12 Noyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +0,5 °C

Yashil sayyora
31 Oktyabr  2019 514

Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi tasdiqlandi

“2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” Prezident Farmoni qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra Davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etildi.

Moratoriy 2019-yil 1-noyabrdan 2020-yil 31-dekabrgacha amal qiladi.

Moratoriy amal qilish davrida davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi.

Moratoriy quyidagilarga joriy etilmaydi:

- tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

- yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

- plantatsiyalarda o‘stirilayotgan va yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga.

Shuningdek, quyidagilar man etildi:

- 2020-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish;

- 2022-yil 1-yanvardan boshlab “Yevro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini, 2023-yil 1-yanvardan boshlab esa “Yevro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg‘isini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish;

- 2022-yil 1-yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “yevro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish.

Farmon bilan 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekistonning Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi va Konsepsiyani 2019-2021-yillarda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Konsepsiyada atrof-muhit ob'ektlarini salbiy ta'sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta'minlash kabi bir qator chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Farmonga muvofiq, 2019-yil 1-noyabrdan boshlab:

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari har yili hududda atrof-muhitni muhofaza qilishning holati to‘g‘risida tegishli ravishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi;

- ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat bo‘yicha tuman (shahar) inspeksiyalarining boshliqlari har yili tumanda (shaharda) atrof-muhitni muhofaza qilishning holati to‘g‘risida tegishli ravishda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.

Shu bilan birga, Farmonga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasining yovvoyi hayvonlarni ovlashga va o‘simlik dunyosi ob'ektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar berish bo‘yicha vakolatlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga berildi.

2020-yil 1-oktabrga qadar xalqaro tajribani hisobga olgan holda “Chiqindilar to‘g‘risida” yangi tahrirdagi Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech