22 Avgust 2019

00:00:00 (GMT+5)

Toshkent +23,8 °C

Salomatlik
18 Fevral  2019 1345

400 ming nafarga yaqin 9 yoshli qizlar onkologik kasalliklarga qarshi emlanadi

Yurtimizda ayollarda uchraydigan bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga qaratilgan Odam papillomasi virusiga qarshi vaksina joriy qilinmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligida o‘tkazilgan davra suhbati shu mavzuga bag‘ishlandi. Unda vazirlikning mas’ul xodimlari, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, YUNISEF va YUNFPAning O‘zbekistondagi vakolatxonalari vakillari ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo miqyosida 370 mingdan ortiq ayolda bachadon bo‘yni saratoni birinchi bor qayd etiladi, shulardan 190 mingtasi ushbu kasallik oqibatida vafot etadi. O‘zbekistonda esa bachadon bo‘yni saratoni eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklari orasida ikkinchi o‘rinda. Shunday qilib, papilloma virusi kasalliklarining salmog‘i yuqori bo‘lib, uni oldini olish uchun samaradorligi yuqori va xavfsiz bo‘lgan odam papillomasi virusi vaksinasi bilan emlash orqali bachadon bo‘yni saratoni bilan kasallanishning kamayishiga erishish mumkin.

– Dunyoda OPVga qarshi vaksina bilan qizlar 2006-yildan boshlab emlanadi, – dedi JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mas'ul xodimi Kamola Safaeva. – Yuzdan ortiq mamlakatlar undan foydalanish uchun ruxsat olgan, ulardan 74 tasi vaksinani o‘zlarining milliy emlash kalendariga kiritgan. Ko‘p yillik o‘rganishlar  vaksinaning samarasi 10 yildan ortiq ekanini ko‘rsatmoqda. Shu o‘rinda, ko‘pchilikni vaksina qizlarning reproduktiv faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydimi,  degan savol qiziqtirishi tabiiy. Dunyoda o‘tkazilgan tajribalardan ma’lum bo‘lishicha, ushbu  vaksina qizlarni nafaqat bachadon bo‘yni saratonidan himoyalaydi, balki ularning  sog‘lig‘ini ham  yanada mustahkamlaydi.

Tadbirda OPVga qarshi vaksinaning joriy qilinishi bachadon bo‘yni saratoni kasalligining oldini olishga xizmat qilishi aytildi. Joylarda Global vaksina va immunizatsiya alyansi yordamida qurilayotgan muzlatgichli omborlarda vaksinalar sifatli saqlanadi va tarqatiladi. Vaksinalar joriy yilning birinchi yarmida yurtimizga olib kelina boshlaydi va oktyabr oyidan boshlab 400 ming nafarga  yaqin 9 yoshli qizlar maktablarda va tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inlarida emlanadi, deyiladi xabarda.

O‘xshash yangiliklar

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech