17 Iyul 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +26,4 °C

Ijtimoiy hayot
25 Mart  2019 1070

Birinchi o‘zbek mexanizator ayoli Tursunoy Oxunovaning xotira maydoni obodonlashtirildi

Bu yilgi Navro‘z ayomi Toshkent viloyati Chinoz tumanining “Yaxshi niyat” mahallasi aholisi uchun qo‘shaloq bayram bo‘ldi. Chunki ko‘klam avvalida shu qishloqda tug‘ilib, kamolga yetgan birinchi o‘zbek mexanizator ayoli, ikki karra Mehnat Qahramoni Tursunoy Oxunova sharafiga ko‘p yillar avval barpo qilingan-u so‘ng bir qadar qarovsiz qolib ketgan xotira maydoni davlatimiz rahbari topshirig‘i asosida obodonlashtirilib, go‘zal-fayziyob ma'naviyat maskaniga aylantirildi.

 

Tursunoy Oxunova byusti restavratsiya qilinib, xotira maydoni qayta qurildi, ancha vaqt qarovsiz qolib ketgan Tursunoy Oxunova muzeyi tiklanib, madaniyat markaziga aylantirildi. Shu munosabat bilan Chinoz tumanining “Yaxshi niyat” mahallasidagi mazkur maskanda o‘tgan tadbirda uch avlod vakillari bir nuqtada jam bo‘ldi.

Tadbirda Tursunoy Oxunova hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ibratli xotiralar yodga olindi. Byust poyi bahoriy gullarga burkandi. Bu hududda shu paytga qadar saylgoh yoki xiyobon bo‘lmagan. Ana shunday xayrli tashabbus natijasida katta hayotga qadam qo‘yayotgan yosh oilalarning unutilmas onlari yanada fayzli o‘tadigan bo‘ldi.

Oddiy dehqon farzandi Tursunoy Oxunovaga xos mehnatkashlik, fidoyilik, kamtarlik kabi fazilatlar bugungi avlodlar uchun ham ibrat maktabidir.

Mazkur majmuaning yana bir ahamiyatli jihati – bu yerda hududdagi ta'lim muassasalari o‘quvchilari uchun ochiq darslar o‘tkazish uchun ham imkoniyat va sharoit yaratilgani bilan bog‘liq. Bu ta'lim va tarbiyani uyg‘un olib borishga xizmat qiladi.

O‘zlikni anglash tarixni bilishdan boshlanadi. Tursunoy Oxunova muzeyining tiklanishi yoshlar qalbida bobomeros qadriyat – “mehnat insonni ulug‘laydi”, degan o‘lmas g‘oyani, bunyodkorlik ruhini mustahkam qaror toptirishga xizmat qiladi.

Muzey binosida tez kunda musiqa va shaxmat to‘garaklari ish boshlasa, ko‘p o‘tmay atrofdagi yerlar ham obodonlashtirilib, katta xiyobon, sun'iy futbol maydoni, mo‘jaz kutubxonalar barpo qilinadi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech