 2019-yil 1-avgustdagi 153-sonida «Чудо водной энергетики» sarlavhasi bilan nashr etilgan.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech