18 Iyun 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +25,8 °C

Xalqaro munosabatlar
15 May  2019 486

AQSh delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida bo‘ldi

Missisipi shtati gubernatori Fil Brayant boshchiligidagi AQSh delegatsiyasi yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida AQSh delegatsiyasi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida ham bo‘ldi, deb xabar bermoqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati.

Missisipi shtati administratsiyasi, etakchi tashkilotlar hamda savdo, innovatsiyalar, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ta’lim sohalaridagi kompaniyalar vakillaridan iborat AQSh delegatsiyasi akademiyaning infratuzilmasi, o‘quv-moddiy bazasi bilan tanishdi. Ta’lim dargohining professor-o‘qituvchilar tarkibi bilan birgalikda muloqotlar o‘tkazdi. Xususan, Akademiyada faoliyat yuritayotgan Jorj Marshall nomidagi xavfsizlik masalalarini o‘rganish bo‘yicha Evropa markazi xodimi professor Gregori Glison bilan harbiy kadrlar masalasida fikr almashildi.

Ta’kidlash joizki, Gregori Glison 2018-yilning noyabr oyidan buyon Akademiyada xalqaro xavfsizlik bo‘yicha o‘quv kurslarini o‘tib kelmoqda.

Shuningdek, martabali mehmonlar Akademiya tarixi muzeyida bo‘ldi. O‘quv xonalarini ko‘zdan kechirdi, axborot-resurs markazi, kursantlarning yashash sharoitlari bilan tanishdi.
Delegatsiya tarkibida kelgan AQSh Missisipi shtati Milliy gvardiyasi qo‘mondoni – shtat gubernatori o‘rinbosari general Jenson Boylz bundan keyin ham ikki tomonlama hamkorlik aloqalari rivojiga umid bildirib, yurtimizga yana bir bor tashrif qilganidan mamnunligini izhor qildi. Mamlakatlarimiz qurolli kuchlari o‘rtasida tajriba almashish jarayonlariga yanada e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, Jenson Boylz o‘tgan yilning sentyabrida ham yurtimizda bo‘lib, sohaga oid bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha uchrashuvlar o‘tkazgan edi.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech