17 Oktyabr 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +10,3 °C

Sport
11 Iyul  2019 758

Futbolda o‘zgarishlar yuz berdi, ammo natijalar yo‘q. Hozirchami?

«Chivinlar - alohida, kotletlar - alohida». Bu qanotli ibora O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining 15-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasining kun tartibini juda aniq-ravshan aks ettirsa kerak.

Sabrsizlik bilan kutilayotgan hodisani, ehtimol, 2017-yil kuzining boshlanishi bilan taqqoslash mumkindir. O‘shanda sport jamoatchiligi milliy futbolda millionlar o‘yini federatsiyasi rahbariyatining almashishi bilan bog‘liq o‘zgarishlarni oldindan sezib xursand bo‘lgandi. Barcha vaqti-soati yetgan islohotlarni kutardi.

Va o‘zgarishlar sodir bo‘ldi ham. Juda shov-shuvli. Chempionatni o‘tkazish formati o‘zgardi. Mukofotga da’vogarlar soni kamaydi. Klublar sonining qisqarishi sport tamoyillarining buzilishi bilan bog‘liq holda sodir bo‘ldi. G‘oliblar va sovrindorlarni aniqlash, shuningdek, kimning elita divizionini tark etishi ham, yumshoqroq aytganda, kutilmagan bo‘ldi. Federatsiya keyinchalik assotsiatsiyaga, oliy liga - superligaga aylantirildi, boshqa ko‘plab tashqi samarali, ammo vaqt ko‘rsatganidek, samarasiz choralar ko‘rildi.

Biroq qayta qurish ulkan aks-sadoni keltirib chiqardi. Ko‘plab bahs-munozaralar va debatlar, shov-shuvli iste'foga chiqarishlar, janjallar kuzatildi. Agar assotsiatsiya rahbarlari va mutaxassislarining yangi jamoasi buni istagan bo‘lsa, xohlaganiga erishdi, deyish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilgi chempionatning birinchi turida oltita o‘yinda 80 mingdan ortiq (!) tomoshabin stadionga tashrif buyurgan bo‘lsa, mavsum oxiriga kelib, bu 30 mingdan ham kamroqqa tushib ketdi. Masalan, 2018-yil 29-noyabrda superliga yakunida faqat 28 ming nafar muxlis ishtirok etdi, shundan 15 mingdan ziyodi - faqat «Navbahor» - «Lokomotiv» uchrashuviga tashrif buyurgan. Qolgan o‘yinlar bir nechtagina muxlislar bilan o‘tdi. Bu jamoatchilikning yangi o‘zgarishlardan hafsalasi pir bo‘lganini bildiradi. Tomoshabinlar quruq va bo‘sh va'dalarga laqqa tushishmadi.

Bu vaqtga kelib, milliy terma jamoa yutqazish mumkin bo‘lgan o‘yinlarning barchasida mag‘lubiyatga uchradi. Yanvar oyida Osiyo Kubogi musobaqasining pley-off bosqichida kurashdan chiqib ketdi. Indoneziyadagi kuzgi Osiyo o‘yinlarida ham o‘zini ko‘rsata olmadi. FIFA reytingida asosiy jamoamiz 95-o‘ringa va OFK darajalar tabelida o‘n to‘rtinchi o‘ringa tushib ketdi. Qit’a miqyosida eng yaxshilar ro‘yxatida bir vaqtlar o‘zbekistonliklar beshinchi o‘rinni egallaganini aytib o‘tmoqchimiz.

O‘tgan va bu yil ham yetakchi klublarimiz nufuzli Osiyo chempionlar ligasi musobaqalarida sharmandalarcha o‘yin ko‘rsatdi. Guruh bosqichi to‘sig‘ini yengib o‘ta olmadilar. Futbolni o‘zgartirish uchun shoshilinch va mantiqsiz urinishlar shunchaki muvaffaqiyatsizlikka olib kelishining yana bir muhim fakti. Asosiysi, u bir necha yil orqaga ketdi, chunki na yoshlar, na o‘smirlar terma jamoalari hech qanday natijaga erisha olmadilar. Lekin ular bir necha bor jahon chempionatlarining final qismlarigacha chiqishgan.

Futzalning ham pozitsiyasi sezilarli darajada tushib ketdi. So‘nggi ikki yil ichida hech qanday yutug‘imiz yo‘q. Ammo mini-futbol tarixida bizda yorqin sahifalar bor: terma jamoa Osiyo chempionatlarida uch marotaba sovrinli medallarni qo‘lga kiritib, mundialga yo‘l olgandi. Toshkentda ikki marta qit’a chempionati o‘tkazilgani uning nufuzi yuqoriligidan dalolat beradi. Endi, hatto, respublika chempionati o‘yinlari ham naridan-beri, poyintar-soyintar o‘tkazilmoqda.

Ayollar jamoalari orasida o‘yinlarni tashkil etish ham juda past darajada va klublar erkaklar professional klublariga sun’iy ravishda biriktirilgan. Shu bois ular ko‘pincha qoldiq tamoyili asosida moliyalashtiriladi. Xususan, shu sabab «Neftchi» ayollar jamoasi bir necha bor mehmondagi o‘yinlarida ishtirok eta olmadi. Boshqa ko‘plab ayollar jamoalari ham xuddi shunday – o‘gay qiz maqomida.

Ba'zi tashabbuskorlarning sa'y-harakati sabab davom etayotgan plyaj futboli ham, aftidan, uzoq yashamoqchi ko‘rinadi. Na baza, na musobaqa taqvimi bor, ba’zi-ba’zida, sharoit taqozosi bilan terma jamoa shakllantiriladi, xolos…

Bir so‘z bilan aytganda, ov yursayam – dov yurmayapti. Albatta, buzish - qurish emas. Endi assotsiatsiya rahbarlarining qayta saylangan tarkibiga futbolimizni xarobalarda qayta jonlashtirishiga to‘g‘ri keladi. Nima boshlashadi? Yig‘ilib, qalashib ketgan muammolarga qanday yechim topiladi? Shu va boshqa savollar mamlakatimizda millionlar o‘yinini rivojlantirishga befarq bo‘lmagan muxlislarni xavotirga solmoqda. Bu borada assotsiatsiya raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Ravshan Irmatovning sport jurnalistlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqoti chog‘ida tilga olgan muammolarning yechimini ko‘rishi e'tiborga molik.

U inqilobiy hech narsa taklif qilgani yo‘q, albatta, shunchaki, o‘z «yo‘l xaritasi»ning o‘nta qadamini taqdim etdi. Velosipedni kashf etgani, kadrlarni tayyorlashda qilichini silkitgani yo‘q. Bundan tashqari, xodimlarni tekshirish va sinovdan o‘tkazish uchun chet el kompaniyasini jalb qilish, shu bilan birga, mahalladagi qarindoshlaru do‘stlarni emas, balki assotsiatsiyaga haqiqiy professionallarni xolisona to‘plash niyatida.

Uning ustunlik berish jihatlari ham e’tiborga molik. U boshidayoq o‘z jamoasi bilan kelishilgan o‘yinlarga, maydonda futbolchilarning sportchiga xos bo‘lmagan xatti-harakatlariga, simulyasiyalar, totalizatorlarga pul tikish kabi nosog‘lom qiziqishlar bilan barcha mumkin bo‘lgan yo‘llar bilan kurashish niyatida ekanini aytdi. Adolatli o‘yin tamoyili – feyr-pley ustunlik qilishi lozim.

Dasturning ikkinchi punkti tarixni unutmaslik, uning avlodlarga yetkazilishiga erishish uchun oqsoqollarni faolroq jalb qilishdir. «Biz futbolga kecha kelganimiz yo‘q, ajoyib an’analarimiz bor va yoshlar ular haqida bilishi kerak», deydi R.Irmatov. Afsuski, Futbol faxriylari kengashi faoliyatiga so‘nggi paytlarda shunchaki qo‘l silkishgan.

Ustunliklar bo‘yicha uchinchi o‘rin - muxlislar. Buyam kutilmagan holat. Odatda tomoshabinlar doim orqa planda bo‘lardi. Ularga faqatgina «barabanchilar va trubachilar», ya’ni qo‘llab-quvvatlash guruhi vazifasi yuklatilardi. Garchi futbolchilaru murabbiylar doim muxlislar uchun o‘ynashini aytsalar-da, aslida ularning maoshi va mukofot pullari tribunalarda o‘tiradigan muxlislar soniga bog‘liq emasdi. Ehtimol, endi bunday holat o‘zgarar? Muxlislik qilish madaniyati ham dolzarb. Tomoshabinlar orasida haqoratli so‘zlar va bezorilik harakatlari ham yetarlicha uchraydi.

Boshqa muammolar bo‘yicha yechimlar tezislar shaklida jarangladi. Muhokamalar ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgani bois «yo‘l xaritasi»dan tashqaridagi qo‘shimcha takliflar ham bildirildi. Xususan, uyushmaning viloyat bo‘linmalari maqomini oshirmasdan turib ushbu sport turining va bolalar futbolini to‘laqonli ommalashtirishning iloji yo‘q. Gorizontal boshqaruv – go‘yoki haydalmagan qo‘riq. Shu bilan birga milliy Olimpiya qo‘mitasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi va boshqa davlat tuzilmalari bilan vertikal hamkorlik ham hali dunyoga kelmagan bola kabi. Faqat qog‘ozdagina bor.

Milliy terma jamoani yanada astoydil tayyorlash kerak. Sentyabr oyida uning ishtirokida jahon chempionati uchun saralash o‘yinlari boshlanadi. Kelgusi yil boshida - Olimpiya jamoasini Tokio (Yaponiya)ga yo‘llanma uchun uchrashuvlar kutmoqda. O‘n olti va o‘n to‘qqiz yoshli bolalar uchun saralash uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Agar klassik formuladan kelib chiqilsa, terma jamoalarning muvaffaqiyati ichki chempionatning qanday tashkil etilgani va unda klublarning barqaror ishtirokiga bog‘liq. Ammo bu ikki muhim narsaning ikkala oyog‘i ham oqsaydi.

Chempionatning biror turi u yoki bu o‘yinlarning boshqa kunga qoldirilishisiz kechmaydigan ko‘rinadi. Taqvimdagi o‘zgarishlar haqida esa hyech qanday e’lon yo‘q. O‘yinlarning ritmi buziladi: amalda shunday bo‘ladiki, jamoalar bir hafta ichida uch marta bir-biri bilan to‘qnash keladi, keyin uch hafta ichida bittadan o‘yin o‘tkazadi. Bunday vaziyatda murabbiylar o‘quv-tayyorgarlik jarayonini qanday tashkil etishi va futbolchilarning esa sport formasini qanday saqlab turishlari kerak? Bunda professional futbol ligasining o‘rni qanday? U birinchi turdan so‘ng superliganing birdaniga yettita (!) klubi bosh murabbiysi o‘zgarishiga befarqlik bilan qaraydi. O‘zlarini vaqtinchalik, deb his qiladigan murabbiylarning bunday beqarorligiga ta’sir o‘tkazish mexanizmi bormi? Buning, shubhasiz, jamoalarning ijobiy natijalarga erishishiga, futbolchilarning mahorati oshishiga yordam bermasligi aniq.

Va yana, nima uchun yosh va iqtidorli bolalar xorijiy klublarga sotilmoqda? Professional sifatida o‘sishi mumkin bo‘lgan elita klublarga bo‘lsa ham mayli edi. Boz ustiga ular aksariyat hollarda birinchi yoki ikkinchi liga va divizionlarida ishtirok etadigan jamoalarga, futbol uncha kuchli rivojlanmagan davlatlar klublariga boradilar. Bundan chempionatimiz yutqazadi, ammo allaqanday futbol «distribyutorlari» yutadi.

Ko‘pgina klublar haqiqiy xarajatlarga mos kelmaydigan byudjetga ega. Ular yelkasiga chempionatda ishtirok etish uchun nafaqat katta badal to‘lash, balki ayollar, mini-futbol jamoalari, shuningdek, bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasini saqlash ham yuklangan. Homiylaru xayriyachilarning hammasi ham bunday moliyaviy yuklamaga dosh bera olmaydi. Va unutmang, ba'zi futbol atrofidagi odamlar loyqa suvlarda baliq tutadi. Pulning katta qismi futbolchilaru murabbiylarga yetib bormaydi. To‘g‘ri, buni hali isbotlash ham kerak. Assotsiatsiyaning esa huquqni muhofaza qilish organlari va tegishli idoralar bilan birgalikda potensial jinoiy sxemalarni aniqlashi lozim.

Shuningdek, profilaktika choralari ham mavjud. Chivinlarni – alohida, kotletlarni – alohida qilishga O‘FAning kuchi yetadi. Ayollar jamoalari va mini-futbol klublari mustaqil sub’ektlarga aylanishi kerak. Yo‘qotishlar bo‘lishi tabiiy, lekin qog‘ozdagi hisobotlarda qayd etilish uchun chempionatda ishtirok etadigan «shunchaki ijrochilar» kamroq bo‘ladi.

Ustalarning zaxiralarni tayyorlash bo‘yicha muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan akademiyalarni («Bunyodkor», «Nasaf», «Paxtakor», «Mash'al») qo‘llab-quvvatlab, barcha hududlarda ochilgan Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan sport-internatlari, futbol bo‘limlari faoliyat ko‘rsatayotgan Bolalar va o‘smirlar sport maktablari bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yishi lozim. U yerda iqtidorli yoshlarni rivojlantirish uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Faqatgina uskunalar, jihozlar, kerakli anjomlar, musobaqalar tashkil qilish bilan yordam berish kerak, xolos. Shunda yosh avlodni tarbiyalashda bir ishni ikki marta qilishga to‘g‘ri kelmaydi. Professional klublar shu bilan birga nafaqat joylarda o‘zaro manfaatli bitimlar tuzadi, balki seleksiya tarmog‘ini ham kengaytiradilar.

Boshqa takliflar ham bo‘ldi, albatta. Ular shubhasiz, O‘FAning navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasida tilga olinadi. Biroq ekspertlarning fikricha, ushbu davr mobaynida assotsiatsiyani qayta tuzish eng dolzarb va muhim masala bo‘lib qoladi.

Temur Nizayev.

«Pravda Vostoka» sharhlovchisi.

 

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech